“Yil ayoli” hamda “Gender tenglik faoli” milliy tanlovlari gʻoliblari aniqlandi

19:09 23 Dekabr 2023 Siyosat
857 0

Joriy yilning 23-dekabr kuni Oʻzbekiston Anjumanlar saroyida “Yil ayoli” hamda “Gender tenglik faoli” milliy tanlovlarining Respublika bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Marosimni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva kirish soʻzi bilan ochib berdi.

Maʼlumot oʻrnida aytish lozim, “Yil ayoli” va “Gender tenglik faoli” milliy tanlovlari Oliy Majlis Senati Kengashining qaroriga asosan har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinmoqda.

Keyingi yillarda mamlakatimizda barcha jabhalarda xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning taʼlim va kasbiy koʻnikmalar olishi hamda bandligini taʼminlashga koʻmaklashish, tadbirkorlik va boshqa tashabbuslarini tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, bir soʻz bilan aytganda, ayolning chinakam baxtli yashashi, intellektual va maʼnaviy yuksalishi, kasbiy, oilaviy va jamiyat hayotidagi majburiyatlarini hamohang tarzda bajarishi yoʻlida keng qamrovli davlat siyosati amalga oshirilmoqda.

Xotin-qizlarning muammolariga samarali yechim topish, masalaga kompleks yondashish boʻyicha turli mexanizmlar joriy etilmoqda. Bu borada “2022-2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʻyicha Milliy dasturi” ham muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.

Taʼkidlanganidek, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish yoʻnalishida ulkan oʻzgarishlar yuz berdi. Jumladan, shahar va tuman hokimi, vazir, elchi kabi masʼuliyatli lavozimlarga ayollar tayinlandi. Ayollarning boshqaruv sohalaridagi ulushi 33 foizga, tadbirkorlik sohasida 35 foizga, siyosiy partiyalarda 44 foizga, oliy taʼlimda 47 foizga yetdi.

Ayollarning sohalardagi ulushi ham ortdi. Ular tibbiyot tizimida 77 foizdan koʻproqni, taʼlim sohasida salkam 74 foiz, savdoda 49 foiz, iqtisodiyot tarmoqlari, sanoat va ishlab chiqarishda qariyb 46 foiz, madaniyat va sportda 45 foiz, qishloq xoʻjaligida 42 foizdan ziyodni, moliya va sugʻurta faoliyatida 37 foizdan ortiqni, axborot va aloqa xizmatida 35 foiz, professional, ilmiy va texnik faoliyatda qariyb 34 foizni, davlat boshqaruvi va mudofaa tizimida 27 foizdan koʻproqni tashkil etmoqda.

Ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarda xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlash maqsadida mamlakatimizda qabul qilinayotgan har bir normativ-huquqiy hujjat loyihasini gender huquqiy ekspertizasidan oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Davlatimizning xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, gender tenglikni taʼminlash borasidagi siyosati dunyo hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilmoqda. Jumladan, Jahon bankining Ayollar, biznes va qonun indeksida Oʻzbekiston xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik boʻyicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan davlatlar qatoriga kiritildi.

Aytish mumkinki, bugun boʻlib oʻtgan tadbir ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning amaliy natijalaridan biridir.

Tanlov nizomiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan 35 yoshdan yuqori hamda oʻz yoʻnalishi boʻyicha faoliyat bilan kamida 5-yil mobaynida uzluksiz shugʻullanib kelayotgan ayollar, shuningdek, uy bekalari tanlov ishtirokchilari hisoblanadi.

Tanlovning tuman bosqichlarida jami 3 202 nafar ayollar 3 ta shart asosida ishtirok etdi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlarida jami 1 356 nafar ayol qatnashdi. Respublika bosqichiga 11 ta nominatsiya boʻyicha 144 ta hujjat taqdim etildi.

Tanlovning barcha bosqichlari Oliy Majlis Senati Kengashining “Yil ayoli” va “Gender tenglik faoli” milliy tanlovlarini oʻtkazish toʻgʻrisida” 2022-yil 27-apreldagi KQ-340 – IV sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga muvofiq oʻtkazildi.

“Yil ayoli” tanlovining respublika bosqichida belgilangan 3 ta shart asosida ishtirokchilarning toʻplagan ballariga qarab, oliy oʻrin, 1, 2 va 3-oʻrin hamda belgilangan nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar aniqlandi.

Xususan, tanlovning respublika bosqichida oliy oʻrin — Gran-pri hamda 1, 2 va 3-oʻrinni egallagan ishtirokchilar Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Prezident sovgʻasi — avtomobil bilan, qolgan gʻoliblar esa diplom va pul mukofoti bilan taqdirlandilar.

Bugun gʻoliblari taqdirlangan ikkinchi tanlov — “Gender tenglik faoli” milliy tanlovining tuman (shahar) bosqichlarida jami 1 073 ta idora, tashkilot va muassasalar belgilangan nominatsiyalar boʻyicha ishtirok etdi.

Respublika bosqichida 7 ta nominatsiya boʻyicha gʻoliblar taqdirlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер