Imzo qoʻygan kimu, kimlar koʻz yumgan

17:51 25 Noyabr 2025 Jamiyat
335 0

Qoʻqon shahridagi “Turkiston” mahallasida yaqinda yuz bergan voqea bugungi qurilish sohasidagi muammolar qanday chuqurlashib ketganini yana bir bor koʻrsatdi. Mahram koʻchasidagi noqonuniy qurilishning oldi mahalla ahli tashabbusi bilan toʻxtatilgani — odamlar oʻz haq-huquqi uchun kurashishni oʻrganayotganining, eng muhimi, bekinishga, sukut saqlashga koʻnikib qolmayotganining yorqin dalilidir.

Oxirgi yillarda “Turkiston” mahallasining bu hududida 18 ta koʻp qavatli uy qad rostlagan. Quruvchi-tadbirkorlar esa shu bilan cheklanmay, uylarga tutash boʻsh hududni auksion orqali qoʻlga kiritib, yana bir bino solish payiga tushishgan. Nega bunday qurilishlarga yoʻl qoʻyildi? Qaysi mansabdor bunga koʻz yumdi? Kimning imzosi, kimning sukuti bu mojaroga yoʻl ochdi? Demak, muammo faqat tadbirkorda emas, vaqtinchalik manfaatlarni umumiy manfaatdan ustun qoʻyadigan, faqat foydani koʻradigan, ammo odamlar hayoti, bolalar xavfsizligini inobatga olmaydigan mutasaddilarda. Ammo aholi endi bunday “syurpriz”larga jim qarab turmaydi. Ular Qoʻqon shahar hokimiga murojaat qilib, ushbu inshoot qurilishini toʻxtatishga muvaffaq boʻlishdi. Bu esa bir narsani koʻrsatdi: mahalla faol boʻlsa — hech bir noqonuniy qurilish “oʻtib ketmaydi”.

— Hamma joy qurilish maydoniga aylanib, toza havo toʻsilishi, daraxtlar kesilishi va yashil hududlar kamayib ketishini istamaymiz, — deydi “Turkiston” MFYda yashovchi Zohidjon Hasanov. — Shu bois mazkur yerda bayram tadbirlari, toʻy va maʼrakalarni oʻtkazishga moʻljallangan mahalla guzari bunyod etishni rejalashtiryapmiz. Uning atrofida koʻkalamzorlashtirilgan hudud, anvoyi gulzorlar tashkil etiladi. Bolalar maydonchasi qurib bitkazilishi ham koʻzda tutilgan.

Zohidjon Hasanovning bu soʻzlari — bugungi kundagi ahvolning jonli hayot manzarasi. Mahalladagi odamlar oʻz hududlarining sayrgohlari, bolalar maydonchalari uchun kurashmoqda, tadbirkorlar esa har bir boʻsh yerni foydaga aylantirish payida. Afsuski, soʻnggi yillarda Fargʻona shahridan tortib, barcha tuman-shaharlar markazi, mahallalarda koʻp qavatli uylar, aholi yashash xonadonlari atrofidagi boʻsh maydonlarda pala-partish qurilgan turar-joylar, tadbirkorlik qilish maqsadidagi bino-inshootlar koʻpayib ketdi. Yangi binolarning koʻpchiligi bolalar, sport maydonchalari hamda dam olish va hordiq maskanlari oʻrnida qurilgani yanada achinarlidir...

Fargʻona viloyat qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan birgina joriy yilning oʻtgan davrida qurilish ishlari olib borilayotgan obyektlarda 23,5 ming marotaba monitoringlar oʻtkazildi. Natijada aniqlangan kamchiliklar boʻyicha 15,7 mingdan ortiq bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar berildi. Eʼtibor bering, 23,5 ming monitoring — bu xuddi har kuni yuzlab kamchilik ochilayotgandek. 15,7 ming koʻrsatma — bu deyarli har ikkinchi obyektda qonunga zid ishlar borligini anglatadi. Bu kamchiliklar faqat qogʻozda yozilgan xato emas — kimningdir xavfsizligi, bolalar maydonchasining yoʻqolishi, uy foydasini koʻrib qurilgan, ammo ishonchsiz fundamentga ega uylar degani ham. Nega bu holat yildan yilga takrorlanmoqda? Qachon qurilish sifat, xavfsizlik va jamoat manfaatini hisobga oladigan sohasiga aylanadi? Xoʻsh, bunga kim masʼul?

– Shu yilning oʻtgan davrida Oʻzbekiston Respublikasi “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi Kodeksning 99-moddasiga koʻra, qurilish sohasidagi huquqbuzarliklari uchun jismoniy va yuridik shaxslarga 664 ta holatda – 6 milliard 439 million soʻmlik maʼmuriy choralar qoʻllandi, – deydi inspeksiyaning qurilish-montaj ishlarini nazorat qilish boʻlimi mutaxassisi Umidjon Uzoqov. – 171 ta holatda qurilish toʻliq buzdirilgani, 284 ta holatda vaqtincha toʻxtatilgani, 184 ta koʻp kvartirali uy sudga chiqarilgani — bularning har biri ortida inson taqdiri, moliyaviy yoʻqotishlar, uzoq yillik orzu va umidlar turibdi. Laboratoriyalar 650 ga yaqin obyektni tekshirganida 81 tasida salbiy holat aniqlangani ham ahvolning jiddiyligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Ayni yoʻnalishda Fargʻona viloyatida qurilish sohasida “Shaffof qurilish”, raqamlashtirish tamoyillarini toʻliq joriy etish ustuvor vazifalar sirasiga kiritilgan. Bu qurilish jarayonida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, huquqbuzarlik holatlari hamda korrupsiyaning oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Endilikda qurilayotgan har bir obyektga QR-kodli pasportlarni oʻrnatish joriy etish belgilangan boʻlib, bugungi kunga qadar viloyatda 1212 ta obyektga ana shu kabi kodli pasportlar oʻrnatilishi taʼminlandi. QR-kodli pasportlar — yaxshi tashabbus, lekin savol tugʻiladi: qonunbuzarliklar oshib borayotgan bir sharoitda kodlar qanchalik taʼsirli boʻla oladi? Nega shuncha choralar koʻrilayotgan bir paytda ham kamchiliklar, noqonuniy qurilishlar va sifatsiz ishlar shunchalik koʻp? Odamlar davlatning eng muhim sohasi boʻlgan qurilishni himoyali sohalar qatorida koʻrishi uchun har bir qurilishga javobgar boʻlgan mansabdor, tadbirkor, nazoratchi bitta savolga javob berishi kerak: “Men qurgan, men ruxsat bergan, men koʻz yumib oʻtkazgan binoni oʻz farzandim yashashi uchun maʼqul koʻrarmidim?”Agar javob “yoʻq” boʻlsa — demak, bu qurilish boshlanmasligi kerak. Qayerda jamoatchilik nazorati kuchli boʻlsa — oʻsha yerda qonun ham, adolat ham ishlaydi. Odamlar oʻz hududiga befarq boʻlmasa, noqonuniy qurilishlar ham oʻz-oʻzidan yoʻl topolmaydi. Shu bois har bir qurilish — katta yoki kichik boʻlishidan qatʼi nazar — aholi ishtirokida, ochiq-oshkora va qonun doirasida baholanishi shart. Chunki mahallaning kelajagiga daxl qiladigan qarorlarda eng muhim ovoz — aynan oʻsha yerda yashovchilarniki. Agar jamoatchilik nazorati kuchaysa, qurilish sohasi ham haqiqatan bizga xizmat qiladigan tizimga aylanadi. Agar sukut va befarqlik ustun boʻlsa, muammolar ham davom etaveradi. Tanlov esa — oʻzimizning qoʻlimizda.

Botir MADIYOROV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер