Ishlamaydigan komissiya kimga kerak?
Bugun toʻy va maʼrakalar oddiy urf-odat boʻlib qolmay, koʻp oilalar uchun qarz, tashvishga aylanib ulgurdi. “Odamlar nima deydi?” degan gap bilan ortiqcha sarf-xarajatga kirishilyapti, natijada yosh oilalar hayotni qarz bilan boshlayapti. Prezident tashabbusi bilan toʻy va maʼrakalarni tartibga solish masalasining yana kun tartibiga olib chiqilgani bejiz emas.
Joriy yilda Soʻx tumanida toʻy va marosimlarni tartibga solish masalasi yuzasidan deputatlik soʻrovi kiritildi. Unda tumanda mazkur yoʻnalishda qarorlar qabul qilingan boʻlsa-da, ularni hayotga tatbiq etadigan, qogʻozda emas, amalda ishlaydigan tizim shakllanmagani, nazorat va muvofiqlashtirish ishlari yoʻlga qoʻyilmagani ochiq-oydin koʻrsatildi. Oddiy aytganda, qaror bor, ammo uni bajarishni taʼminlaydigan, aholi bilan ishlaydigan va javobgarlikni his qiladigan aniq tartib yoʻq.
Oʻrganishlar natijasi shuni koʻrsatdiki, “Soʻx”, “Saribozorcha”, “Mulgon”, “Demursad”, “Zangʻat”, “Chumoqcha”, “Chashma”, “Navobod”, “Guliston” va “Qalbacha” mahallalarida oilaviy marosimlarni ixchamlashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar juda qoniqarsiz. Xalq deputatlari Soʻx tumani Kengashining joriy yil 17-sentyabr kuni boʻlib oʻtgan sessiyasida toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni tartibga solish va muvofiqlashtirish uchun maxsus tuman komissiyasi tuzildi. Unga nafaqat qogʻozdagi qarorni bajaruvchi, balki jamoatchilik nazoratini ham amalga oshiruvchi tuzilma sifatida aniq vakolat berildi. Qaror ijrosini tahlilida koʻrildiki, amalda bunga yetarli eʼtibor berilmagan. 2019-yil 14-sentyabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma qarori asosida ham Soʻx tumanida toʻy va marosimlarni tartibga solish boʻyicha maxsus komissiya tashkil etilgandi. Egizak qarorlarga qaramay, shu paytgacha komissiya va uning aʼzolari deyarli faoliyat koʻrsatmagan. Hozirgi holatda ham avvalgi qaror ijrosini taʼminlamagan rahbarlikda yana bir komissiya tuzilgan. Qiziq tomoni, roʻyxatga kiritilgan bir necha aʼzo oʻzlari bu qarordan bexabar. Nomlari roʻyxatda boʻlishiga qaramay, biror ishda ishtirok etmagan. Tuman komissiyasi samarali ishlamayotgan bir paytda barcha ogʻirlik “mahalla yettiligi” zimmasiga tushmoqda.
Masalan, joriy yilning oʻtgan davrida Soʻx tumanida 372 ta nikoh qayd etilgan boʻlsa, 59 ta oilaviy ajrim boʻlgan. Ajrimlarning 30 tasi 30 yoshgacha boʻlgan yosh oilalar hissasiga toʻgʻri keladi. Natijada 38 nafar bola tirik yetim qolgan. 25 ta mahallaning ikkitasi ajrimlar koʻpaygani sababli “qizil” toifaga oʻtkazilgan. Faqat 3 ta mahallada ajrim kuzatilmagan, 20 ta mahallada esa vaziyat nisbatan barqaror deb baholangan. Albatta, ish toʻgʻri tashkil etilgan joyda natija borligini inkor etib boʻlmaydi.
Soʻx tumanidagi “Hazrati Ali” mahalla fuqarolar yigʻinida olib borilgan izchil ishlar natijasida 48 ta toʻy marosimi qaror talablariga rioya etilgan holda ixcham va kamxarj oʻtkazildi. Taʼziya marosimlari uch kun ichida yakunlanib, ortiqcha xarajatlarga yoʻl qoʻyilmadi. Tejalgan mablagʻlar mahalla obodligiga yoʻnaltirilib, ikki qavatli mahalla binosi qurildi. Kam taʼminlangan oilalar uy-joy bilan taʼminlandi. 1,5 kilometr masofaga suv quvuri tortilib, aholining ichimlik suviga boʻlgan ehtiyoji qondirildi.
Toʻy va maʼrakalar ixcham oʻtkazilgan mahallalarda aholida oʻqish, hunar oʻrganish va ijtimoiy faollik yuqoriligi seziladi. Shuning uchun toʻylar va oilaviy marosimlarni tartibga solish boʻyicha mahalliy komissiyalar, masʼullar tushuntirish ishlarini olib borishsa, faqat qogʻozdagi egizak qarorlar emas, haqiqiy hayotda ham oʻzgarishlar boʻladi. Aholi ham buni tushunib yetadi. Toʻylar ixcham va maqsadli oʻtkazilsa, bu nafaqat oila byudjetini mustahkamlaydi, balki jamiyat farovonligi va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashda ham muhim ahamiyatga ega.
Subhonali NISHONOV,
Xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashi deputati.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining III yigʻilishi oʻz ishini boshladi
- Poytaxtga avtomobillar kirishiga hech qanday taqiq yoʻq — Toshkent shahar hokimligi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring