Ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirishga yoʻnaltirilgan investitsiyalar hajmi ortib bormoqda

13:52 29 Noyabr 2023 Jamiyat
122 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi hamda Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi tomonidan Barqaror rivojlanish oyligi doirasida “Barqaror rivojlanish maqsadlari Global sheriklik doirasida amalga oshirish vositalarini mustahkamlash va ishlarni faollashtirish” mavzusida xalqaro ekspertlar ishtirokida muloqot oʻtkazildi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda barqaror rivojlantirish maqsad va vazifalarining 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishini taʼminlash, sohada parlament va jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, mamlakat taraqqiyotini belgilab beruvchi muhim hujjatlar va davlat dasturlarini amalga oshirishda Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uygʻunlikni taʼminlashga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Muloqot davomida mamlakatni barqaror rivojlantirishning bir qancha jabhalari boʻyicha qizgʻin muhokamalar oʻtkazildi. Xususan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarning ijrosini taʼminlashda ichki va tashqi manbalar va resurslarni safarbar etish va ulardan samarali foydalanish masalalari boʻyicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Statistika agentligining tegishli axborotlari tinglandi.

Muhokamalar chogʻida chetdan jalb etilayotgan qarz mablagʻlari hamda Davlat qarzi darajasini mamlakatning moliyaviy-iqtisodiy holati barqarorligini taʼminlaydigan darajada ushlab turishga alohida eʼtibor berildi. Koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijasida ayni paytda davlat qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 36,8 foizni tashkil etgani hamda xalqaro tashkilotlar tomonidan “moʻtadil” darajada deb baholanayotgani yigʻilish ishtirokchilari tomonidan eʼtirof etildi.

Deputatlar makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va davlat qarzi darajasini qonunda belgilangan xavfsizlik darajasidan oshib ketmasligini taʼminlash borasida bir qator taklif va tavsiyalar berdilar.

Yigʻilishda shuningdek, ijtimoiy rivojlanish dasturlarini amalga oshirishda davlat bilan xususiy sektor, nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasidagi samarali sheriklikni ragʻbatlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Ayniqsa, ijtimoiy sohani rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalari deputatlarning eʼtiborida boʻldi.

Qayd etilganidek, xorijiy investitsiyalarning ijtimoiy – iqtisodiy dasturlarni amalga oshirishga yoʻnaltirilgan investitsiyalar hajmi yil sayin ortib bormoqda. Oʻzlashtirilgan mablagʻlar asosan energetika, transport infratuzilmasi, kommunal xoʻjalik, qishloq va suv xoʻjaligi, shahar va qishloqlar infratuzilmasini yaxshilash, sogʻliqni saqlash, taʼlim va boshqa sohalarni rivojlantirishga oid dastur va loyihalarni amalga oshirishga yoʻnaltirilmoqda.

Tadbir ishtirokchilarining aytishicha, Oʻzbekiston Respublikasi MDH mamlakatlari va dunyoda birinchilardan boʻlib BRMni maqsadli moliyalashtirishga qaratilgan Sovereign SDG davlat yevroobligatsiyalari bozorlarga joylashtirdi. Shu bilan birga, 2023-yilda Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ilk marta milliy valyutada “yashil” maqomiga ega 4,25 trln. soʻm miqdorida suveren xalqaro obligatsiyalar, 660,0 mln. dollar miqdoridagi xalqaro obligatsiyalar London fond birjasida joylashtirilgan.

Yigʻilish davomida Oʻzbekiston Respublikasining milliy barqaror rivojlanish maqsadlari indikatorlari yuritilishi amaliyoti joriy etilganligi alohida eʼtirof etildi.

Shuningdek, fan va innovatsiyalar sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, texnologiyalar va innovatsiyalarni rivojlantirish hamda Milliy barqaror rivojlanish maqsadlari monitoringi boʻyicha statistikani takomillashtirish va boshqa bir qancha masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Qizgʻin bahs-munozaralar davomida mahalliy va xalqaro ekspertlar tomonidan global sheriklik doirasida amalga oshirish vositalarini mustahkamlash va ishlarni faollashtirish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Tadbir yakunida tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер