Xalq qabulxonasi — fuqaro va davlat oʻrtasidagi ishonchli muloqot platforma
Mamlakatimizda olib borilayotgan tub islohotlar va oʻzgarishlar zamirida yurt tinchligi, fuqarolar manfaati va farovonligini taʼminlash maqsadlari yotadi. Binobarin, “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan Konstitutsiyaviy norma asosida mamlakatimizda xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladigan samarali va barqaror tizim shakllanayotgani ana shu maqsadlar roʻyobini taʼminlamoqda. Buni hududlardagi Xalq qabulxonalari faoliyatida ham koʻrish mumkin.
Ochigʻi, fuqaro manfaatlari toʻgʻri va munosib tarzda taʼminlanishida bu tizim asosiy koʻprik vazifasini bajarmoqda. Fuqarolarning davlat va uning organlari tomonidan eʼtiborga olinmayotgan muammolarini hal etishda muhim oʻrin tutmoqda. Shu bilan birga ularning ish uslublari takomillashyapti. Endilikda Xalq qabulxonasi faoliyatida faqat idorada oʻtirib fuqarolarni qabul qilish emas, balki joylarga chiqib sayyor qabullarni tashkil etish, sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganish orqali ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni aniqlash va hal qilish faoliyatini doimiy ravishda muvofiqlashtirib borish, davlat dasturlarini ishlab chiqish va ijrosini nazorat qilishda ishtirok etish amaliyoti keng oʻrin olayotir. Bu jarayonda nogironligi boʻlgan shaxslar, kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga koʻmaklashishga, ularning muammolarini hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Ana shu hamkorlik samarasi oʻlaroq, joriy may oyiga qadar Buxoro viloyati Qorakoʻl tuman Prezident virtual hamda Xalq qabulxonasiga Qorakoʻl tumani aholisi tomonidan kelib tushgan murojaatlar 2633 tani tashkil qilib, ularning 2354 tasi (89 %) koʻrib chiqilgan boʻlib, shulardan moddiy yordam va pensiya masalalarida 345 ta, yer munosabatlari masalalari boʻyicha 110 ta, bandlik masalalarida 106 ta, yoʻl infratuzilmasi boʻyicha 97 ta, daftarlar asosida ijtimoiy himoya va yordam boʻyicha 54 ta, elektr energiyasi taʼminoti bilan bogʻliq muammolar boʻyicha 179 ta, gaz taʼminotidagi muammolar boʻyicha 61 ta, uy-joy bilan taʼminlash masalalarida 82 ta, aliment undirish masalasida 81 ta, davolash va tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha 48 ta murojaat kelib tushdi. Bu murojaatlarning 919 tasi ijobiy hal etildi. Masalan, fuqaro Oʻ. Imomov oilaviy yashash sharoiti ogʻirligi, uy-joyida yongʻin sodir boʻlganligi, uyi avariya holga kelib qolganligini bildirib, murojaat qildi. Aniqlanishicha, u tegishli tashkilotlardan shu masalada bir necha bor koʻmak soʻragan. Ammo najot boʻlmagan. Fuqaroning murojaati bu gal Xalq qabulxonasi ishtirokida ijobiy hal etildi.
Yoki boshqa bir misol: fuqaro U. Bozorov 2 guruh nogironligi, viloyat kasalxonalarida davolanish uchun order olish maqsadida Qorakoʻl tuman tibbiyot birlashmasidan koʻp marotaba murojaat qilgan. Ammo birlashmadagi masʼullar masalaga panja orasidan qaragan. Shundan soʻng fuqaro Xalq qabulxonasiga murojaat qilishga majbur boʻldi. Natijada tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilib, unga viloyat klinikalarida davolanishi uchun order berildi.
Joriy yil davomida joylarda tumanda “Sektor sayyor qabullari”, “Xalq bilan ochiq muloqot” “Muammo va yechim” kabi mavzularda 88 ta uchrashuv va sayyor qabullar oʻtkazildi. Bu tadbirlar orqali ham aholini qiynab kelayotgan muammolarga oʻz vaqtida yechim topilmoqda. Shu oʻrinda bir – ikki dalil keltirmoqchimiz: fuqaro A. Qodirov esa yashash hududidagi simyogʻochlarni taʼmirlash, yangisini oʻrnatish yuzasidan murojaat qilgandi. Oʻrganishlar natijasida hududdagi transformator taʼmirlandi, yaroqsiz ahvoldagi simyogʻochlar yangisiga almashtirildi.
Boshqa bir fuqaro S. Bozorovning murojaati bilan mahalla ichki yoʻllari taʼmirlanib, shagʻal toʻkildi.
Bundan tashqari, 2-sektor rahbari bilan Sayyot MFYda oʻtkazilgan qabulda M. Teshayeva 1988-yilda oʻtkazilgan 10000 kVattli elektr uzatish liniyasi Quyi Sayyod koʻchasida yashovchi 14 ta aholi xonadoniga yomgʻir va shamolli kunlarda hamda yozning issiq kunlarida xavf tugʻdirishi hamda buning natijasida 2019-yilda bir nafar fuqaro vafot etganligi sababli ushbu elektr uzatish liniyasi oʻtuvchi 14 ta beton simyogʻoch ustunlarini boshqa joyga koʻchirilishi taʼminlash masalasidagi murojaati tegishli tashkilotlarni jalb qilgan holda ijobiy hal qilindi.

3-sektor rahbarining Yangibozor MFYda oʻtkazilgan sayyor qabulda birinchi guruh nogironi Sh. Hamroyevaning nogironlik aravachasi olib berilishini soʻrab qilgan murojaatiga asosan tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan unga nogironlar aravachasi ajratilishi taʼminlandi.
Xalq qabulxonalarining zimmasida katta masʼuliyat turibdi. Bu masʼuliyatni chuqur his etgan holda ishlash odamlarning oʻz hayotlaridan rozi boʻlib yashashlari yoʻlidagi ulugʻvor ishga qoʻshilgan hissadir.
A. OQQIYEV, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qorakoʻl tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring