Istiqlol odimlari xalqimizni nurafshon manzillarga eltmoqda

10:18 27 Avgust 2024 Siyosat
216 0

Inson hayoti shunday kechadiki, uning maʼlum davri mazmun-mohiyatiga koʻra yillar, oʻn yilliklar qamroviga sigʻmaydi. Murakkab bir vaziyatda qabul qilingan qaror yoki tanlov tarixiy burilishni boshlab beradi, taqdirlarni oʻzgartirib yuboradi, jamiyatning jon va qon tomirlarini ochadi. Bunyodkorlik koʻchalariga nur bagʻishlaydi. 1991-yil 31-avgust biz uchun, kelajak avlodlar uchun ana shunday tarixiy burilish pallasi boʻlib qoldi. Millat ayni shu kuni qayta tugʻildi, katta yoʻlga chiqdi, desak, mubolagʻa emas.

Bir eslab koʻraylik: sobiq tuzum iskanjasida yashaganimizni, oʻzligimizni yoʻqotayozganimizni, tariximiz qora dogʻlar-u soxta ayblovlarga toʻlib ketganini, gʻururimiz tahqirlanganini, zahmatli mehnatimiz samarasini koʻrmay yurgan paytlarimizni, dalamizga nima ekin ekishni, imoratni qancha balandlikda qurishni ham markazdan soʻrashga, ijozat olishga majbur boʻlganimizni. Tilimiz, din-diyonatimizning ahvoli-chi? Faqat mustaqillik yangi islohotlar yoʻlini boshlab berdi, insonga munosabatni oʻzgartirdi, xalqning kayfiyatini koʻtardi.

Keyingi sakkiz yilda roʻy bergan inqilobiy oʻzgarishlar istiqlol atalmish buyuk neʼmatning qadrini yanada yuksaltirdi. Oʻzimizni tom maʼnoda erkin, hur va ozod his qila boshladik. Huquq va manfaatlarimiz kafolati kuchaytirildi. Dunyoda oʻz ovozimiz, oʻz oʻrnimizga ega boʻldik. Qadrimiz ham, qaddimiz ham bir necha barobar oʻsdi.

Shu maʼnoda, mustaqillik qalbimizda, ong-u shuurimizda, taqdirimizda chuqur ildiz otaveradi, uning muqaddas solnomasi Oʻzbekiston nomi bilan ataladigan gʻalabalar, jahon eʼtiboriga tushgan yutuqlarimiz bilan boyib boraveradi. Bu yillarning har kuni, har oyi va yili maʼno-mohiyatiga koʻra “umr daftarini shoh satrlar-la bezash” va bu orqali dunyoni hayratga solish davri boʻlyapti. Kelajak avlodlar bu solnomaning har sahifasini diqqat-eʼtibor bilan oʻqishadi, xalqimiz istiqlolni qanday qoʻlga kiritgani-yu, uni qanday sharoitlarda asrab qolganini, davlatimiz oʻzining ilk qadamlarini qanday qoʻyganini, nechogʻli murakkab toʻsiqlarni yengib oʻtib, taraqqiyotning yangi davriga koʻtarilganini zoʻr qiziqish bilan mutolaa qiladi, farzandlariga soʻzlab beradi.

Istiqlol solnomasiga nazar tashlagan kishi keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda yangi-yangi anʼana va qadriyatlar, yangi ijtimoiy munosabatlar, yangicha dunyoqarash hamda fikrlash, shu bilan birga, el-yurt, millat taqdiri uchun masʼullik va bundan faxr-iftixor tuyish hissi paydo boʻlganiga guvoh boʻladi. Mana shuning oʻzi eng katta yutugʻimiz, istiqlol imoratining mustahkam poydevori, kelajak sari yoʻgʻrilgan nigohidir! Hayotimizda, kundalik turmushimizda ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy faollikning yangi qirralari yuzaga kelgani-chi?

Oʻttiz uch yil avval erta-kech daladan kelmaydigan, yelkasidan ketmon tushmagan dehqonning farzandi bugun mamlakatning taniqli kishisi, millatning, butun Oʻzbekistonning iftixori. Bu — buyuk kelajagimizning yaratuvchisi ekanligining dalolati!

Keyingi yillardagi ijobiy oʻzgarishlar, yangi Oʻzbekiston islohotlari jamiyatning har bir aʼzosi uchun, u qaysi sohada mehnat qilmasin, hayotda, ijtimoiy yoki ijodiy faoliyatda, oʻzini toʻla namoyon etish, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda belgilab qoʻyilgan huquq va erkinliklaridan toʻla foydalanish imkonini bermoqda. Islohotlar nasimi, avvalo, huquq boʻlib ong-shuurimizga singdi. Buning natijasini bugun odamlarning dunyoqarashi, fikri-zikri, turmush tarzida koʻrish mumkin. Har bir insonda harakat, intilish, izlash, yaratish ishtiyoqi bor. Har bir kishida bugungidan-da farovon hayotga, yorugʻ kelajakka ishonch bor.

Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan bunyodkorliklar, deyarli qayta qurilgan shaharlarimiz, obodonlashib borayotgan qishloqlarimizning zamonaviy koʻrinishi, yoʻlsozlik, koʻpriksozlik, shaharsozlik ilmining, tadbirkorlik va ishbilarmonlikning benihoya rivojlanishi, ilm-fan, madaniyat hamda sanʼat, sport va boshqa sohalarda erishilayotgan yutuqlar, hayotimiz va ishlarimizning davomchilari boʻlgan yosh avlodning zafarlari, millatlararo ahil-inoqlik, bagʻrikenglik, shubhasiz, istiqlol sharofati.

Dunyo minbarlarida mustaqil Vatanimizning nomi hurmat va ehtirom bilan tilga olinayotgani, mamlakatimizga Yer yuzining turli mintaqalaridan Oʻzbekiston tajribasini oʻrganish uchun ham kelishayotgani — milliy istiqlol yoʻlining toʻgʻriligidan dalolat.

Amalga oshirilayotgan islohotlarning natijalari haqida soʻz yuritganda, ijobiy oʻsish bugun nafaqat iqtisodiy koʻrsatkichlarda, ayni chogʻda xalqimizning turmush tarzida, yashash sharoitida, mahalla hayotida ham koʻzga yaqqol tashlanmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qishloq joylarida mahalliy ishlab chiqarish rivojlanayotgani, zamonaviy infratuzilma shakllanayotgani, yosh oilalarga uy-joy qurish uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotgani koʻngilda munavvar tuygʻular uygʻotadi.

Yillar yillarga ulanib boraveradi. Vaqt charxi tinimsiz aylanadi. Maqsadni aniq belgilagan, bu yoʻlda bahamjihat harakat qilgan, ogohlikni qoʻldan boy bermagan, yutuqlaridan esankiramay, yangi, yanada baland marralarni koʻzlagan xalq, millatgina oʻzining buyuk kelajagini taʼminlay oladi. Dunyo nigohini oʻziga tobora koʻproq qaratayotgan Vatanimizning ibratli yoʻli bunga yaqqol misoldir.

2017-yildan boshlab Oʻzbekiston ichki va tashqi siyosatda jiddiy oʻzgarishlar pallasiga kirdi. Iqtisodiyot erkinlashdi, tadbirkorlikni amalda qoʻllab-quvvatlash boshlandi, valyuta konvertatsiyasiga yoʻl ochildi. Yanada muhimi, xalq bilan bevosita muloqot qilish, ularning fikr-mulohazalariga quloq tutish, taklif va tashabbuslarini inobatga olish mamlakat yangi rahbari siyosatining oʻzak qismini tashkil etdi. Fuqarolarning huquqiy ongi va bilimlarini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurash ustuvor vazifaga aylandi. Tashqi siyosatda, avvalo, uzoq-yaqin qoʻshnilar bilan munosabatlarimiz yaxshilandi, muzlar koʻchdi, xorijiy investorlarga huquqiy kafolatlarni kengaytirishga qaratilgan qonunlar qabul qilindi.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasida Oʻzbekiston fuqarolarining millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, teng haq-huquqqa egaligi belgilab qoʻyildi. Zaminimizda umrguzaronlik qilayotgan har bir inson bugun olib borilayotgan va yaqin kelajak uchun koʻzda tutilayotgan islohotlar, avvalambor, uning oilasi va farzandlari, shu yurtning farovonligi hamda taraqqiyoti uchun amalga oshirilayotganini aniq-ravshan anglab yetishi nihoyatda muhim. Buning uchun har kishi bugungi tezkor va talabchan zamondan ortda qolmay, oʻz huquqiy madaniyati va xabardorlik darajasini, islohotlar samarasi uchun ijtimoiy masʼullik tuygʻusini yanada oshirishi, fuqaro sifatida faol boʻlishi, jamiyat hayotida, dunyoda, yon-atrofida yuz berayotgan voqea-hodisalarga befarq boʻlmasligi, ularning maʼno-mohiyatini toʻgʻri anglashi va xulosa chiqarishi lozim boʻladi.

Shu oʻrinda taʼlim, ilm-fan, oʻqituvchilar maqomini koʻtarish ham islohotlarning markazida turganini taʼkidlash joiz. “Ustoz — otangdan ulugʻ” degan naqlga amal qiluvchi xalqimiz oʻqituvchini yana toʻrga chiqarib qoʻydi. Buyuk maqom Konstitutsiyada muhrlandi. Bizningcha, oʻqituvchilarni eʼzozlash, ularning qadri va oʻrniga mos ehtirom koʻrsatish boʻyicha dunyodagi hamma davlatlarning qonunlarida ham bunday normalar boʻlmasa kerak.

Konstitutsiyaga oʻqituvchi toʻgʻrisidagi qoidaning kiritilishi uzoqni koʻzlab qilingan savobli ish deb oʻylayman. Bir paytlar Germaniya kansleri Otto fon Bismark “Buyuk Germaniyani oddiy oʻqituvchilar shakllantiradi”, deb aytgan ekan. Jamiyatni inson oʻzgartiradi, taʼlim esa insonni oʻzgartiradi. Taʼlimning markazida esa oʻqituvchi turadi. Shunday ekan, uning oʻrnini, hurmatini joyiga qoʻyish — buyuk ish. Chunki mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham ilm-fan, taʼlim va tarbiyadir. Shuning uchun ham Oʻzbekistonda taʼlim tizimini kompleks rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash maqsadlariga katta kuch va mablagʻlar yoʻnaltirilmoqda.

Ayniqsa, oldinlari oʻquv yili ibtidosi pedagogning yozilmagan yillik ish rejasini paxta mavsumining boshlanishi belgilab berardi. Qahraton qishga qadar davom etadigan bu mavsumni oʻqituvchi oʻz oʻquvchilari bilan birga “yollanma terimchi” sifatida dalada oʻtkazardi.

Mamlakatimiz yangi davrga qadam qoʻydi. Bugun oʻqituvchining oldida faqat yosh avlodni yetuk va komil inson qilib tarbiyalash vazifasi qoʻyilgan. Prezidentimiz taʼlimning tayanch nuqtasini topdi. Pedagoglar mehnatining qadrlanishi, eʼzozlanishi, ijtimoiy himoyaga olingani buning isboti, desak, xato qilmagan boʻlamiz.

Shuni bilish lozimki, fuqaro dunyoqarashi jamiyat va mamlakatda kechadigan jarayonlardan orqada qoladigan boʻlsa, davlat hokimiyati tomonidan qabul qilingan qonunlar “ishlamaydi”, har qanday nazorat ham kutilgan natijani bermaydi. Qachonki fuqaroning dunyoqarashi va intilishi amaldagi davlat hokimiyati faoliyatidan oldinda boʻlsagina, millat va mamlakat rivojlanadi, aks holda, taraqqiyot boʻlmaydi. Shuning uchun davlatimiz rahbari takror va takror taʼlim-tarbiya masalasiga toʻxtalmoqda. Taʼlim sifati dunyoni qutqaradi va yuqori darajaga olib chiqadi. Ertangi kun bilimni chuqur egallagan jamiyatlarniki boʻlib qoladi.

Xalqimiz ham eʼtiborini ilm-fan, taʼlim tizimi rivojiga yanada kuchliroq qaratishi zarur, nazarimizda. Buning uchun ilmga, ilmlilarga, oʻqituvchilarga ragʻbat tizimi yaratilmoqda. Yurtimizda tashkil etilgan Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilari bilimi, gʻayrati har tomonlama qoʻllab-quvvatlanyaptiki, tez orada barcha orzu-niyatimiz amalga oshadi, degan umiddamiz.

“Oqqan daryo oqaveradi”, degan hikmat bejiz aytilmagan. Buyuk allomalar yetishgan qadimiy oʻlkamizdan bir necha asrlik tanaffusdan keyin yana samarqandiylar, xorazmiylar, buxoriylar, termiziylar, nasafiylar, jahon eʼtirof etgan olim va ixtirochilar, yetti iqlimni qalami bilan zabt etgan ijodkorlar, diniy ulamolar yetishib chiqishiga zamin va muhit yaratilayotgani yurtdoshlarimizga ishonch bagʻishlamoqda. Istiqlolning zafarli odimlari bizni ana shu dovonlarga eltadi.

2017-yildan boshlab Oʻzbekiston ichki va tashqi siyosatda jiddiy oʻzgarishlar pallasiga kirdi. Iqtisodiyot erkinlashdi, tadbirkorlikni amalda qoʻllab-quvvatlash boshlandi, valyuta konvertatsiyasiga yoʻl ochildi. Yanada muhimi, xalq bilan bevosita muloqot qilish, ularning fikr-mulohazalariga quloq tutish, taklif va tashabbuslarini inobatga olish mamlakat yangi rahbari siyosatining oʻzak qismini tashkil etdi.

Qalandar ABDURAHMONOV,

akademik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?