Islohotlar natijadorligi tahlil qilinib, qoʻshimcha vazifalar belgilandi

16:23 16 Iyun 2025 Siyosat
141 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-iyun kuni islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi va aholini qiynayotgan masalalar tahlili boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Yigʻilish boshida joriy yilning besh oyidagi iqtisodiy-ijtimoiy koʻrsatkichlar qayd etildi. Bu davrda sanoat 6,4 foiz oʻsgan, eksport miqdori 18 foiz, xorijiy investitsiyalar 46 foiz oshgan. Qiymati 3 milliard dollarlik 2 ming 500 dan ziyod yangi quvvat ishga tushgan. 2 million 400 ming odam daromadli boʻlgan.

Shu bilan birga, dunyoda turli mojarolar avj olayapti, savdo aloqalari va logistika qiyinlashayapti. Tinchlik, adolat va inson qadrini ulugʻlashga boʻlgan ehtiyoj har qachongidan ham oshib borayapti.

Shuning uchun hokimlar va vazirlar imkoniyatlarni toʻgʻri baholab, tashabbus koʻrsatib ishlashi, aholi va biznes bilan muloqotni yanada kuchaytirib, muammolarni tez-tez hal qilib berishi zarur.

Yigʻilishda bu masala hududlar va tarmoqlar kesimida tahlil qilinib, tizimli kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi.

Masalan, har bir tumandagi 40 dan ziyod tashkilotda oʻrtacha 500 nafar xodim ishlaydi. Lekin ayrim oddiy masalalarni hal qilish uchun ham viloyatdan, ular esa respublikadan ruxsat olishi kerak. Yoki, vakolati va mablagʻi yetarli boʻlgan tashkilotlar oʻzini “nazoratchi” deb bilib, aholining ogʻirini yengil qilish bilan shugʻullanmayapti.

Vazirlar, hukumatdagi masʼullar tartib-intizomga qattiq eʼtibor bermagani uchun islohotlar ijrosi choʻzilib ketayapti. Sud qarorlari vaqtida bajarilmayotgani yuzasidan ham murojaatlar koʻp.

Yilning qolgan davrida 26,5 milliard dollar investitsiya kiritilishi, 1-sentyabrgacha 3,3 milliard dollarlik 35 ta yirik loyiha ishga tushirilishi koʻzda tutilgan.

Yaqinda boʻlib oʻtgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida 30,5 milliard dollarlik savdo va investitsiya shartnomalari imzolandi. Ular boʻyicha ham tizimli ish olib borish kerak.

Shu bois yigʻilishda ijro intizomini mustahkamlash, aholi muammolari bilan ishlash boʻyicha yangi tizim yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.

Bundan buyon ijro intizomiga Hisob palatasi masʼul boʻladi, uning vakolatlari kengaytiriladi. Berilgan mablagʻlarning faqat toʻgʻri sarflanishi emas, balki nima samara bergani, aholi bundan qanchalik rozi boʻlgani ham oʻrganiladi. Palata bu tahlillardan kelib chiqib, davlat rahbariga takliflar kiritadi. Prezident Administratsiyasining Nazorat inspeksiyasi tugatiladi.

Toshkent shahrida oʻzini oqlagan “Xalq nazorati” elektron portali butun respublikada ishga tushiriladi. Bu tizim murojaatlarning yagona platformasi boʻladi va unga barcha vazirlik, idora, hokimliklar ulanadi.

Oxirgi paytlarda Xalq qabulxonalari aholi dardini eshitib, masalalarni hal qilish oʻrniga, murojaatlarni davlat tashkilotlariga taqsimlovchi vositachiga aylanib qolgan edi. Joylardagi muammolar hal boʻlmagani uchun ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqishlar koʻpaygan.

Prezidentimiz aholining dardu tashvishlarini eshitib, odamlarga sharoit yaratib berish rahbarlarning asosiy vazifasi ekanini taʼkidladi.

– Har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning dardi va umidi turganini unutmasligimiz kerak. Xalqning dardi bilan yashash biz uchun majburiyat, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois Xalq qabulxonalari tarkibi fidoyi mutaxassislar bilan toʻldirilishi aytildi. Endi Xalq qabulxonalariga viloyat va tuman hokimining oʻzi rahbarlik qiladi. Ular har kuni ishini aholi dardi va tashvishini eshitishdan boshlaydi. Bugun tugʻilgan muammoni keyinga oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi. Murojaatni boshqa idoraga yubormasdan, shu joyning oʻzida hal qiladi. Buning uchun tuman hokimining vakolatlari kengaytiriladi.

Masalan, hokimda tuman tashkilotlari shtatini taqsimlash, yaxshi rahbarni ragʻbatlantirish, sustrogʻini vazifasidan ozod qilish boʻyicha vakolat yoʻq. Hokim ham, oʻrinbosarlari ham koʻp vaqtini yigʻilish oʻtkazishga sarflayapti.

Quyi boʻgʻindagi shtatlar hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadiga mos emas. Tarmoq tashkilotlari koʻp yillik rejalar dasturini qilib, tashabbus koʻrsatmayapti, kunlik topshiriqlar bilan ovora.

– Tuman boʻgʻini samarali ishlamasa, yuqoridan qanday topshiriq tushirilmasin, koʻzlangan maqsadlarga erishib boʻlmaydi, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari shunga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Endi tumanlarda yondashuv ham, boshqaruv tizimi ham oʻzgaradi. Bu yil Surxondaryo viloyatida hamda 16 ta hududda – Bektemir, Qoʻngʻirot, Chimboy, Asaka, Gʻijduvon, Gʻallaorol, Yakkabogʻ, Xatirchi, Chortoq, Bulungʻur, Sirdaryo, Quva, Shovot, Hazorasp tumanlari, Margʻilon va Yangiyoʻl shaharlarida yangicha boshqaruv joriy etiladi.

Yaʼni, iqtisodiyot va moliya, investitsiya, qishloq xoʻjaligi, bandlik, qurilish, ekologiya, madaniyat, oila va xotin-qizlar, yoshlar masalalari boʻyicha 9 ta davlat idorasining tuman boʻlimi hokimlik tizimiga oʻtadi. Ulardagi jami shtatlarni taqsimlash, ishga olish va boʻshatishni hokim hal qiladi. Tumanlar ixtiyorida qoladigan mablagʻlar manbasi koʻpaytiriladi.

Endi hokimda 4 nafar oʻrinbosar boʻladi. Tuman yo shaharning rivojlanish rejasiga qarab, qaysi soha boʻyicha oʻrinbosar boʻlishini uning oʻzi belgilaydi. Hokim oʻrinbosariga aniq vazifalar yuklatilib, har bir vazifa va funksiyasi mablagʻi bilan mustahkamlanadi.

Hokim va uning oʻrinbosarlari samaradorlik koʻrsatkichlarini toʻliq bajarsa, keyingi yil hududga beriladigan mablagʻ 10-15 foiz koʻpaytiriladi. Aks holda, mablagʻ oshirilmaydi va masʼul rahbar ishdan ketadi.

Tumanda soha mutasaddilari va yetakchi tadbirkorlardan iborat “Islohotlar shtabi” tuziladi. U orqali mahallalar kesimida loyiha, infratuzilma, moliyaviy manba, kadrlar masalasini qamrab olgan uch yillik dastur tayyorlanadi. Kelgusi yil uchun byudjet, infratuzilma, ishlab chiqarish, xizmat, investitsiya va bandlik dasturlari shu asosda tasdiqlanadi.

Bu yangi tajriba, natijalarga qarab, kelgusi yildan butun respublikamizda yoʻlga qoʻyiladi.

Yana bir muhim yangilik – ishchan va jozibador muhit yaratish uchun 1-avgustdan barcha viloyat va tuman hokimliklarida ish haqi oshiriladi, xodimlarga ishiga qarab oylik ustama va qoʻshimcha bonus beriladi.

Lekin, oʻziga yuklatilgan vazifani bajara olmaganlarga chora koʻriladi. Ana shunda, hamma intizom va reja bilan ishlashga oʻrganadi.

Yigʻilishda hududlarda bandlikni taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, investitsiya va eksport hamda muhitni yaxshilash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Soliq maʼmurchiligini yaxshilab, aholi tadbirkorligini va ish oʻrni yaratishni qoʻllab-quvvatlash zarurligi taʼkidlandi.

Mahallalarga suv olib borib, meva-sabzavot yetishtirish, zamonaviy agrotexnologiyalar orqali eksportni koʻpaytirish imkoniyatlari koʻrsatib oʻtildi. Oʻrmon va yaylovlardan chorvachilikda foydalanib, goʻsht va sut mahsulotlarini koʻpaytirish, oziq-ovqat inflyatsiyasini jilovlash chora-tadbirlari belgilandi.

Shaharlarda jamoat transportini rivojlantirish, yoʻl harakatini toʻgʻri tashkil qilib, tirbandlik va avtohalokatlarni kamaytirishning ahamiyati qayd etildi. Odamlar sayr qiladigan joylar, yashillik va bolalar maydonchalarini koʻpaytirib, xalqni rozi qilish talabi qoʻyildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir, hukumat aʼzolari va hokimlar axborot berdi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер