Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi sohasidagi vakolatlar belgilanmoqda

14:43 14 Dekabr 2021 Jamiyat
1355 0

Joriy yil 14-dekabr kuni Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi 22-yalpi majlis oldidan oʻz yigʻilishini oʻtkazdi.

Unda qoʻmita va ekspertlar guruhi aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari Toshkent shahar va viloyatlar Kengashlarining tegishli vazirlik, idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Oliy Majlis Senatining 22-yalpi majlisiga kiritilgan masalalar muhokama etilganidan soʻng majlisda “Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisida”gi Qonun yuzasidan fikr almashildi. Taʼkidlanishicha ushbu Qonun sogʻliqni saqlash tizimida “mudrab” qolgan sohani rivojlantirishga turtki boʻlib xizmat qiladi.

Qonunda “bosh miyaning oʻlimi”, “inson aʼzosi”, “inson toʻqimasi”, “retsipiyent”, “tirik donor” va “transplantatsiya” kabi tushunchalar maʼnolariga aniqlik kiritilgan hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi sohasidagi vakolatlari belgilangan.

Qonun transplantatsiyani amalga oshirish maqsad va shartlari, transplantatsiya obyektlari, donorlar doirasi (tirik va oʻlganlar), donor va retsipiyentning huquqlari, tirik va oʻlgan donorlardan aʼzo va toʻqimalarini olish shartlarini belgilab berish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.

Muhokama yakuni bilan qoʻmitaning xulosasi tasdiqlandi.

Yigʻilishda keyingi masala - “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2021-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisoboti koʻrib chiqildi.

Qoʻmitaning faoliyati bilan bogʻliq sohalarga 2022-yilda rejalashtirilgan ajratmalarning tobora ortib borayotgani mazkur sohalarda xalqqa koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini oshirishga asos boʻlishi taʼkidlandi.

Shu bilan birga, 2021-yil 9 oylik byudjet ijrosida yoʻlga qoʻyilgan kamchiliklar muhokama etilib, ularni bartaraf etishga qaratilgan choralar koʻrish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.

Yigʻilish yakunida kun tartibidagi soʻnggi masala “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining innovatsion faoliyatni amalga oshirish, infratuzilmani rivojlantirish va faoliyatni moliyalashtirishga oid qismini Samarqand va Navoiy viloyatlarida oʻrganish natijalari toʻgʻrisida»gi qoʻmita qarori koʻrib chiqildi.

Qonun ijrosi doirasida Navoiy viloyatida ilm-fan, texnologiya, tadqiqot va tajriba-konstruktorlik sohalarini rivojlantirish maqsadida 2021-yilning 1-noyabr holatiga koʻra, viloyatda umumiy qiymati 17,288 mlrd.soʻmlik 112 ta yangi ish oʻrni yaratishga moʻljallangan 11 ta amaliy va tijoratlashtirish loyihasi moliyalashtirilgan.

Samarqand viloyatida 2017–2021-yillarda umumiy qiymati 29,0 mlrd. soʻmlik 70 ta innovatsion loyiha moliyalashtirilgan boʻlib, 117 ta yangi ish oʻrni tashkil etilgan.

Navoiy viloyati Karmana tumani, Samarqand viloyati Urgut tumani innovatsion hududga aylantirilayotgan tumanlar roʻyxatiga kiritilgan boʻlib, innovatsion hududga aylantirish dasturi ishlab chiqilgan hamda belgilangan tartibda tasdiqlangan.

Shu bilan birga, majlisda senatorlar tomonidan Navoiy viloyatida oʻrganilgan Qiziltepa, Nurota, Navbahor tumanlari hokimliklari tomonidan innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash sohasidagi aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilmagani, Samarqand viloyati Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida eksperimental tajriba-sinovlar oʻtkazish uchun laboratoriya jihozlari maʼnan va jismonan eskirgan boʻlib, zamon talablariga javob bermasligi, Samarqand viloyati hokimligi huzurida tashkil etilgan Transfer markazini moliyalashtirish mexanizmi aniq belgilanmagani uchun markaz bugungi kunda faoliyat olib bormayotgani kabi masalalar tanqid qilindi.

Shuningdek, kelgusida innovatsion faoliyatni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi va qoʻmitaning qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?