Kelgusi besh yilda 1 milliard tup daraxt koʻchati ekiladi

23:09 04 Fevral 2022 Jamiyat
1363 0

Bugungi kunda ekologik muammolar global muammoga aylanib, ularning keskinlashuvi yerdagi hayotga xavf tugʻdirmoqda. Orolning qurishi, buning oqibatida yuzaga kelgan muammolar, aholining salomatligiga taʼsir koʻrsatdi.

Shu bois, mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligini himoyalash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik xavfsizlikni taʼminlash, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarning oldini olish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz raisligida 2-fevral kuni chiqindilar bilan ishlash tizimi va ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu masalaga alohida eʼtibor qaratilib, mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qoʻyildi.

Yigʻilishda bunday muammolarni faqat maʼmuriy yoʻl bilan hal etib boʻlmasligi, bunga yosh avlod qalbida ona tabiatga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali erishish mumkinligi aytildi. Demak, har birimiz mahallada, koʻchalarda chiqindi tashlagan kishini koʻrganda ularga befarq boʻlmasligimiz kerak.

Tahlillarga koʻra, deyarli barcha davlatlarda qattiq maishiy chiqindilar miqdori aholi jon boshiga har yili 1 foizga ortib bormoqda. Mamlakatimizda iqtisodiy-ijtimoiy oʻsish hisobiga bu koʻrsatkich 7 million tonnaga yetib, yiliga 2 foizdan oʻsmoqda. Lekin ularni yigʻish, saralash, qayta ishlash va utilizatsiya qilish ahvoli qoniqarli emas.

Xususan, Qoraqalpogʻistonda 10 foiz, Fargʻona va Qashqadaryoda 20 foiz chiqindi qayta ishlanadi, xolos. 781 ta mahallada chiqindilarni olib chiqish masalasi hal etilmagan. Aholining bu sohadagi xizmatlar boʻyicha debitor qarzdorligi ham koʻp. Tibbiyot va taʼlim muassasalari, bozorlar uchun 19 ming dona chiqindi konteynerlariga ehtiyoj bor. Shuning uchun mazkur muammoga jiddiy yondashish taqozo etilmoqda.

Hammamizga ayonki, 2021-yil noyabrda “Yashil makon” umummilliy loyihasi eʼlon qilinib, 200 million tup daraxt koʻchati ekish rejalashtirilgan edi. Shunga muvofiq, kuzda 85 million dona koʻchat oʻtqazildi. Koʻplab tashkilotlar, mahallalar, umuman, keng jamoatchilik bu savobli ishda jonbozlik koʻrsatdi. Bu yil bahor mavsumida 125 million dona daraxt koʻchatlarini ekish moʻljallanmoqda.

Chunki “Yashil makon” umummilliy loyihasi bir yillik tadbir emas. Uning doirasida kelgusi besh yilda 1 milliard tup daraxt koʻchatini ekish maqsad qilingan. Bu borada joriy yil 1-martdan “Yashil yillik” umummilliy tadbiri boshlanishi va har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan koʻchatlarni tanlab, ularni yetishtirish uchun koʻchatxonalar koʻpaytirilishi ayni muddao boʻldi.

Albatta, daraxt koʻchatlarini ekish ishlari jadallik bilan davom etayotgani bejiz emas. Boisi, daraxtlar havodagi zararli karbonat angidridni yutib, oʻrniga kislorod ishlab chiqaradi va bizning nafas olishimizga yordam beradi. Eng muhimi, yashil hududlar insoniyatga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. 

Xalqimiz azaldan tabiatni muqaddas deb bilgan. Lekin bu ezgu odatlar bugun negadir yoʻqolib ketayotgandek goʻyo. Shu nuqtayi nazardan, oldimizda turgan vazifalarni muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirish uchun bor bilim va mahoratimizni ishga solishimiz, Vatanimiz taraqqiyoti yoʻlida yonib yashashimiz kerak. Zero, tozalik bor joyda fayzu baraka boʻladi.

Ravshanbek BEGMATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?