“Katta Langar Qurʼoni”ning noyob ikki varagʻi

16:04 16 Mart 2026 Madaniyat
324 0

“Katta Langar Qurʼoni” Qurʼoni karimning dunyodagi moʻtabar nusxalaridan biridir. Mazkur qoʻlyozma yuksak did bilan sayqal berilgan hayvon terisiga bitilgan. Uning sahifalari ayni kunda taqdir taqozosi bilan Sankt-Peterburg, Toshkent hamda Buxoro shaharlarida saqlanyapti.

— Qurʼonning viloyat axborot-kutubxona markazi “Sharq qoʻlyozmalari” boʻlimi xazinasida saqlanayotgan ikki varagʻi Sankt-Peterburg va Toshkentdagi “Katta Langar Qurʼoni”ning yetishmagan qismiga mos keladi, — deydi buxorolik manbashunos, qadimiy qoʻlyozmalar ustida qunt bilan ishlashi bilan koʻpchilikning hurmat-eʼtiborini qozongan Ahtam Ahmedov. — Bu ikki varaq muqaddas kitob “Qasos” surasining 35–81 oyatlarini oʻz ichiga oladi. U VIII asrga oid boʻlib, kiyik terisiga koʻchirilgan. Ye. A. Rezvan 2004-yilda nashr etilgan “Usmon Qurʼoni (Sankt-Peterburg, Katta-Langar, Buxoro, Toshkent)” nomli kitobida muqaddas kitobning shu ikki varagʻi haqida shunday yozadi: “Bu varaqlar Buxoro amiri Muzaffarning oʻgʻli Hashmat taxallusi bilan mashhur Muhammad Siddiq (kutubxonasi) ga tegishli boʻlgan. Amir Muzaffar vafotidan soʻng Abdulahad hokimiyatga keladi va Hashmat siyosiy hayotdan uzoqlashib, badiiy asar yozish bilan shugʻullandi”.

A. Ahmedovning taʼkidlashicha, kutubxonada Qurʼoni karimning buxorolik xattot Abdulloh Savdoiy qoʻli bilan “Nasxi Buxoriy” xat uslubida juda chiroyli qilib koʻchirilgan nusxasi ham bor. Ushbu Qurʼoni Karim muqovasi Buxoro shahar kutubxonasining birinchi rahbari, taniqli sharqshunos, manbashunos olim Ibodulloh Odilov (Ibodullo qori) tomonidan tayyorlangan.

Muborak Ramazon oyi kunlarida oʻquvchilarimizga shu xabarni yetkazar ekanmiz, kutubxonada har ikkala noyob manba — “Katta Langar Qurʼoni”ning ikki varagʻi ham, muqaddas kitobning koʻchirilgan nusxasi ham soha fidoyilari tomonidan koʻz qorachigʻidek asrab-avaylab kelinayotganini taʼkidlamoqchimiz.

Noyob manbalarni xalqimizga meros qoldirgan Hashmatga kelsak, bu shoirning hayoti, boy kutubxonasi alohida bir mavzudirki, uni ham kezi kelganda yoritish niyatidamiz.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер