«Isitish davrining har kuniga 1 kv.m. maydon hisobida toʻlash boʻyicha yangi tartib aholining takliflariga asosan joriy etilgan» — vazirlik

17:32 09 Oktyabr 2020 Jamiyat
1241 0

Bugun AOKA zalida Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi mutasaddilari ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida yangi toʻlov tartibi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan izoh berildi:

«Ushbu tartib ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinib, notoʻgʻri talqin qilinmoqda. Masalaga oydinlik kiritish yangi tartibning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka tushuntirish uchun quyidagilar maʼlum qilinadi.

Isitish davrining har bir kuniga 1 kv.m. isitiladigan maydon hisobida toʻlash boʻyicha yangi toʻlov tartibi aholi tomonidan berilgan takliflarga asosan joriy etilgan. Oldingi toʻlov tartibi boʻyicha isteʼmolchilar tomonidan doimiy ravishda “issiqlik taʼminoti 4,5-5 oy berilayotgan boʻsa nima uchun 12 oy davomida hisob-kitoblar qilinadi” degan koʻplab eʼtirozlar va arizalar boʻlar edi.

Tariflar koʻtarilishi fuqarolarning turmush darajasiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligi haqida tashvishlarga hech qanday asos yoʻq, chunki isitish davrining har bir kuniga 1 kv.m isitiladigan maydon hisobida toʻlash tartibi issiqlik taʼminoti uchun tariflarni oshirilishini nazarda tutmaydi, faqat toʻlovlarni amalga oshirish tartibi oʻzgartirilmoqda.

Oldingi toʻlov tartibi boʻyicha toʻlovlar 12 oy davomida hisob-kitob qilingan va isitish kunlari eʼtiborga olinmagan. Misol uchun, 2018/2019-yillarda isitish mavsumi 135 kun, 2017/2018-yillarda — 148 kun davom etgan, 2019/2020-yillar karantin sharoitlarini eʼtiborga olgan holda — 165 kunni tashkil etdi.

Joriy etilgan yangi tartib boʻyicha toʻlovlar faqat isitish mavsumining har bir kuniga hisob-kitob qilinadi. Shunga koʻra, faqat isitish mavsumi davrida toʻlovlar oshgan boʻlsa-da, isitish mavsumi yakunlangandan soʻng toʻlovlar amalga oshirilmaydi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?