Ispaniyaning “Genova International School of Soccer” futbol akademiyasi Toshkentda oʻz filialini ochadi

23:44 05 Fevral 2021 Sport
1688 0

Oʻzbekistonning Madriddagi elchixonasida dunyoning qator futbol klublari va akademiyalarini birlashtirgan “Racing City Group” kompaniyasi rahbari Morris Panello hamda “Real Madrid” klubining taniqli sobiq futbolchilari Fernando Moriyentes va Edvin Kongo bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Tadbirda Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishda Ispaniya tajribasini tatbiq etish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.

Ispaniyalik sport amaldori va ishbilarmon Morris Panelloning faoliyati, asosan, futbolga ixtisoslashgan. U “Honved” va “Dutch Roda” klublarida toʻp surgan. Bugungi kunda “Racing Murcia” (Ispaniya), “Racing Capri” (Italiya), “Racing Sacramento” (AQSH) va “DibbaAl-Hisn” (BAA) futbol klublariga, shuningdek, “Genova International School of Football” futbol akademiyasiga egalik qiladi. Mazkur akademiyaning butun dunyo boʻylab filiallarida 18 mingdan ziyod bola futbol sirlarini oʻrganmoqda.

Uchrashuvda M.Panello 13-16-fevral kunlari Oʻzbekistonga safar qilib, mamlakatimiz Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi va futbol klublari rahbariyati bilan uchrashuvlar oʻtkazishni rejalashtirayotganini bildirdi.

Tashrif doirasida “Genova International School of Football” futbol akademiyasi filialini ochish toʻgʻrisida memorandum imzolanishi kutilmoqda.

Morris Panello, shuningdek, Ispaniya va Oʻzbekiston futbol klublari, ikki mamlakat yoshlar jamoalari oʻrtasida oʻrtoqlik uchrashuvlarini tashkil qilishda yordam berishga tayyorligini taʼkidladi. Bundan tashqari, u kelajakda oʻzbekistonlik futbolchilarni Ispaniya futbol klublarida malaka oshirishini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Oʻzbekistonlik sportchilarni 2024-yilda Parijda boʻlib oʻtadigan Olimpiya oʻyinlarida puxta tayyorgarlik koʻrish jarayoniga, mamlakatimiz futbol jamoalariga homiylarni jalb etishga koʻmak berishga tayyor ekanini bildirdi.

Mashhur futbolchi, dunyoning eng nomdor futbol klublaridan biri — “Real Madrid”ning sobiq hujumchisi Fernando Moriyentesning taʼkidlashicha, Markaziy Osiyo mintaqasida futbol va boshqa sport turlari rivojlanishining koʻplab jihatlarini oʻrganish natijalari Oʻzbekiston ixtisoslashgan futbol akademiyani ochish uchun eng munosib joy ekanini koʻrsatdi.

— Mamlakatingizda yoshlarni jismonan sogʻlom etib tarbiyalash va ularni qoʻllab-quvvatlashga qaratilayotgan eʼtiborni koʻryapmiz. Biz futbol sohasida hamkorlikdagi strategiyani amalga oshirishda namuna boʻlishni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻyganmiz, — dedi u.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?