Keksa muallim ibrati
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Denov tumanidagi 6-umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻqituvchisi Ergash Saidovning nomi alohida iftixor bilan tilga olinadi. 82 yoshda boʻlishiga qaramay, bu inson oʻzining fidokorligi bilan namunaga aylangan ustoz sanaladi. Ergash aka 1967-yildan buyon shu maktabda taʼlimga sodiq xizmat qilib, yuzlab bolalar hayotiga nur sochib kelayotgan zahmatkash pedagogdir. Mehribon muallim uchun hayot — taʼlim va mehr yoʻli.
Ustoz taʼlimga boʻlgan muhabbatini bolalik davridan boshlagan. Yoshligidan ilmga chanqoq boʻlib, haqiqiy oʻqituvchi boʻlishni orzu qilgan. Bu orzu vaqt oʻtishi bilan uning maqsadiga aylandi. Boshlangʻich sinf oʻqituvchisi sifatida Ergash aka bolalarning eng nozik va eʼtibor talab qiluvchi pallasida — ularning maʼnaviy va ruhiy kamoloti yoʻlida butun borligini bagʻishlab, hozirgacha mehr va sadoqat bilan xizmat qilib kelmoqda.
— Bolalar bilan ishlash katta masʼuliyat, balki saodat hamdir, — deydi ardoqli ustoz Ergash Saidov. — Har bir murgʻak qalbga shunchaki bilim emas, balki mehr, insoniylik va ezgu orzularni ham singdirish zarur. Bola qalbiga nur ulashish, uning qalbida umid, ishonch va mehr paydo qilish pedagogning eng oliy burchi sanaladi. Hayotdagi maqsadim faqat dars oʻtishmas, balki bolalarni vatanparvar, yuksak maʼnaviyat sohiblari, mehnatkash qilib tarbiyalashdir. Ularning har biri ertangi kunning yetuk mutaxassisi, fidoyi inson boʻlishiga ishonaman.

Ergash Saidovning maktabdagi faoliyati 58-yildan ziyod davom etmoqda. Bu muddatda u yuzlab oʻquvchilarning qalbida oʻchmas iz qoldirdi. Ularga nafaqat fan asoslari, balki hayot uchun zarur boʻlgan axloqiy qadriyatlarni ham oʻrgatdi. Uning har bir darsi faqat darslik asosidagi maʼlumot emas, balki maʼnaviy tarbiya, hayotda toʻgʻri yoʻlni tanlash, inson boʻlib yashashni oʻrgatuvchi maktabga aylangan. Ergash aka uchun har bir oʻquvchi — yuksak masʼuliyat va alohida eʼtibor talab qiladigan shaxs. Shu boisdan ham u har bir bolaga yuragidagi mehrni berib, kelajagiga ishonch bilan yoʻl ochib kelmoqda.
— Ustozning soʻzlarida katta kuch va chuqur maʼno bor, — deydi shu maktab direktori Mehriniso Xudoyberdiyeva. — U har bir darsni sabr-toqat, chin dildan oʻtadi. Har bir bolaning qalbiga alohida eʼtibor beradi. Uning mehri va masʼuliyatligi hanuzgacha saqlanib qolgan. Bu yosh ustozlar uchun namuna. Ergash aka faqat bilim emas, insonparvarlikni ham oʻrgatadi, shu bois uning ustozlik maktabi jamiyatimiz uchun qadrli boylikdir.
Ayni paytda mamlakatimiz boʻylab zoʻr ishtiyoq bilan davom etayotgan “Dolzarb 90 kunlik” dasturi maktab oʻquvchilari va uyushmagan yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishda, ularni sogʻlomlashtirish va har tomonlama rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Eʼtiborlisi, ushbu ezgu tashabbusda Ergash Saidov ham faol ishtirok etmoqda.

— Bu loyiha nafaqat yoshlarga imkoniyat, balki kattalar uchun ham jamiyat oldidagi masʼuliyatni oshiradi, — deydi fidoyi oʻqituvchi Ergash Saidov. — Taʼtilda ham farzandlarini kelajagi uchun muhim boʻlgan toʻgaraklar va mashgʻulotlarga olib kelayotgan ota-onalar koʻpayganidan xursandman.
Ergash Saidov nafaqat maktabda zahmatkash ustoz, balki mahallada ham faol nuroniy, oilada talabchan ota va mehribon bobo hamdir. U olti nafar farzandni halol luqma bilan voyaga yetkazib, ularning har birini oliy maʼlumotli, jamiyatga foydali shaxslar qilib kamolga yetkazdi. Hozirda 27 nafar nabiralari ogʻushida umrguzaronlik qilib kelayotgan Ergash akaga mustahkam sogʻliq, yangi avlodni tarbiyalashda bardavomlik tilaymiz. Uning mehnati va haqiqiy ustozlik namunasi hamisha eʼtiborda va qadrda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring