Kelajak diplomatiyasining poydevori
Mamlakatimizda oliy taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar Oʻzbekistonning ilmiy va innovatsion rivojlanish modelini shakllantirdi. Buning samarasi oʻlaroq oliy taʼlim qamrovi bir necha barobar oshdi, yangi davlat va nodavlat oliygohlar tashkil etildi, xorijiy universitetlar filiallari faoliyati kengaydi. 2020-yilda yangi tahrirdagi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunning qabul qilinishi tizimni zamonaviy xalqaro standartlarga moslashtirishga mustahkam huquqiy zamin yaratdi. Oliy taʼlimni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi esa ilmiy salohiyatni kuchaytirish, innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash va xalqaro reytinglarda milliy OTMlar oʻrnini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Dunyo tarixi va siyosati markazlaridan biri hisoblangan Rimda 2026-yilning fevral oyida oʻtkazilgan Oʻzbekistonning yetakchi oliygohlari rektorlarining II forumi aynan shu strategik maqsadlarning amaliy ifodasidir. “Italiya va Oʻzbekiston oʻrtasida innovatsiyalar hamda akademik hamkorlik: bugungi holat va kelajak istiqbollari” mavzusidagi anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, Italiya universitetlar va tadqiqotlar vaziri Anna Mariya Bernini hamda Roma Tre universiteti va boshqa nufuzli oliy taʼlim muassasalari rahbarlari ishtirok etishdi. Bu muloqot ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy integratsiyani chuqurlashtirish va innovatsion sheriklikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bugungi kunda Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan Turin politexnika universiteti hamda Piza universiteti filiallari Oʻzbekiston–Italiya taʼlim hamkorligining yorqin namunasiga aylangan. Soʻnggi ikki yilda yuzdan ortiq professor-oʻqituvchilarning Italiyada malaka oshirgani, yuzlab talabalarning italyan tilini oʻrganayotgani va qoʻshma ilmiy tadqiqotlar olib borayotgani akademik almashinuvning real natijasidir.
2025-yil yanvar oyida eʼlon qilingan qoʻshma ilmiy tanlov doirasida 199 ta loyiha taklifidan eng yuqori ball toʻplagan 10 tasi moliyalashtirish uchun tanlab olingani ilmiy jarayonlarda adolatli raqobat muhitini shakllantirish yoʻlida muhim qadam boʻldi. Xorijda tahsil olayotgan talabalar bilan muntazam uchrashuvlar, grant va stipendiya imkoniyatlarini kengaytirish, akademik almashinuv dasturlarini qoʻllab-quvvatlash vazirlik siyosatining markazida turibdi. Bu yondashuv yoshlarning bilim olishiga, ilmiy izlanishiga va xalqaro tajriba orttirishiga keng yoʻl ochmoqda.

Forum doirasida Trento universiteti bilan qayta tiklanuvchi energiya va ekologik barqarorlik sohasidagi muzokaralar, shuningdek, Istituto Marangoni bilan moda va dizayn yoʻnalishidagi hamkorlik masalalarining muhokama qilinishi taʼlim diplomatiyasining iqtisodiy va innovatsion samaradorlik bilan uygʻunlashayotganini koʻrsatadi. Bu jarayon Oʻzbekistonning “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va kreativ sanoatni rivojlantirish strategiyasi bilan hamohangdir.
Tashqi siyosat va xalqaro munosabatlar yoʻnalishida tahsil olayotgan talaba sifatida ushbu nufuzli forumda ishtirok etish men uchun katta sharaf va masʼuliyatdir. Qolaversa, iqtidorli talabalarning ana shunday yirik xalqaro platformalarda qatnashishi Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimida sifat jihatidan yangi bosqich boshlanganini anglatadi. Bu yoshlar salohiyatiga bildirilayotgan ishonch, ularni global jarayonlarga jalb etish va kelajak diplomatiyasining poydevorini bugundan mustahkamlash demakdir.

Rim forumi Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasidagi strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtiradi, ilmiy integratsiya va innovatsion sheriklikni mustahkamlaydi. Eng muhimi, u Yangi Oʻzbekistonning ochiq, zamonaviy va raqobatbardosh taʼlim modelini xalqaro maydonda namoyon etuvchi muhim qadam sifatida tarixda qoladi.
Feruza RAHMATOVA,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Tashqi siyosat va xalqaro iqtisodiy munosabatlar instituti talabasi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Oʻzbekistonning 7 ta moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlari AYSESKO roʻyxatiga kiritildi
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- “Real Madrid” magʻlubiyatga uchradi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring