Ispaysoy mikroGESi ishga tushirildi

19:01 28 Iyul 2023 Iqtisodiyot
812 0

Bugun, 28-iyul kuni “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida Pskem daryosining chap irmogʻi hisoblangan Ispaysoyda yangi mikro GESning ochilishi marosimi tashkil etildi. Aytish joizki, ushbu hudud infratuzilmasi, mahalliy aholi uchun zaruriy gidroenergetik quvvat manbai ishga tushirildi.

Bugun mazkur mikro GESning rasmiy ochilish marosimiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbirda “Oʻzbekgidroenergo” AJ rahbariyati, pudratchi va qurilish tashkilotlarining mutasaddi rahbarlari, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti hamda “Yosh bunyodkorlar” xalqaro qurilish jamoasi aʼzolari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni “Oʻzbekgidroenergo” AJ “Oʻzbekgidroenergo” AJ Kadrlar boshqarmasi boshligʻi Inoyat Sunatov ochib berib, sohada amalga oshirilayotgan ishlar xususida toʻxtalib, mazkur loyiha energetika tizimida muhim ahamiyat kasb etishi, aholini toza va arzon elektr energiyasi bilan taʼminlashga xizmat qilishi borasida oʻz fikr-mulohazalarini bildirib oʻtdi xamda “Ispaysoy” mikro GESining texnik ahamiyati va xususiyatlari toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

Ispaysoy mikroGES qurilish loyihasida Jamiyat tizim tashkilotlari hisoblangan “Gidroproyekt” AJ, “1-son Qurilish direksiyasi” va “4-son Qurilish direksiyasi” MCHJ faol ishtirok etdi.

Rasmiy ochilish tadbiriga qadar Ispaysoy mikroGESda qurilish ishlari yakunlangandan soʻng GESni tarmoqqa ulash borasidagi amaliy ishlar olib borildi. Boʻstonliq tumani Ispay qishlogʻidagi yangi qurilgan “Ispaysoy mikroGESni tarmoqqa ulashga tayyorligi toʻgʻrisida”gi 610-reglament asosida texnik koʻrikdan oʻtkazildi.

Mazkur mikro GESni foydalanishga topshirish boʻyicha “Oʻzenergoinspeksiya” Toshkent viloyati boʻlimi mutaxassislari hamda “Oʻzbekgidroenergo” AJ va “Oʻrta Chirchiq GESlari kaskadi” unitar korxonasi mutaxassislari ishtirokida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yagona elektr energetika tizimiga ulash borasida amalga oshirilgan ishlar har tomonlama texnik koʻrikdan oʻtkazildi.

Maʼlumot uchun: Ispaysoy mikro GESining quvvati 200 kVt boʻlib, oʻrtacha yillik elektr energiya ishlab chiqarishi 1,75 mln. kVt.soatni tashkil etadi.

Ispaysoy Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumani Ispay qishlogʻidan oqib oʻtuvchi Pskem daryosining chap qirgʻogʻiga quyiluvchi soy boʻlib, soyning uzunligi 13 km, hajmi 73 km2ni tashkil etadi. Soyning oʻrtacha yillik suv sarfi 2,4 m3/sek.

Mart oyidan suvi koʻpaya boshlaydi, eng katta suv sarfi may-iyun oylarida kuzatiladi. Kuz-qish mavsumida suvi kamayadi.

Shu oʻrinda “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan joriy 2023-yilda umumiy 197 MVt quvvatga teng 7 ta loyihalarni belgilangan muddatida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Qayd etish joizki, mamlakatimiz suv-energetika salohiyatidan maqsadli foydalanish maqsadida, yangi GESlarni qurish boʻyicha tasdiqlangan investitsiyaviy loyihalar asosida hududlarda fidoyi gidroenergetiklar jamoasi tomonidan jadallik bilan qurilish ishlari olib borilmoqda. Sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, ishchi-xodimlarning jonkuyarligi hamda samarali mehnati natijasida yangi Oʻzbekistonning gidroenergetika salohiyati tobora yuksalib bormoqda.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?