Issiqxonadan bozor rastasiga
Foto: "Xalq soʻzi"
2023-yilning soʻnggi oylari Buxoro tumani Rabotiqalmoq mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi Yangiobod qishlogʻida yashovchi Erkin Roʻziyev uchun xayrli tashvishlar bilan kechdi. Tomorqasidagi kaftdekkina issiqxonasida limon yetishtirgan bu mirishkor yurtdoshimiz salkam yarim tonna mahsulotni bozorga chiqardi.
— Hosil bundan ham koʻproq boʻlishi mumkin edi, — deydi ustachilik ortidan roʻzgʻor tebratib kelayotgan Erkin aka. — Bir tup limon daraxtidan 70 kilogrammga yetkazib hosil olgan paytlarimiz bor. Ammo 2022-yilgi anomal sovuq limon koʻchatlariga biroz ziyon yetkazdi. Shukr, nolimaymiz. Issiqxonadan topilgan qoʻshimcha daromad roʻzgʻor kamu koʻstini toʻldiryapti. Kartoshka ham yetishtiramiz. Ogʻilda qoramol va oʻn bosh qoʻy bor.
— Limonning inson salomatligiga foydasi katta, — deya suhbatga qoʻshiladi uzoq yillar shifoxonada hamshiralik qilgan, ayni damda pensiyada boʻlgan Feruza Oʻrinova. — Biz limonchilik bilan yigirma yildan buyon shugʻullanib kelyapmiz. Ochigʻi, u juda katta kuch-gʻayrat talab qilmaydi. Qishda issiqxonadagi haroratni meʼyorida saqlab, parvarishini obi-tobida olib borsangiz bas. Koʻrib turganingizdek, issiqxonamizni qoʻsh qavatli polietilen plyonka bilan yopganmiz. Havo sovigan zahoti poxol tutatish yoʻli bilan issiqxonadagi haroratni meʼyorida saqlab turamiz.
Qish-qirovli kunlarda issiqxonada qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, ayniqsa, pomidor, bodring, bulgʻor qalampirini yetishtirishning oʻzi boʻlmaydi. Mahallaning hokim yordamchisi Bekzod Asadov shuni taʼkidlar ekan, bizni “Zarafshon – bogʻdorchilik” deya nomlangan chekka hudud sari boshladi. Bu yerda yashovchi Tolmas Choʻliyev oʻn sotix yerda issiqxona barpo etgan. Oilasidagilardan tashqari uch-toʻrt kishini mavsumiy ishga jalb qilgan Tolmas 2023-yilning sentyabrida bodring ekib, 7 tonnadan ziyod hosil oldi. 100 million soʻm daromad qildi. Unga qadar esa besh tonnadan ziyod pomidor yetishtirgandi.
— Yozda mahalliy oʻgʻit kiritib yerga “dam “ berdik, — deydi u. —Negaki, yer ham xuddi tirik jonga oʻxshaydi. Qattiq mehnatdan soʻng hordiq chiqarishi kerak. Kuni kecha bodring palagini yigʻishtirib oldik. Darhol pomidorning taʼmi mazali, uzoq muddat yaxshi saqlanadigan koʻchatidan 2700 tup oʻtqazdik. U fevralning oxiri, mart oyi boshlarida pishib yetiladi. Kamida 8 tonna hosil olishni chamalab turibmiz.
Ismi jismiga monand Tolmasning yaxshi bir odati bor. Mahsulotni oʻzi bozorga chiqarib sotadi. Issiqxonadan toʻgʻridan-toʻgʻri bozor rastasiga chiqsa mahsulot choʻntakbop narxda sotiladi, xaridor bergan puliga rozi boʻladi, deb hisoblaydi.
Aytmoqchi, tabiiy gaz va suv taʼminoti boʻlmagan ovloq bir yerda bu inson issiqxonani qanday qilib uzluksiz ishlatyapti, degan savol tugʻilishi tabiiy.
— 50 tonna koʻmir sotib olganmiz, — deydi u. — Suvni ham avtomashinada келтирамиз.Текинга emas, albatta. Ekinni tomchilatib sugʻoramiz. Issiqxonadagi harorat tunda 14 darajadan past boʻlmasligi kerak. Shu boisdan ertayu kech bedormiz.
Sirasini aytganda, oʻn sotixli issiqxonani koʻmir yoki oʻtinda isitib, pomidor, bodring yetishtirishga har kim ham jurʼat qilavermaydi. Maʼlum sabablarga koʻra, tomorqachilarga tabiiy gaz taʼminoti yoʻlga qoʻyilmagan. Yirik issiqxona xoʻjaliklari bundan istisno, albatta. Shu boisdan ayni paytda tomorqa yer egalarining aksariyati rezavor koʻkatlar yetishtirish bilan kifoyalanib qolishyapti.
Deylik, Buxoro shahridagi Otbozor mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi oʻnlab issiqxonalarda faqat shivit, koʻk piyoz, sarimsoqpiyoz kabilar yetishtirilayotganini koʻrish mumkin. Vaholanki, 16 ming aholi yashovchi mahalla masʼullarining taʼkidlashlaricha, xonadonlarning 96 foizi yerdan oqilona foydalanib, bozor rastalarini toʻkin etishga hissa qoʻsha oladi.
Binobarin, uch-toʻrt, yetti-sakkiz sotixli issiqxonalarni qishda isitishning ilmiy asoslangan, nisbatan arzon usullari suv va havodek zarur. Shundagina pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri kabi mahsulotlarning narxi xuddi hozirgidek osmonga chiqib ketmaydi. Qolaversa, bu turdagi mahsulotlarni eksport qilish salmogʻi ham oshadi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring