Ishli odam — baxtli odam
Foto: Xalq soʻzi
Zaynabxon “ehtiyojmand”, “kam taʼminlangan” degan soʻzlarni yomon koʻradi. Imkon topildi deguncha ishlab roʻzgʻori kam-koʻstini toʻldirishga intiladi. Lekin ish masalasida uning qoʻli kaltalik qilib turgandi. Buni qarangki, aholiga 20 sotixdan yer berilayotgani qulogʻiga chalinib qoldiyu, yuziga nur yogʻildi. Bu bu biz uchun imkoniyat, imtiyoz, ragʻbatku, deb oʻyladi.
Haqiqatda Jondor tumanidagi “Dovud” mahalla fuqarolar yigʻini hududida istiqomat qiluvchi Zaynab Oʻrmonovaga takroriy ekin ekish uchun 20 sotix yer ajratildi. Uning ich-ichidan quvonganini soʻz bilan ifodalash qiyin.
— Erta tongda ketmonni yelkaga olib, dalaga yoʻl olamiz, — deydi Zaynab opa. — Ochigʻi, biz bu yerlarni endi oltin dala deymiz. Chunki u oʻz uyimizdek qadrdon va rizq-nasiba manbai. Qovun, tarvuz, piyoz, sabzi yetishtiryapmiz. Bir qismini bozorda sotmoqdamiz. Shu tariqa roʻzgʻor kamu koʻstini toʻldirayapmiz. Eng muhimi, ishli ekanim, peshona terim bilan halol rizq topayotganimdan quvonaman. Ishli odam baxtli odam ekan.
Mahalla fuqarolar yigʻini raisi Askar Ostonovning bildirishicha, bu yil hosildan boʻshagan 17 gektar ekin maydoni “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”da turgan 60 nafar fuqaroga auksion orqali takroriy ekin ekish uchun ajratib berildi. Bu yerda sabzavot mahsulotlari, dukkakli ekinlar yetishtirilmoqda. Tayyor mahsulot peshma-pesh bozorga chiqarilayapti. Natijada ehtiyojmand oilalarning real daromadini va turmush darajasini oshirish imkoni yuzaga kelyapti.
Prezidentimiz tashabbusi bilan aholining ehtiyojmand qatlami hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan bu xayrli tadbir Olot tumanida ham oʻz mevasini bermoqda. Buni shu tumanning “Xidreyrli” mahallasi misolida ham koʻrish mumkin.
— Hududimizda yashovchi 20 nafar ehtiyojmand fuqaroga takroriy ekin ekish uchun auksion orqali 30 sotixdan yer ajratildi, — deydi mahalladagi hokim yordamchisi Elbek Rahmatov. — Ishni “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida tashkil etganmiz. Davlatimiz rahbarining tegishli topshirigʻi bilan bu yerlar har bir dehqonga 30 yil muddatga berilishidan fuqarolarimiz benihoya xursand. Bu tomorqachilarning koʻngillarini xotirjam tutgan holda yerga mehr berib ishlashlari uchun katta imkoniyatdir.
Olotdan chamasi 130 kilometr olisda – Gʻijduvon tumanidagi “Labiroʻt” mahallasida yashovchi Zuhra Rajabovadan ham xuddi shu mazmundagi soʻzlarni eshitdik.
— Oʻtgan yili hosildan boʻshagan yerda takroriy ekin ekib, 20 million soʻm daromad qilgandik, — deydi u. — Halol mehnat ortidan topilgan pulni roʻzgʻorimiz kam-koʻstiga sarfladik. Qolaversa, oʻz kuchimizga boʻlgan ishonch ortdi. Yer bilan tillashgan aslo kam boʻlmas ekan. Bu yil bir gektar yerda qovun yetishtirayapmiz. Nasib qilsa, oʻtgan yildagiga nisbatan ikki-uch baravar koʻp daromad qilamiz. Mehnat qilganning noni butun boʻladi. Buni biz oʻz faoliyatimiz misolida koʻrib turibmiz.
Eʼtiborlisi, Buxoroda takroriy ekin ekish bilan kifoyalanib qolmay, yetishtirilgan hosilni yarim tayyor mahsulot holida bozorga chiqarish harakatini qilayotgan dehqonlar koʻpaymoqda. Peshku tumanining Bobohoji qishlogʻida yashovchi Boburjon Razzoqov ana shunday mirishkorlardan. U oʻziga ajratilgan 10 sotix yerda baqlajon, bulgʻor qalampiri yetishtirib, mahsulotni bankalarga konservalagan holda bozorga chiqarayapti. Shu tariqa tarkibi foydali mikroelementlarga boy mahsulotni qishin-yozin saqlash imkoni yuzaga kelayotir. Xaridorlarga qulaylik yaratilyapti. Dehqon ham moʻmay daromad koʻrmoqda.
Maʼlumotlarga qaraganda, viloyatda hosildan boʻshagan maydonlarning 17 ming gektari ijtimoiy daftarlar roʻyxatida turgan 45,5 ming nafar ishsiz fuqaroga ular xohish-istaklari hamda imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda takroriy ekin ekish uchun ajratib berildi. Takroriy ekin ekib, mahsulot yetishtirgan har bir xonadon mavsumda oʻrtacha 7 – 8 million soʻm daromad qilishi kutilayapti.
Viloyat boʻyicha fermer xoʻjaligi aʼzolari va “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”da roʻyxatda turgan 88075 xonadon tomonidan takroriy ekin ekish evaziga umumiy hisobda 563 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilishi hamda 801 milliard soʻm daromad olinishi moʻljallanmoqda. Yana bir muhim jihat shundaki, takroriy ekin ekish jarayoni sharofati bilan viloyat boʻyicha 88 ming kishining bandligi taʼminlanadi.
— Birgina mana shu nuqtai nazardan qaraganda ham Prezidentimizning hosildan boʻshagan ekin maydonlaridan oqilona foydalanish, ularni ehtiyojmand oilalarga takroriy ekin ekish uchun berish borasidagi tashabbusi juda katta ahamiyatga ega, — deya mulohaza yuritadi Buxoro tumanidagi “Madaniyat Muhammad Ismat” fermer xoʻjaligi rahbari, Oʻzbekiston Qahramoni Muhammad Ahmedov. — Bu bozorlarimizni toʻkin boʻlishiga, qish va bahor oylarida oziq-ovqat zaxiralarini yaratishda qoʻl keladi.
Qahramon otaxon haq. Endi yerga mehr qoʻyib ishlaganning kosasi oqaradi. Dehqon yelkasiga oftob tekkani shu emasmi?
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
- Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida
- “Yengilmas: Tokioga yoʻl”
- Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkazilmoqda (fotoreportaj)
- Surxondaryoda 3 ming yillik shahar qoldiqlari topildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring