Issiq va shinam uyda yashash orzusi ushaldi
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Bolaligimda aksariyat mahalladoshlarimiz shahardagi koʻp qavatli uylardan xonadon sotib olishlariga koʻp guvoh boʻlganman. “Qishlagani yaxshi-da” derdi ular. U paytlar qish sovuq boʻlar, aksar xonadonlar koʻmir bilan isitilgani uchun odamlar shahardagi qulay sharoitga intilardi.
— Qish-qirovli kunlarda uyni isitish muammosi bizni doim qiynab kelgan, — deydi Andijon shahridagi koʻp qavatli uyda yashovchi Sobirjon Qodirjonov. — Aksiga olib tabiiy gazda ham uzilishlar koʻp edi. Shu bois qishda xonadonni elektr isitgichlar orqali isitardik. Vaqti-vaqti bilan yongʻin xavfsizligi boʻlimi xodimlari tomonidan bu qilmishimiz uchun jarimaga tortilgan paytlarimiz koʻp boʻlgan. Oʻshanda gazchilar gazdan faqat ovqat, choy uchun foydalanish mumkinligi, uyni isitishga ruxsat berilmaganini aytar, elektrchilar elektr energiyasidan uyni isitishda foydalanish jarimaga sabab boʻlishini uqtirib ketardi. Hech esimdan chiqmaydi, qoʻshnim ikkalamiz bozordan qoʻlbola pechka sotib olganmiz. Koʻmir orqali uyni isitayotsak yongʻin xavfsizligi xodimlari kelib, qattiq ogohlantirgan.
Aholini qiynab kelayotgan bu muammo asta-sekin ortga chekinmoqda. Bu borada “Jahon banki”ning kredit mablagʻlari hisobidan 2019-2024-yillarda Andijon, Chirchiq, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarining markazlashgan issiqlik taʼminoti tizimini rekonstruksiya qilish va samaradorligini oshirish loyihasi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
— Loyiha doirasida Andijondagi 3 dona qozon hamda 27,5 km uzunlikdagi issiqlik uzatish tarmoqlarini almashtirish, loyiha hududidagi 271 ta koʻp xonadonli uylar hamda 30 ta ijtimoiy soha obyektlariga 373 ta individual issiqlik punktlari oʻrnatish ishlarini amalga oshirish belgilangan, — deydi “Issiqlik manbai” DUK rahbari Muhammadzohid Toʻxtaboyev. — Andijonda bugungi kunga qadar yuqoridagi barcha ishlar toʻliq bajarilib, aholi va ijtimoiy soha obyektlariga issiqlik yetkazib berilmoqda.
Andijon shahridagi 2-kichik dahada joylashgan 49-uyda yashovchi Muhammadjon Oʻrmonov yaratilgan sharoitlardan minnatdor.
— Oʻtgan yili qozonxonada rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi, — deydi u suhbatda. — Mana, mavsum boshlanishi bilan xonadonlarimizga ham issiqlik manbai berila boshlandi.
Bunday xayrli ishlar nafaqat, viloyat markazi, balki tumanlarda ham keng quloch yoygan. Masalan, Asaka tumanidagi 28 ta koʻp qavatli uylar va 9 ta ijtimoiy soha obyektlari issiqlik manbai yordamida isitilmoqda.
— Bir paytlar tumandagi koʻp qavatli uylarda sharoit boʻlmaganligi bois qishloqqa koʻchib ketgandik, — deydi Alisher Navoiy nomli MFYda istiqomat qiluvchi Odinaxon Sotvoldiyeva. — Qishloqda uyni isitish imkoniyatlari koʻp. Shu bois qishloq sharoitiga havas qilgandik. Bugun koʻp qavatli uylarda keng koʻlamdagi taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Buni koʻrib tuman markazidagi koʻp qavatli uydan xonadon sotib oldik.
Darhaqiqat, ayni paytda Asaka tumanining oʻzida 1034 ta xonadonlarni issiqlik manbai bilan taʼminlash imkoniyati yaratildi. Buning uchun 30 mlrd. soʻmlik loyiha ishlari amalga oshirildi. Bu bir yilda tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun sarflanadigan 20 mlrd. soʻm mablagʻni iqtisod qilish imkonini bermoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- AQSH moliya vaziri kompyuteriga xakerlar hujum qildi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Islam Maxachevga Arman Sarukyan raqiblik qila olmaydi. “UFC 311” oldidan sodir boʻlgan noxush xabarning barcha tafsilotlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring