Yil boshidan buyon qancha “yashil” energiya ishlab chiqarildi?

13:07 07 Iyul 2025 Iqtisodiyot
200 0

2025-yil boshidan buyon quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 5 milliard kVt/soatga yetdi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, bu oʻtgan vaqt mobaynida kuniga oʻrtacha 26,7 million kVt/soat elektr energiyasi quyosh va shamol elektr stansiyalaridan olinganini anglatadi.

Ushbu hajmning 3 milliard 125,4 mln kVt/soatlik qismi quyosh elektr stansiyalari tomonidan, 1 milliard 915,1 mln kVt/soatlik qismi esa shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarildi. Buning natijasida, 1 milliard 515 million kub metr tabiiy gazni tejashga va atmosferaga 2 million 220 ming tonnadan ortiq zararli gazlar chiqishining oldini olishga erishilgan.

Bugungi kunda mamlakatning 10 ta viloyatida umumiy quvvati 4 119 megavatt boʻlgan 11 ta quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 4 ta shamol elektr stansiyasi “yashil” energiya ishlab chiqarmoqda.

Qayd etish kerak, Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi dastlabki quyosh elektr stansiyalari tarmoqqa ulanganidan soʻng 2022-yili 434 million kVt⋅soat, 2023-yilda esa 576,9 million kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan edi. Shuningdek, oʻtgan yili respublikamizning 7 ta viloyatida joylashgan 9 ta quyosh va bitta shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan jami elektr energiyasi hajmi 4 milliard 860 mln kVt/soatni tashkil qildi.

Bundan tashqari, joriy yil boshidan bugun, 7-iyul soat 08:00 ga qadar Oʻzbekistondagi barcha gidroelektr stansiyalari va quyosh hamda shamol elektr stansiyalari tomonidan 8 milliard 736,9 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu joriy yildagi jami generatsiyaning 20,3 foizini tashkil qiladi. Buning natijasida esa 2 milliard 647 million kub metr tabiiy gazni hamda atmosferaga 3 million 879 ming tonnadan ortiq zararli gazlarning chiqishi oldi olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер