Xitoy kompaniyalari Navoiyda istiqbolli loyihalarni amalga oshiradi
Navoiy viloyati hokimi boshchiligidagi ishbilarmonlar va tadbirkorlardan iborat delegatsiya Xitoyda bir qator sohalarda oʻzaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, kimyo sanoati, paxtachilik, tekstil, qurilish, turizm, transport infratuzilmasini rivojlantirish yoʻnalishlarida qoʻshma loyihalar imzoladilar.
Safarning dastlabki kunida delegatsiya aʼzolari Shenjon-Teyjun ishbilarmonlar uyushmasi raisi Ln Ching bilan uchrashib, Navoiy viloyatida sanoat zonasini tashkil etish, qurilish, turizm, transport infratuzilmasini rivojlantirish yoʻnalishlarida muzokaralar olib borishdi. Muzokaralar natijasi oʻlaroq “YUTONG” kompaniyasi bilan avtobus xaridi yuzasidan shartnoma imzolandi.

Urumchi shahridagi “MIDONG” sanoat parkida esa delegatsiya aʼzolari metall konstruksiya ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “DUOWEI” kompaniyasi faoliyati bilan tanishdilar. Shuningdek, ular yuqori va past kuchlanishli kabel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Euphratica cable” kompaniyasi va elektr asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchi “GUOYUAN ELECTRIC” hamda “Chjuntay group” kompaniyalarida ham boʻlib, istiqbolli loyihalar boʻyicha oʻzaro kelishuvga erishdilar.
— Delegatsiya safari doirasidagi muzokara va uchrashuvlar samarali boʻlmoqda, — deydi viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Sh. Ruapboyeva. — Xususan, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi va energiya tejamkor isitish tizimlari tayyorlashga ixtisoslashgan kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvda Navoiy shahrida zamonaviy turar-joy majmuasi va ijtimoiy soha obyektlarini qurish, shuningdek, yana boshqa kompaniyalar bilan logistika markazi tashkil etish boʻyicha muzokaralar olib borilib, dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Xitoylik sarmoyadorlarning u yoki bu mamlakatga qiziqishida iqtisodiyot barqarorligi va uning rivojlanish istiqbollari muhim omil hisoblanadi. Aynan Navoiy viloyati misolida toʻxtaladigan boʻlsak, butun hududning erkin iqtisodiy zona deb eʼlon qilingani, buning samarasida bu yerda innovatsion, eksportbop va import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha yangi quvvatlar tashkil etish koʻzda tutilganligi investorlar qiziqishini orttirganligi sezilib turibdi.

Muzokaralarda Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov investorlar uchun qulay shart-sharoit yaratish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash hamda hududda xomashyoni qayta ishlashga, qurilish, logistika yoʻnalishlarida imkoniyat va ehtiyoj yuqori ekanligini taʼkidladi. Uchrashuvlarda hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari va belgilangan tarmoqlarda aniq loyihalarni ishlab chiqish boʻyicha dastlabki qadamlar belgilandi.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, ayni kunlarda Navoiy viloyatida xitoylik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda bir qator qoʻshma hamda xususiy korxonalar faoliyat yuritib, Nurota tumanida granit plitalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “SI FANG KUANG YE“ MCHJ shulardan biri. Taʼlim sohasida esa Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti Xitoy konchilik va texnologiyalar universiteti bilan hamkorlik kelishuvi imzolanib, qoʻshma taʼlim loyihalarini yoʻlga qoʻyish, hamkorlikda professor-oʻqituvchilar tajribasini oshirish, stajirovkalarni tashkil etish kabi kelishuvlarga erishildi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring