Intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasini taʼminlash – mamlakatimiz taraqqiyotining ustuvor maqsadlaridan biri

11:07 08 Sentyabr 2025 Jamiyat
123 0

Davlat va jamiyatning har qanday soha va tarmogʻi doimiy ravishda rivojlanib boradi. Bunga asosiy sabab sifatida nafaqat ichki balki tashqi omillar ham muhim oʻrin tutadi. Ayniqsa, bu kabi jarayonlarning Oʻzbekiston kabi rivojlanayotgan mamlakatlarda yuz berishligi tegishli sohaga doir juda muhim oʻzgarishlardan dalolat beradi.

Bugungi kunda mamlakatimizda aholining, ayniqsa tadbirkorlik subyektlari va ijodkorlarning oʻzlari tomonidan yaratilgan yoki ishlab chiqarilgan mahsulot hamda asarlarini huquqiy himoyasini taʼminlashga boʻlgan qiziqish va talablari doimiy ravishda oshib bormoqda. Xususan, intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoyasi va ularni samarali tijoratlashtirishni amalga oshirish har qanday mamlakat oldidagi eng asosiy vazifa boʻlishi lozim. Zero, mamlakatimizning Bosh qomusida belgilanganidek, “intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinadi”.

Soʻnggi 6-7-yillikda Oʻzbekistonda intellektual mulk sohasidagi qonunchilik va amaliyotda juda muhim tendensiyalar yuz bermoqda. Bularga misol sifatida intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik va boy berilgan foydani undirish uchun tovon miqdorining belgilanishi, bojxona organlari tomonidan bojxona nazoratida intellektual mulk huquqlari himoyasini taʼminlash choralarining oʻrnatilishi, intellektual mulk toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima solish asoslari va tartibini joriy etilganligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 23-iyundagi “Intellektual mulkka oid ishlarni koʻrib chiqishning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi 19-son qarori kabi muhim hujjatlarni alohida taʼkidlash lozim. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi PQ-221-son qarori bilan tasdiqlangan mamlakatimiz tarixidagi dastlabki “intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi”da ham kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasining oldini olish va intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasini taʼminlash borasida juda muhim ustuvor yoʻnalishlar belgilangan.

Yuqorida qayd etilgan muhim oʻzgarishlarning kulminatsiyasi sifatida joriy yilning 8-avgustdagi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni bilan Jinoyat kodeksiga kiritilgan oʻzgarishlarni alohida qayd etish lozim. Endilikda mazkur qonun bilan intellektual mulkka doir huquqlarni buzganlik uchun jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirildi. Xususan, muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzganlik, mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzganlik, oʻzganing tovar belgisidan, xizmat koʻrsatish belgisidan, geografik koʻrsatkichidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki adashtirib yuborish darajasida ular bilan oʻxshash boʻlgan belgilardan shu turdagi tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan qonunga xilof ravishda foydalanish yoxud oʻzganing firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanganlik va ixtiroga, foydali modelga, sanoat namunasiga, integral mikrosxema topologiyasiga va seleksiya yutugʻiga boʻlgan huquqlarni buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, yuqoridagi oʻzgarishlar 2025-yil
10-noyabrdan kuchga kirishi belgilangan. Mazkur kiritilgan oʻzgartirishlarni intellektual mulk sohasidagi mamlakatimizdagi tizimli islohotlarning uzviy davomi va eng muhimi deyish mumkin. Zero, ushbu islohotlar Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonidagi ushbu tashkilotning ayrim xalqaro bitimlari normalarini implementatsiya qilish bilan birga xalqaro huquqning umum-eʼtirof etilgan prinsiplari va normalarini milliy qonunchiligimizda aks ettirishdan darak beradi. Zero, intellektual mulk obyektlari muhofazasini taʼminlash bilan birga samarali himoya qilish mexanizmlarini amalga oshirish hamda bu yoʻnalishdagi amaliyotni takomillashtirish lozim.

Maʼlumki, Jahon savdo tashkilotining Intellektual mulk huquqlarining savdo jihatlari boʻyicha bitimi (TRIPS)ning 61-moddasiga koʻra, JST aʼzo-mamlakatlardan tijorat maqsadlarida qasddan sodir etilgan tarzda mualliflik huquqini buzish, tovar belgisidan noqonuniy foydalanish bilan bogʻliq holatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilanishini talab qiladi. Jahon mamlakatlari tajribasida intellektual mulk huquqlarini buzganlik uchun jazoni belgilashda turlicha qarash va fikrlar mavjud. Xususan, unga koʻra, jinoiy javobgarlik kontrafakt tovarlar ishlab chiqarish va qaroqchilik uchun yoki barcha turdagi intellektual mulk obyektlariga nisbatan huquqlarni buzganlik uchun belgilanishi kerak (Oʻzbekistonda belgilangani kabi). Shuningdek, ayrim mamlakatlarda tijorat sirini oshkor etganlik uchun ham bu turdagi javobgarlik belgilangan.

Eʼtiborli jihati shundaki, mualliflik huquqiy va turdosh huquqlar sohasida jinoiy javobgarlikni belgilash boʻyicha mamlakatlar tajribasi va fikrlar juda koʻp. Xususan qaysi turdagi harakatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilanganligi yoki belgilanish kerakligini quyida koʻrishimiz mumkin.

- jinoiy javobgarlik nafaqat mulkiy huquqlarni buzganlik uchun, balki shaxsiy nomulkiy huquqlarni buzganlik uchun;

- jinoiy javobgarlik texnik himoya choralarini aylanib oʻtganlik uchun;

- noqonuniy ravishda onlayn va media xizmatlarni egallab olganlik, mualliflik huquqi bilan muhofazalangan kontentdan ruxsatsiz foydalanganlik uchun.

Bundan tashqari, bir qator mamlakatlar tajribasida mahsulot tarkibi yoki sifati yoxud uning kelib chiqishi haqida notoʻgʻri maʼlumot berganlik uchun va insofsiz raqobat uchun ham jinoiy javobgarlik belgilashga doir normalar mavjud.

Shu oʻrinda bu turdagi ishlarni koʻrib chiqishning protsessual qoidalariga toʻxtalib oʻtsak. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil
23-iyundagi “Intellektual mulkka oid ishlarni koʻrib chiqishning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi 19-son qaroriga koʻra, intellektual mulkka oid maʼmuriy huquqbuzarliklar va jinoyatlar belgilangan tartibda jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan koʻrib chiqiladi. Bunda maʼmuriy huquqbuzarlik yoki jinoyat natijasida intellektual mulk egalariga yetkazilgan zarar jinoyat ishlari boʻyicha sud tomonidan hal qilinishi belgilangan.

Mamlakatimiz katta intellektual salohiyatga ega ekanligini alohida taʼkidlash lozim. Shuningdek, yildan-yilga tadbirkorlik subyektlari soni va mamlakatimizning investitsion jozibadorligi oshib bormoqda, huquqiy muhofazaga olinayotgan ixtiro va turli ishlanmalar ham ijobiy koʻrsatkichlarni tashkil etmoqda. Mazkur jarayonlarda intellektual mulk huquqlari himoyasini maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralari orqali taʼminlash har qanday holatda ham muhim hisoblanadi. Bundan maqsad eng avvalo huquq egalari va mualliflar manfaatdor boʻlib, mazkur oʻzgarishlar natijasida jamiyatimizda intellektual mulk huquqlariga nisbatan hurmat hissini shakllantirishga katta hissa qoʻshadi.

Abdumoʻmin YULDASHOV

Toshkent davlat yuridik universiteti Intellektual mulk huquqi kafedrasi mudiri oʻrinbosari, yu.f.f.d. (PhD), dotsent

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер