Kelin-kuyovga nikoh guvohnomasini shahar hokimi topshiradi
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Yangi oila qurayotgan yoshlarning oila va nikoh munosabatlaridagi masʼuliyatini yanada oshirish maqsadida Qoʻqon shahrida oʻziga xos ezgu tashabbus ilgari surildi.
Gap shundaki, endilikda oila qurayotgan yigit-qizlarga nikoh guvohnomasini keng jamoatchilik ishtirokida tashkil etiladigan tantanali tadbirda shahar hokimi topshiradi. Shu maqsadda oʻtkazilgan ilk uchrashuvda Qoʻqon shahar hokimi Marufjon Usmonov boʻlajak kelin-kuyovlar bilan oilaning ijtimoiy-huquqiy asoslari, er-xotinning majburiyatlari hamda bu boradagi milliy qadriyatlarimiz xususida samimiy suhbatlashdi.

Tantanali marosimda ishtirok etib, oilaviy hayotga qadam qoʻyayotgan bu yoshlarning barchasi “Oila” markazi tashkil qilgan qisqa muddatli “Yosh kelin-kuyovlar” oʻquv kursida oʻqidi. Tadbirda Qoʻqon shahar oila va xotin-qizlar boʻlimi tomonidan mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar ham alohida eʼtirof etilib, misol uchun, 2024-yili ajrimlar soni bir yil oldingiga qaraganda sezilarli darajada kamaygani taʼkidlandi. Shu bilan birga, oʻtgan yilning oʻzida 35 ta shaʼriy nikoh asosida yashab kelayotgan oilalarning nikohi qonuniy rasmiylashtirildi hamda 35 ta ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar yarashtirildi.
Yuzma-yuz muloqot davomida Qoʻqon shahar hokimi oila qurayotgan yoshlarni samimiy muborakbod etib, ularga nikoh guvohnomalarini topshirdi. Oʻz navbatida, shahardagi Amiriy kutubxonasi jamoasi tomonidan kelin-kuyovlarga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Baxtiyor oila” kitobi tuhfa etildi.

— Bu hayotimizdagi unutilmas quvonchli kun boʻlib qoladi, — deydi yangi oila qurayotgan Oybek Habibullayev va Gulchehra Oripova. — Boisi ota-onalarimiz, nuroniylar va shahar faollari ishtirokida bunday yorliqni olish katta xursandchilik, shu bilan birga, ulkan masʼuliyat ham yuklaydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring