Ishdan noqonuniy boʻshatilgan xodim oʻz vazifasiga tiklandi — Ombudsman

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ga Fargʻona viloyatidan fuqaro V.A. ishdan noqonuniy ravishda boʻshatilganligi boʻyicha murojaat qilib, uning mehnat huquqlarini tiklashda yordam soʻradi.
Murojaatchining yozishicha, u “Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi” MCHJda yetakchi mutaxassis lavozimida ishlab kelgan. Fuqaro V.A. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2023-yilning oktyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 161-moddasiga asosan bekor qilingan. Unga asos qilib jamiyat kasaba uyushmasi qoʻmitasining tegishli yigʻilish bayoni koʻrsatilgan.
Shuningdek, fuqaro V.A. 1995-yildan buyon ushbu jamiyatda ishlagani va avval biror marta intizomiy javobgarlikka tortilmagani hamda boquvchisi yoʻq yolgʻiz ona ekanini qayd etgan.
Murojaat Ombudsmanning Fargʻona viloyatidagi mintaqaviy vakili va Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyat Kengashi bilan birgalikda oʻrganildi.
Ishga taalluqli hujjatlarni oʻrganish jarayonida xodim 2023-yilning iyul oyida navbatdagi mehnat taʼtiliga chiqqani, unga qachon ishga qaytishi kerakligi maʼlum qilinmagani, taʼtil vaqtida sogʻligʻi yomonlashgani tufayli 2 marotaba mehnatga layoqatsizlik varaqalari ochilgani, xodim ishga qaytganida 2 kun sababsiz ishda boʻlmaganligi sababli unga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilganligi aniqlandi.
Hujjatlar oʻrganilib, ish beruvchi tomonidan mehnat qonunchiligi buzilganligi holatlari aniqlandi va sudga ishga tiklash haqida daʼvo ariza kiritildi.
Fuqarolik ishlari boʻyicha Fargʻona tumanlararo sudining hal qiluv qarori bilan ish beruvchining buyrugʻi gʻayriqonuniy deb topildi va bekor qilindi. Murojaatchi V.A. oʻz lavozimiga tiklanib, majburiy progul kunlari va yetkazilgan maʼnaviy zarar uchun 19 million 680 ming soʻm undirilishi belgilandi.
Hozirda murojaatchi avvalgi lavozimida oʻz ish faoliyatini davom ettirmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring