Iqtisodiy salohiyati mustahkam hudud

13:00 11 Fevral 2025 Jamiyat
155 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Urgut Samarqand viloyatidagi yirik tumanlardan biri boʻlishi barobarida mustahkam iqtisodiy salohiyatga ega. Oʻzining gavjum bozorlari bilan mashhur. Hunarmandlar markazlaridan biri sifatida ham tanilgan. Duradgorlikdan tortib soʻzani yasashgacha yuzlab hunarmandlar bor. Urgut togʻlarida dorivor giyohlarning yuzlab turini uchratish mumkin. Tarixiy hududlari, chiroyli manzaralari qatorida tuman yana bir katta boylik – tadbirli, yoʻqdan bor qila oladigan salohiyatli ishbilarmonlari bilan ham nom qozongan.

2017-yilda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgani nafaqat Urgut tumani, balki Samarqand viloyati iqtisodiyotining rivojiga sezilarli taʼsir koʻrsatdi. Dastlab 1 ta massivda 58 ta korxonadagi 700 ga yaqin ish oʻrni bilan ish boshlagan Urgut EIZ ayni paytda viloyatning 22 ta massivida umumiy 1559,3 gektar yer maydoniga ega. Hozirga qadar “Urgut” EIZda qiymati 700 million dollarlik 84 ta loyiha ishga tushirilgan boʻlib, 6 618 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi. “Urgut erkin iqtisodiy zonasi” korxonalari tomonidan 2018-yilda 294 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilgan boʻlsa, bu koʻrsatgich oʻtgan yilda 4 418,0 milliard soʻmga yetdi.

“Urgut” erkin iqtisodiy zonasining Samarqand tumanidagi “Xishrav-2” hududida qad koʻtargan masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Azia metall prof” qoʻshma korxonasi bugungi kunda Samarqand viloyatidagi eng yirik ish beruvchi korxonalardan biri sanaladi. Korxona ish boshlashi bilan viloyatda yangi metallurgiya sanoatiga asos soldi. Mazkur korxonada 13 turdagi metall quvurlar, 17 turdagi metall profillar, asosi poʻkakli, shisha va bazalt tolasidan boʻlgan sendvich panellar, ruxlangan va turli ranglar bilan polimerlangan tunukalar, gipsokarton va boshqa metall profillar, qurilish simlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.

— Ilgari bu maydon chiqindixonaga aylangan. Quruq shoʻra bosib yotgan bu yerda zamonaviy korxonalar qurilishi hech kimning xayoliga kelmagan, — deydi “Azia metall prof” MCHJ rahbari Odiljon Boltayev. — Dastlab korxonada 80 nafar ishchi bilan oʻz faoliyatimizni boshlagan boʻlsak, bugungi kunda 1400 nafardan ortiq ishchilar mehnat qilmoqda. Mahalliy va tashqi bozor talabidan kelib chiqib oʻramali metalldan turli oʻlchamdagi metall quvurlar va profillar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Bundan tashqari, yana 3 ta yirik loyihani ishga tushirdik. Ayni paytda asosiy xomashyomiz boʻlgan yarim tayyor metall listlarni oʻzimizda ishlab chiqarish borasida izlanishlar olib borilmoqda. Agar bu loyihamiz amalga oshsa, korxonada ishlab chiqarish jarayoni toʻliq mahalliylashtiriladi.

“Urgut erkin iqtisodiy zonasi”da oʻtgan yilda umumiy qiymati 87,7 million dollarlik 10 ta loyiha ishga tushirildi. Mazkur yangi korxonalar hisobiga 500 ga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratildi. “Urgut EIZ”ning Jomboy tumanidagi Nazar massivida ishga tushirilgan “CCI Samarkand limited” MCHJ ning loyiha qiymati 78,4 million AQSH dollarini tashkil etadi. Mazkur korxona tomonidan yiliga 58 million dona har xil turdagi salqin ichimliklar ishlab chiqarilmoqda. Ayni paytda korxonada 200 nafardan ortiq ishchi-xizmatchilarning bandligi taʼminlangan.

Samarqand tumanining Sazagʻan massivida joylashgan “Telekom elevating systems” MCHJ ning loyiha qiymati ham 3,2 million AQSH dollariga teng. Mazkur korxona lift, eskalator va metallokarkas ishlab chiqarishga ixtisoslashgan boʻlib, bu yerda 70 kishi doimiy ish oʻrniga ega. Urgut tumanidagi Sariqtepa massivida joylashgan “Elektronics — ideal” MCHJ tomonidan ham ichki va tashqi bozorda yuqori talabga ega boʻlgan zamonaviy changyutgich, kir yuvish mashinalari, gaz plita va mini pech kabi maishiy texnikalar ishlab chiqarilmoqda. Bu yerda hududda istiqomat qiluvchi 150 nafardan ortiq kishi doimiy ish bilan band.

— Hozirda korxonamizda ishlab chiqarilayotgan changyutgich, kir yuvish mashinalari, gaz plita va mini pechlar Oʻzbekistonning “IDEAL” brendi ostida xorijga eksport qilinmoqda, — deydi korxona rahbari “Elektronics — ideal” MCHJ rahbari Nazir Asatov. — Oʻtgan ikki yilda qariyb 2 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulot Rossiya, Tojikiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston davlatlariga eksport qilindi.

Urgut tumanidagi Mergancha massivida joylashgan “Elite-Elektro-Group” MCHJ korxonasining loyiha qiymati 1,60 million AQSH dollarini tashkil etadi. Mazkur korxona tomonidan yiliga 70-80 ming dona yarim avtomat kir yuvish mashinasi ishlab chiqariladi. Korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotning 70 foiz asosiy butlovchi qismlari mahalliylashtirilgan. Yillik eksport hajmi qariyb 300 million AQSH dollarini tashkil etadi.

— “Urgut erkin iqtisodiy zonasi”ning tashkil etilishi va ishlab chiqarish korxonalarining koʻpayishi ishsizlar uchun ayni muddao boʻldi, — deydi tumanning “Dehqonobod” mahallasida yashovchi Hasan Yangiboyev. — Oilamizdan turmush oʻrtogʻim, oʻgʻlim bilan “Urgut erkin iqtisodiy zonasi”da tashkil etilgan turli korxonalarda mehnat qilib daromad topyapmiz. Roʻzgʻorimizga baraka kirdi. Yaratilgan sharoitlardan mamnunmiz.

Maʼlumotlarga koʻra, “Urgut erkin iqtisodiy zonasi”da joriy yilda umumiy qiymati 60,2 million AQSH dollariga teng boʻlgan 10 ta loyihani ishga tushirish, 430 ta yangi ish oʻrinlari yaratish, mahsulot ishlab chiqarishni 4,5 milliard soʻmga, eksport hajmini 110 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, qiymati 840,7 million dollar boʻlgan 78 ta loyihada qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur korxonalar ish boshlashi bilan kelgusida yana 6 mingga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер