Immunitet tizimidan qochuvchi saraton hujayralari bilan kurashishning yangi usuli topildi

16:20 27 Aprel 2024 Dunyo
553 0

Saraton hujayralari tananing immunitet tizimidan yashiringan holda oʻsadi va tarqaladi. Immunoterapiya immun tizimiga yashirin saraton hujayralarini topish va ularga hujum qilish imkonini beradi. Bu esa saraton bilan kasallangan bemorlarning uzoq umr koʻrishiga yordam beradi. Biroq, koʻplab bemorlarga ushbu inqilobiy muolajalar juda kam taʼsir qiladi yoki umuman foyda bermaydi.

Immun nazorat nuqtasi ingibitorlari eng koʻp ishlatiladigan immunoterapiya vositalaridan hisoblanadi. Ular saraton hujayralari immunitet tizimidan yashirinish uchun foydalanadigan oqsillarni tanib olish va bloklash orqali ishlaydi.

Biroq, bu oqsillarga ega boʻlmagan saraton hujayralari turli yoʻllar bilan yashirinadi. Ushbu saraton turlari bilan ogʻrigan bemorlarga immun nazorat nuqtasi ingibitorlari taʼsir qilmagani sababli, tadqiqotchilar boshqa yangi immunoterapiya usullarini ishlab chiqishga intilmoqda.

Yaponiyaning Osaka universiteti olimlari yangi tadqiqotda tetratsiklin antibiotiklari zamonaviy immunoterapiya usullaridan farqli ravishda immun tizimiga saraton hujayralarini aniqlashda yordam berishini aniqladi. Ushbu antibiotiklar T-limfotsitlar deb nomlanuvchi immunitet hujayralarini saratonga hujum qilish va uni yoʻq qilish uchun ragʻbatlantiradi.

“Biz oʻpka saratoni bilan ogʻrigan bemorlarning qon va oʻsimta toʻqimalarida tetratsiklin antibiotik minotsiklinini sinab koʻrdik, — deydi yetakchi muallif Mari Tone. — Biz minotsiklin saraton hujayralari tomonidan ishlab chiqarilgan immunosupressiv oqsil boʻlgan galaktin-1ga taʼsir qilib, T-limfotsitlarning oʻsimtaga qarshi faolligini oshirishini aniqladik”.

Olimlar galaktin-1 sitotoksik T-limfotsitlarning oʻsimtaga kirishining oldini olish orqali saraton hujayralariga immunitet tizimidan qochishga yordam berishini aniqladi. Tetratsiklin bilan davolashdan soʻng, galaktin-1 endi T-limfotsitlarni oʻsimtaga hujumini toʻxtata olmadi. Galaktin-1ni bloklash saratonni davolashning yangi usullari uchun kalit boʻlishi mumkin.

“Ushbu antibiotiklar saraton kasalligini davolashda qoʻllaniladigan immun nazorat nuqtasi ingibitorlari va boshqa immunoterapiya preparatlaridan farqli taʼsir mexanizmiga ega. Umid qilamizki, ushbu tadqiqot turli immun yoʻllariga taʼsir qiluvchi va saraton kasalligiga chalingan odamlarga, ayniqsa zamonaviy immunoterapiya taʼsir qilmayotgan bemorlarga foyda keltirishi mumkin boʻlgan yangi dorilarni ishlab chiqishga olib keladi”, — deydi tadqiqot muallifi Kota Ivaxori.

Tetratsiklin antibiotiklari koʻp yillar davomida butun dunyoda yuqumli kasalliklarga chalingan bemorlarni davolash uchun ishlatiladi. Endi bu eski dorilar hozirda davolanish imkoniyatlari kam boʻlgan saraton bilan ogʻrigan bemorlar uchun yangi immunoterapiya usullari uchun yoʻl ochib berishi mumkin.

Tadqiqot “Journal for ImmunoTherapy of Cancer” jurnalida chop etilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?