Issiqxona malikalari

20:32 27 Yanvar 2026 Jamiyat
231 0

Toʻrt sotixlik issiqxonadan 200 million daromad olish uchun qaysi ekinni tanlagan maʼqul? Toyloqlik Mastura Suyunova uch nafar farzandini olib, Samarqandning oʻsha mashhur Siyob bozoriga tushdi. Meva-cheva rastalarini aylandi, bundoq qarasa qoʻziqorin sotayotgan ayolning qoʻli-qoʻliga tegmaydi, O-o, dedi u. Topdim, qoʻziqorin ekaman. Mehnatkash ayolning biznesi shu tariqa boshlandi. Unga qoʻshnisi Gulchehra Xudoynazarova ham qoʻshildi.

— Hovlimizdagi boʻsh yerdan unumli foydalandik, — deydi M.Suyunova. — Issiqxona qurish qimmatga tushdi, qarz ham koʻtardik, ammo xarajat ikki oyga bormasdan qoplanib ketadi deb oʻylayman. Qoʻziqoringa hozirdan xaridor chiqyapti.

Unga qoʻshnisi Gulchehra Xudoynazarova ham qoʻshildi. 12 sotix yerda limonariya va qulupnaychilikni yoʻlga qoʻyib, ishsiz yurgan 5 nafar mahalladoshini doimiy ish bilan taʼminladi. Ayni paytda mazkur oilaning yillik oʻrtacha daromadi 500 million soʻmni tashkil etmoqda.

Bu tajriba mahalladagi boshqa xotin-qizlarni ham ilhomlantirmoqda. Tumanning Baxshitepa mahallasida istiqomat qiluvchi Samad Qurbonov ilgari issiqxonasida koʻkat va sabzavot yetishtirardi. Issiqxona malikalarining daromadlarini koʻrib, u ham qoʻziqorin yetishtirishni yoʻlga qoʻydi.

– Qoʻziqorin yetishtirish mavsum tanlamaydi, – Samad Qurbonov. – Qisqa muddatda hosil beradigan serdaromad soha. Dekabr oyida ekilgan urugʻlar 30 kun ichida hosilga kiradi. Hozir bozorbop va xaridorgir “Veshenka” navini yetishtiryapmiz. 4×6 metrli xonaga 100 qop urugʻ joylashtirdik. Har bir qopdan 7–8 kilogrammgacha hosil olyapmiz. Ayni paytda har ikki kunda 30 kilogrammgacha qoʻziqorin terib, kilosini 25 ming soʻmdan 40 ming soʻmgacha sotyapmiz.

Kelgusida tadbirkor qoʻziqorin yetishtirish hajmini kengaytirib, uni qayta ishlashni yoʻlga qoʻymoqchi.

Bu misollar shuni koʻrsatadiki, omilkorlik — katta sarmoya yoki ulkan yer talab qilmaydi. Asosiysi, imkoniyatni koʻra bilish, toʻgʻri qaror qabul qilish va mehnatdan qochmaslikdir. Toʻrt sotix yer ham toʻgʻri foydalanilsa, oila farovonligiga, mahalla ravnaqiga xizmat qilishi mumkin. Issiqxona malikasi boʻlish uchun esa, avvalo, toyloqlik ikki xonimdek qoʻrqmasdan ish boshlash kerak.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?