Ijtimoiy himoya va amaliy koʻmak – pirovard maqsad

16:04 10 Noyabr 2023 Jamiyat
142 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Fargʻona viloyati musiqali drama teatrida 11-noyabr – Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat sektorlari rahbarlari, kasaba uyushmalari tizimi faollari hamda jamoatchilik vakillari qatnashdilar.

Bayram tadbirida keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida keng qamrovli izchil saʼy-harakatlar olib borilmoqda. Bu borada manzilli ijtimoiy himoya va amaliy koʻmak koʻrsatish jarayonida kasaba uyushmalarining jamiyatdagi oʻrni va mavqeyi yuksalib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

Anʼanaga koʻra, tadbirda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan eʼlon qilingan tanlovning viloyat bosqichida “Eng yaxshi sektor rahbari”, “Eng yaxshi mahalla fuqarolar yigʻini raisi”, “Eng yaxshi hokim yordamchisi”, “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi”, “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” kabi nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblikni egallagan ishtirokchilarga diplom hamda pul mukofotlari topshirildi.

— 2023-yilning oʻtgan davrida viloyatdagi 700 dan ortiq korxona-tashkilotlar hamda yangi tadbirkorlik subyektlarida kasaba uyushmasi tashkil etildi,—deydi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Fargʻona viloyati kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev.—Birgina joriy yilning toʻqqiz oyida viloyatning 7 ming 100 nafar ishchi-xodimlar kasaba uyushmalari tasarrufidagi sanatoriylarda sogʻlomlashtirildi. Bu yil 11 mingdan ziyod farzandlarimiz oromgohlarda yozgi taʼtilni maroqli oʻtkazdilar.

Yil boshidan buyon 165 nafar ishchi-xizmatchining mehnatga oid buzilgan huquqlari kasaba uyushmalari orqali tiklandi hamda 3 milliard soʻmga yaqin ish haqlari va unga tenglashtirilgan toʻlovlar aybdorlardan undirib berildi.

Korxona va tashkilotlarda xizmat qilayotgan 27 mingdan ortiq fargʻonaliklarning respublikamiz va viloyatdagi diqqatga sazovor joylarga sayohatlari uyushtirildi. Fuqarolik jamiyatining faol instituti sifatida kasaba uyushmasi “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning muammolarini hal qilishda va ularni qoʻllab-quvvatlashda ham jamoatchilik nazoratini olib bormoqda.

Tantanali tadbirga sanʼatkorlarning kuy-qoʻshiqlari, viloyat musiqali drama teatri ijodkorlari tomonidan sahnalashtirilgan “Reportaj” spektakli yanada fayz baxsh etdi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?