Ishchi guruh Sirdaryoda nimalarni oʻrganmoqda?

18:24 11 Sentyabr 2023 Jamiyat
345 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A.Xaitov rahbarligidagi Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruh avgust oyidan beri Guliston shahri hamda Mirzaobod tumanlarida jamoatchilik nazorati tartibida oʻrganishlar olib bormoqda. Mazkur oʻrganishlardan maqsad deputatlar nazoratini va mahalliy Kengashlar faoliyatini kuchaytirish hamda ularga amaliy yordam koʻrsatish, shuningdek, Sirdaryoni sanoat, tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va tibbiyot sohalarida “Innovatsion hudud”ga aylantirishga koʻmaklashishdan iboratdir.

Ishchi guruh tomonidan Prezidentimizning viloyatlarga tashriflari doirasida boʻlib oʻtgan yigʻilishdagi maʼruzasining mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish maqsadida mahalliy Kengash deputatlari,mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi masʼullar, aholi vakillari ishtirokida uchrashuvlar oʻtkazilmoqda. Mahalliy kengashlar sessiyalari kun tartibidagi masalalar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning axborotlari eshitilib, tanqidiy muhokama qilinmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2023-yil 27-iyulda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi hamda davlatimiz rahbarining viloyatlarga tashriflari davomida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari, investitsiyalarni jalb qilish, aholi bandligini taʼminlash, sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish borasida belgilangan vazifalarning bajarilishi boʻyicha 6-8-sentyabr kunlari Guliston shahrida oʻrganish olib borildi. Shuningdek,oʻrganishlar davomida hududiy investitsiya loyihalarining ishga tushirilishi, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda eksport prognozlarining bajarilishi tahlil qilindi.Mazkur masalalarni joyida oʻrganish maqsadida, ishchi guruh aʼzolari Guliston shahridagi bir qator tadbirkorlik subyektlari, ishlab chiqarish korxonalarida boʻlib, mavjud muammolarga yechim izlash borasida mutasaddilar ishtirokida muloqotlar oʻtkazdi.

Deputatlar tomonidan Guliston shahrida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va koʻp kvartirali uy-joy fondini 2023-yilda kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni taʼminlashga doir tasdiqlangan parametrlar bajarilishi ustidan jamoatchilik nazorati tartibida oʻrganish olib borildi. Aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.

Shuningdek, ishchi guruh vakillari Mirzaobod tumanida sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlash, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik borasida amalga oshirilayotgan ishlarga doir masalalarga ham eʼtibor qaratdi.Oʻrganishlar va uchrashuvlarda mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish masalasiga alohida eʼtibor qaratilishi, tomorqadan unumli foydalanish, aholi muammolarini, muhtoj oilalarning talab-istaklarini joyida hal etish boʻyicha vazifalar masʼullarga yetkazildi.Ijtimoiy soha obyektlari ham koʻzdan kechirilib, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, koʻmirga moslashgan qozonxonalar, ichimlik suvi taʼminoti, muqobil energiya manbalarining joriy etilganligi holatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Ahmadali Shernazarov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер