Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tibbiyot xodimlarining kiyinish madaniyati bilan bogʻliq xabarlarga SSV munosabat bildirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Sogʻliqni saqlash vazirining buyrugʻiga asosan tibbiyot xodimlariga “hijob va boshqa diniy kiyim-boshlarda yurish” boʻyicha taqiq olib tashlangani haqida turli xabarlar tarqalmoqda.
Sogʻliqni saqlash vazirligi Fan va taʼlim boshqarmasi boshligʻi Oʻktam Ismoilovning maʼlum qilishicha, inson salomatligini muhofaza qilish va mustahkamlash tibbiyot tizimining eng muhim vazifasi boʻlib, ushbu soha egalari oʻz yurish-turishi, kiyinishi va muloqot madaniyati bilan barchaga oʻrnak boʻlishi, kasbdoshlariga, qolaversa, bemorlarga hurmat va mehr-muruvvat koʻrsatishlari lozim.
Shu boisdan 2022-yil 24-martda Sogʻliqni saqlash vazirining Tibbiyot xodimlarining odob-axloq Kodeksini tasdiqlash haqida buyrugʻi qabul qilindi.
Tibbiyot xodimlari oʻz kasbiy majburiyatlariga rioya etishini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan mazkur hujjatdagi vazifalar vazirlik tizimidagi barcha korxona-tashkilotlar, oliy va oʻrta-maxsus taʼlim muassasalarida ijro etilishi qatʼiy belgilangan.
Xususan, buyruqning 2-ilovasi “Muassasa xodimlari va talabalarning muomalasi, kiyinish madaniyati qoidalari” nomli 3-bobida tibbiyot muassasasida faoliyat koʻrsatayotgan va taʼlim olayotgan ayol xodim va talabalarga alohida va aniq talablar qoʻyilgan.
Jumladan, mazkur bobning 3.1.2 bandida usti kiyimning turlari xalat yoki tibbiy maxsus kiyim oq rangli (boʻlimlar orasidagi boshqa rangli maxsus kiyim ichki tartibda tasdiqlanishi lozim) tabiiy matodan, oson va tez tozalanadigan, qulay kiyiladigan, tor boʻlmagan, bichimi ortiqcha, bezaklardan xoli, diqqatni tortmaydigan, klassik shakldagi kostyum yoki xalatdan iborat boʻlishi kerakligi keltirib oʻtilgan.
Shuningdek, ushbu bobning 3.1.6 bandida ayol tibbiyot xodimlari va talabalar oq xalat va unga mos toza va maxsus bosh kiyim kiyishi, xalat tizzadan pastda turishi, yengi uzun (faslga qarab), klassik uslubda chet el va turli xil firma yorliqlaridan xoli boʻlishi aniq va batafsil bayon etilgan.
Tibbiyot xodimlarining odob-axloq Kodeksida keltirilgan ushbu mezonlardan koʻrish mumkinki, tibbiyot muassasalarida shifokor va hamshiralarning ish faoliyati davomida belgilangan meʼyorlar asosida kiyinishi qatʼiy belgilab qoʻyilgan.
Shunday ekan, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlardan ushbu buyruq mazmun-mohiyatini notoʻgʻri talqin qilmasliklarini soʻraymiz.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Barselona” La Ligada navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
- Bugun 2026-yilgi Jahon chempionatiga qurʼa tashlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring