Ijodga oshno qalb

22:19 27 Yanvar 2025 Madaniyat
949 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi“. Sharof Rashidov Nomidagi Samarqand Davlat universitetida adabiy uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda oʻzining 70 yoshini qarshilagan, Oʻzbekiston va Belarus Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Ismat Koʻchiyevning hayoti va adabiyotga bogʻlangan ijod yoʻli haqida gap bordi.

Oʻzbekiston Respublikasi va bir qator xalqaro tashkilotlarda faoliyat koʻrsatgan Ismat Koʻchiyev, shuningdek, taniqli publitsist, yozuvchi va shoir, jamoat arbobidir.

Dastlab tadbirda ishtirok etgan shoir va adiblar, adabiyotshunos va tilshunos olimlar, jurnalistlar, maʼnaviyat faollari hamda sheʼriyat ixlosmandlari, ijodkorning doʻstlari Ismat Koʻchiyevning serqirra faoliyati, ijodi haqida oʻz fikrlarini bildirishdi. Ismat Koʻchiyev bugungi kunda ham ijod bilan faol shugʻullanmoqda

— Ismat Koʻchiyevning uchrashuv uchun aynan Samarqand Davlat universitetini tanlagani bejiz emas, ijodkor aynan mazkur universitetning fransuz filologiyasi fakultetida tahsil olgan, — deydi universitet rektori, senator Rustam Xolmurodov. — Universitetimizning shunday kadrlari borligidan faxrlanamiz. Ikki tilda ijod qilib kelayotgan I.Koʻchiyevning asarlari xalqlar oʻrtasidagi tinchlik va doʻstlik aloqalarini yanada mustahkamlashga, yurtdoshlarimizning maʼnaviy dunyoqarashini yuksaltirishga xizmat qilib kelmoqda.

Taniqli ijodkor va publitsist I.Koʻchiyev 1955-yil 27-yanvarda Tojikistonning Panjikent tumanida tugʻilgan. U oʻzbek va rus tillarida baravar ijod qiladi. Ismat Koʻchiyev shu paytga qadar rus tilida “Шараф Рашидов — победитель” (“Sharof Rashidov — gʻolib”), “Шараф Рашидов — создатель” (“Sharof Rashidov — bunyodkor”) kabi siyosiy-ijtimoiy portretlarni yaratdi. Ushbu kitoblarida tarixchi sifatida davlat arbobi Sharof Rashidovning yorqin hayot yoʻlini tahlil qilarkan, shaxsning tarixdagi roli naqadar katta boʻlishini takror-takror taʼkidlagan.

Ijodkorning ikkita kitobi — “Jannat rayhonlari”, “Ulugʻlar chorbogʻi” oʻzbek tilida chop etilgan. Uning “Бабур. Сквозь века” (“Bobur. Asrlar oralab”) nomli sheʼriy kitobida Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosining jahon taraqqiyoti tarixidagi oʻrni borasida mulohaza yuritiladi.

I.Koʻchiyevning ruboiylari, “Bolalik chorbogʻi”, “Talabalik yillarim” sheʼriy turkumlari eʼlon qilingan. Uning “Пять шагов в вечность” (“Abadiyatning besh dovoni) va “Триумф Гейдара Алиева” (“Haydar Aliyevning gʻalabasi”) nomli dostonlari alohida kitob holida chop etilgan. “Abadiyatning besh dovoni” dostoni buyuk oʻzbek mutafakkir shoiri Alisher Navoiyning 580-yilligiga bagʻishlanadi. Bu kitobda buyuk shoir hayotining besh lavhasi haqida hikoya qilinadi.

Tadbirda adib asarlarining Oʻzbekiston, AQSH, Belorussiya, Ozarbayjon va Rossiyada keng koʻlamli taqdimotlari boʻlib oʻtgani hamda mutaxassislar va koʻpsonli oʻquvchilarga manzur boʻlgani eʼtirof etildi.

Ijodkorning mehnati munosib baholanib, Ismat Koʻchiyev Davlatimizning yuksak mukofoti — “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan.

Ismat Koʻchiyev bugungi kunda ham ijod bilan faol shugʻullanmoqda. Tadbir davomida shoir ijodidan namunalar oʻqildi.

Qayd etilganidek, Ismat Koʻchiyevning toʻplamlaridan oʻrin olgan sheʼrlarda Vatan madhi, mehr-oqibat, bugungi tahlikali davrdagi millat maʼnaviyatini yuksaltirish, vatanparvarlik masalalari oʻzgacha talqinda, yangicha yondashuv bilan betakror topilmalarda kuylangan. Har bir sheʼrni oʻqib oʻzingizga nimadir xulosa qilasiz, saboq olasiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер