Ipak matolar jilosi va ziravorlar ifori Buxoroni yanada maftunkor etmoqda

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Koʻhna Buxoroning tarixiy qismi bayramona qiyofada. Turnaqator tizilgan rastalar, milliy kuy-qoʻshiqlarning sehrli ohangi, atlas-u adrasga burkangan savdo rastalari, xushboʻy ziravorlarning hidi sayyohlar-u shahar mehmonlarini oʻziga ohanrabodek tortyapti. Qadimiy shaharda “Ipak va ziravorlar” festivali boʻlib oʻtmoqda.
— Buxoroga sayohatimiz aynan shu festivalga toʻgʻri kelib qoldi, — deydi italiyalik sayyoh Kostansa Bombardo. — Festival doirasidagi tadbirlarni tomosha qilib juda taʼsirlandim. Shahar, uning odamlari menga juda yoqdi. Buxoroga yana kelish niyatidaman.
Viloyat hokimligi va boshqa bir qator manfaatdor tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan XXI anʼanaviy xalqaro festivalni bu gal dunyoning 70 ga yaqin davlatidan kelgan sayyoh tomosha qilmoqda. Turkiya, Eron, Rossiya, Tojikiston, Qirgʻiziston kabi mamlakatlardan hunarmandlar ham tashrif buyurib oʻz koʻrgazmalarini namoyish etmoqda. Ular orasida turkmanistonlik Yelena Kotova ham bor.
— Qoʻl mehnati asosida oilaviy ishlab, roʻzgʻorbop turli buyumlar tayyorlaymiz, — deydi u. — Koʻrgazma bahonasida sinchiklab kuzatdim: mahalliy hunarmandlar va biz tayyorlagan soʻzanalar dizayni har xil. Ammo tikilish uslubida, texnikasida oʻxshashlik bor. Biz har ikki yilda oʻtadigan bu tadbirga bajonidil kelyapmiz. Yangidan yangi gʻoyalar bilan qaytyapmiz. Bilasizmi, “Ipak va ziravorlar” festivali oʻtayotgan Buxoroda ruhing allanechuk yengil tortadi.
— Biz Almati shahridagi oliy oʻquv yurtida turizm yoʻnalishida saboq olyapmiz, — deydi yana bir suhbatdoshimiz Aseya Aktaylakova. — Bu yerga amaliyot oʻtash uchun keldik. Festival tadbirlaridan bir olam zavq olyapmiz. Buxoroning juda katta turistik salohiyatga egaligi koʻrinib turibdi. Shaxsan menga turizm sohasining boʻlgʻusi mutaxassisi sifatida buxoroliklarning mehmondoʻstligi, ular koʻrsatayotgan xizmat yoqdi.
Darhaqiqat, “Ipak va ziravorlar” festivali madaniyat va sanʼat yoʻnalishlaridagi anʼanalarni qayta tiklashga xizmat qilyapti. U aholi va sayyohlarning madaniy hordiq chiqarishida alohida oʻrin tutmoqda. Muhimi, xalq amaliy sanʼatini rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratishda oʻziga xos turtki vazifasini oʻtayapti.
— Oʻn ikki yildirki, ipak va paxta matosidan rang-barang liboslar tikaman, — deydi yakka tartibdagi tadbirkor Nafisa Xolova. — Bu festival kasb mahoratimni oshirishimda, bilmaganlarimni oʻrganishimda qoʻl kelyapti. Ekologik toza, tabiiy mahsulotlardan tayyorlangan kiyim-kechaklar hech qachon qadrini yoʻqotmaydi. Ularga hamisha talab bor. Shu boisdan ham faoliyatimizni kengaytirib boryapmiz. Viloyatimizning eng chekka va olis goʻshasi Gazli shaharchasida, shuningdek, Vobkentda sex ochganman. 60 nafar xotin – qizning bandligi taʼminlangan. Ularning bir qismi kasanachilik asosida faoliyat koʻrsatyapti.
Festival doirasidagi tadbirlarga qisqacha toʻxtalsak, u odatdagidek, qatnashchilarning koʻhna Ark qoʻrgʻonidan to Labi hovuz majmuasigacha boʻlgan masofadagi tantanali yurishidan boshlandi. Tadbir ochilish marosimida soʻz olganlar barcha-barchaga bayramona kayfiyat tilab, xalqaro festivalning ahamiyati haqida toʻxtaldilar.
Tadbir dasturidan folklor jamoalarining chiqishlari, xalq amaliy sanʼati turlari boʻyicha mahorat darslari, ipak va milliy hunarmandchilik mahsulotlari, ziravorlar savdosi koʻrgazmalari, milliy sport oʻyinlari, mahalliy va xorijiy dizaynerlar ishtirokida “Silk&Spices Fashion days” maxsus modalar namoyishi, “palov sayli”, tasviriy va amaliy sanʼat milliy galereyasi, suratkashlar koʻrgazmalari kabi tadbirlar oʻrin olgan. 8-iyun oqshomida festivalning tantanali yopilish marosimi oʻtkaziladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring