Kengashning ilk yigʻilishida nimalar muhokama etildi?
Poytaxtimizda Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha kengash kengashning birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilgan yigʻilishda «Oʻzsanoatqurilishbank» ATB, «Oʻzsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi, Davlat geologiya qoʻmitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi masʼullari ishtirok etdi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida joriy yil 30-aprel kuni hududlarda qurilish materiallari va mahalliy sanoatni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar hamda davlatimiz rahbarining shu yil 9-iyundagi “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, hududlarda mavjud sanoat salohiyatidan, ayniqsa, qurilish industriyasini rivojlantirishda noruda minerallarning xom ashyo bazasini oʻzlashtirish imkoniyatlaridan toʻliq foydalanilmayapti. Xususan, keramzit, silikat qumi, shisha xom ashyosi, qurilish va qoplama toshlarga ega oʻrganilgan konlarning yarmidan koʻpi oʻzlashtirilmay qolmoqda. Natijada sanitariya-texnik vositalar boʻyicha mahalliy ishlab chiqarish ichki bozorning faqatgina 40 foizini, gazbeton bloklar – 51 foizini, lok-boʻyoq mahsulotlari – 65 foizini, qurilish oynalari – 70 foizini, devor gulqogʻozlari – 30 foizini tashkil etmoqda.
Bugungi kunda «Oʻzsanoatqurilishbank» tomonidan «Oʻzsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi, mahalliy hokimliklar bilan birgalikda sohani jadal rivojlantirish borasida ishlar boshlab yuborilgan. Xususan, bankda sohani rivojlantirish maqsadida maxsus departament va uning barcha hududiy mintaqaviy filiallarida sohaga oid biznes loyihalarni ishlab chiqish, tadbirkorlarga amaliy yordam koʻrsatish hamda mahalliy hokimliklar bilan uzviy bogʻliqlikni tashkil qilish uchun markazlar tashkil etildi.
Markazlarga iqtisodchi, noruda foydali qazilma konlari geologi, qurilish materiallari sanoati muhandis-texnologi, qurilish materiallari ishlab chiqarishni loyihalashtirish menejerlari kabi mutaxassislar ishga jalb qilindi.
Bundan tashqari, xalqaro “BCG” kompaniyasi ekspertlarini jalb etgan holda «Oʻzsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi bilan birgalikda sohada faoliyat olib borayotgan yirik korxonalarning mavjud muammolari va ularni yechish boʻyicha dastlabki ishlar boshlandi. Jumladan, xalqaro ekspertlar koʻmagida 2022-2026-yillarda mahalliy sanoat tarmoqlarini jadal rivojlantirish va hududlarning eksport salohiyatini oshirish dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash boʻyicha tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Tadbirkorlar bilan muloqot qilish, ularning takliflarini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda bank boshqaruvi aʼzolari va «Oʻzsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi masʼullaridan iborat ishchi guruh tashkil etilib, bugungi kunga qadar shakllantirilgan umumiy qiymati 5,25 mlrd. dollarlik 1 019 ta loyihani hamda yangi istiqbolli loyihalarni aniqlash boʻyicha hududlarda oʻrganishlar oʻtkazilmoqda.
Shuningdek, 24 ta ixtisoslashtirilgan tuman va shaharlar hududlarida qurilish materiallari klasterlarini tashkil etish, jumladan import oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yana-da kengaytirish maqsadida maxsus industrial zonalarni tashkil etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
«Oʻzsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan tuman va shaharlarda qiymati 1,7 mlrd. dollarlik 212 ta loyiha shakllantirildi. Loyihalar amalga oshirilish natijasida 11 763 ta ishchi oʻrinlari yaratiladi. Sohadagi 500 mln. dollarlik loyihalarni moliyalashtirishni tashkil etish maqsadida moliya muassasasi tomonidan 300 mln. dollar miqdoridagi mablagʻlarni jalb qilish borasida ishlar olib borilmoqda.
Yigʻilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan masʼullarning axboroti tinglandi. Kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.
Maʼlumot uchun. «Oʻzsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi huzuridagi Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha kengash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 9-iyundagi “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq tashkil etilgan boʻlib, unga «Oʻzsanoatqurilishbank» Boshqaruvi raisi rahbarlik qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
- MIB direktoriga yangi oʻrinbosar tayinlandi
- Toshkent – Samarqand pullik yoʻli qurilishi 2 milliard dollardan ziyodga baholanmoqda
- Toshkentda tunnel devori oʻpirilib tushdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring