Ijodkorning ikkinchi umri
Odiljon aka bilan “Andijonnoma” gazetasi tahririyatida ishlab yurgan davrlaridan tanish va qadrdon edik.
Oʻsha paytlardayoq u kishining gazeta sahifalaridagi tanqidiy-tahliliy maqolalari, hazil-mutoyibaga yoʻgʻrilgan hangomalari oʻziga xosligi, shirali tili va yengil oʻqilishi bilan oʻz oʻquvchilarini topgan edi.
Keyinroq “Xalq soʻzi” gazetasi viloyat muxbiri sifatida faoliyat olib borib respublika miqyosida oʻz soʻzi va uslubiga ega jurnalistlardan biriga aylandi. Oʻsha davrlarda nufuzli respublika nashri sahifalarida Odiljon Shodmonaliyev imzosi bilan viloyatda amalga oshirilayotgan ibratli ishlar tezkor tarzda yoritilar, tanqidiy-tahliliy materiallar ham berib turilardi. Ularning ortidan Odiljon aka keng jamoatchilikka tanildi, obroʻ-eʼtibor topdi, qalami charxlandi.
Biroq, jurʼatli, qatʼiyatli jurnalistning illat va qusurlarni fosh etadigan maqolalari koʻpchilikda qiziqish uygʻotish bilan birga ayrimlarning peshonasini tirishtirgani ham bor gap. Buning ortidan ijodkor muayyan qiyinchiliklarga duch kelgan pallalar ham boʻlgan. Shunda ham Odiljon aka oʻzining jurnalistik pozitsiyasidan chekinmagan.
Jurnalistik faoliyat bilan birga Odiljon akaning hazil mutoyibaga yoʻgʻrilgan nasriy asarlari, hangomalari ham matbuot sahifalarida chop etilib turar edi. Ular jamiyatimizda, insonlar feʼl-atvorida uchraydigan ayrim illat va qusurlarni nishonga olishi, yengil oʻqilishi va oʻquvchini beixtiyor jilmaytirishi bilan ajralib turardi.
Mohir jurnalist, dilkash inson boʻlganidan doʻstlari orasida turli kasb egalari bor edi. Gohida notanishroq davralarga tushib qolsak, men tortinibroq oʻtirsam Odiljon aka tezda kirishib ketar, hazil-mutoyibalari bilan davraga fayz kiritib oʻtirardi. Hangoma yoki latifa aytib emas, davrada boʻlayotgan gap-soʻzlarning oʻzidan kulgili qirralarini topib havasimizni keltirardi.
Poytaxtda, turli viloyatlarda qalam ahllari bilan muloqotda boʻlganimizda ham koʻplab ijodkor doʻstlar hali-hanuz Odiljon Shodmonaliyev haqida soʻrashadi, yodga olishadi, xotiralarini soʻzlab qolishadi.
Yaqinda respublika gazetasi tahririyatida Odiljon akaning ishini davom ettirayotgan jurnalist ukamizdan gazeta bosh muharriri yosh jurnalistlarga maslahat berish jarayonida Odiljon akani eslagani va faoliyatini ibrat qilib koʻrsatganini eshitib xursand boʻldim.
Har gal Izboskan tumanidagi olti yuz nafardan ortiq oʻquvchilar tahsil olayotgan “Liderlar maktabi” nodavlat taʼlim muassasasida boʻlganimda, bu yerda amalga oshirilayotgan ibratli ishlar bilan tanishganimda Odiljon akadan ilmli, maʼrifatli farzandlar qolgani, ular otalarining xayrli ishlarini davom ettirayotgani, ezgu niyatlarini roʻyobga chiqarayotganiga yana bir bor amin boʻlaman. Sarmoyasini taʼlim taraqqiyotiga yoʻnaltirgan oʻgʻli Shuhratjon Odilovich va kelini Muhayyoxon Bahodirovnalarning tashabbusi va saʼy harakatlari bilan shu hududda jadal qad rostlayotgan xususiy oliy taʼlim muassasasi binosini koʻrib, u bitib faoliyat koʻrsatishni boshlasa hozirda ishlab turgan bogʻcha va maktabi bilan uygʻunlashtirib taʼlim klasteri tashkil etish boʻyicha rejalari haqidagi fikrlarini eshitib ularga oʻzbekona qilib “otangizga rahmat”, degim keladi.
Shularning barchasi jurʼatli, qatʼiyatli mohir jurnalist, dilbar va dilkash inson Odiljon Shodmonaliyev qoldirgan asarlarida, maqolalarida, elining yodida, bilimli, izlanuvchan va shijoatli tadbirkor farzandlari timsolida ikkinchi umrini yashayotganiga ishonchli dalil boʻladi.
Habib SIDDIQ,
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Yozuvchilar
uyushmalari aʼzosi, “Shuhrat” medali sohibi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
- MIB direktoriga yangi oʻrinbosar tayinlandi
- Toshkent – Samarqand pullik yoʻli qurilishi 2 milliard dollardan ziyodga baholanmoqda
- Toshkentda tunnel devori oʻpirilib tushdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring