Kelgusi besh yilda dehqon va fermerlar daromadi 2 baravarga oshadi

17:58 02 Fevral 2022 Iqtisodiyot
774 0

Azaldan dehqonchilik yer yuzidagi eng sharafli va mashaqqatli kasblardan biri hisoblanib kelgan. Shu boisdan ham yurtimizda qishloq xoʻjalik sohasi xodimlari doimiy ravishda eʼzozlanib ularning mehnati ulugʻlanadi. Ayniqsa, keyingi yillarda qishloq xoʻjaligi sohasida uzoqni koʻzlagan holda amalga oshirilayotgan tub islohotlar sabab tizimda salmoqli natijalarga erishilmoqda.

Xususan, mamlakatda sohani jadal rivojlantirish uchun qulay agrobiznes muhiti yaratilib, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, sohani sanoatlashtirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Sohada oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tadbirlar oʻtgan yilgi pandemiyaning barcha sohalarda boʻlgani kabi butun dunyo qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasiga koʻrsatgan salbiy taʼsirini bartaraf etish imkonini berdi.

Prezidentimizning “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmonida mamlakatimizni kelgusi besh yilda rivojlantirishga qaratilgan 100 ta maqsadning bir nechtasi aynan agrar sohani isloh qilishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Jumladan, 30-maqsadda qishloq xoʻjaligini ilmiy asosda intensiv rivojlantirish orqali dehqon va fermerlar daromadini kelgusi besh yilda kamida 2 baravarga oshirish, qishloq xoʻjaligining yillik oʻsishini esa kamida 5 foizga yetkazish maqsad qilingan. Buning uchun tumanlarni aniq mahsulot turini yetishtirishga ixtisoslashtirish, qishloq xoʻjaligida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash koʻlamini kengaytirish va sugʻurtalashning yangi mexanizmlarini amaliyotga joriy etish nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, yangi va foydalanishdan chiqqan 464 ming gektar maydonni oʻzlashtirish va klasterlarga ochiq tanlov asosida ajratish. 200 ming gektar paxta va gʻalla maydonlarini qisqartirish hamda aholiga ochiq tanlov asosida uzoq muddatli ijaraga berish va bugun barcha soha rivoji uchun muhim boʻlgan ilm-fan va innovatsiyaga asoslangan agroxizmatlar koʻrsatish tizimini takomillashtirish vazifasi belgilangan.

Xususan, birgina 2022-yilning oʻzida Fargʻona, Samarqand, Jizzax, Andijon, Navoiy hamda Xorazm viloyatlarida agroxizmat markazlari tashkil etilib, qishloq xoʻjaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilarni xizmatlar bilan qamrab olish darajasi 30 foizga yetkaziladi.

Bugungi kunda qishloq xoʻjaligi sohasi rivoji yoʻlida hal etilishi lozim boʻlgan eng muhim muammolardan biri bu suv resurslaridan oqilona foydalanish masalasidir. Shu bois, taraqqiyot strategiyasining 31-maqsadida suv resurslarini boshqarish tizimini tubdan isloh qilish va suvni iqtisod qilish boʻyicha alohida davlat dasturini amalga oshirish boʻyicha alohida vazifa belgilangan.

Ushbu vazifaning sohaga tatbiq etilishi natijasida, suv resurslaridan samarali foydalanish hisobiga kamida 7 milliard kub metr suvni iqtisod qilish, suv xoʻjaligi obyektlarida elektr energiyasi isteʼmolini kamaytirish hamda suv xoʻjaligi obyektlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida boshqarishning zamonaviy mexanizmlari ishga tushiriladi.

Hech kimga sir emaski, aholini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash jarayonida chorvachilik sohasining ham alohida oʻrni bor. Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida chorvachilik ozuqa bazasini kengaytirish va ishlab chiqarish hajmini 1,5-2 baravar koʻpaytirish boʻyicha ham alohida maqsad belgilangan.

Xususan, 2022-yilning oʻzida chorva mollari bosh sonini koʻpaytirish va mahsuldorligini oshirish boʻyicha 1 868 ta loyiha amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax, Sirdaryo, Navoiy, Toshkent va Xorazm viloyatlarida 100 ming bosh goʻsht yoʻnalishidagi tez yetiluvchan qoramollarning yangi zotlarini koʻpaytirish, parrandachilik yoʻnalishidagi 306 ta loyihani amalga oshirish, shundan, 7 ta korxonani modernizatsiya qilish va kengaytirish hamda 3 ta klaster yoʻnalishidagi loyihalarni amalga oshirish vazifa qilib qoʻyilgan.

Umuman olganda, ushbu maqsadlarning sohaga va hayotimizga tizimli ravishda izchillik bilan tatbiq etilishi natijasida, avvalo aholimiz dasturxonini oʻz vaqtida sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash va eng muhimi minglab yangi ish oʻrinlari yaratish orqali fuqarolar turmush farovonligini oshirishga erishiladi.

Dilrabo XOLBOYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?