Imkoniyat va salohiyat sinergiyasi

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Bundan rosa 33 yil avval (1992-yil 27-yanvar) “Oʻzbekiston Respublikasi tarkibida Navoiy viloyatini qaytadan tiklash haqida” Oliy Kengash Rayosatining qarori qabul qilingan edi. Shundan buyon u navqiron hududiy birlik, respublikamizning sanoatlashgan viloyati sifatida mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda.
Mamlakatda ishlab chiqarilayotgan rangli metall, mineral oʻgʻitlar, elektr energiyasi, sement va boshqa bir qator xomashyo resurslarda viloyat katta ulushga ega ekanligi, ularni oʻzlashtirishda eng qulay infratizim va muhandislik kommunikatsiya tizimlari mavjudligi bilan navoiyliklar haqli ravishda faxrlanishadi.
Lekin bugunning talabi, yuksalish shiddatining mezonlari mutlaqo boshqacha. Ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish orqali tashqi bozor geografiyasini kengaytirish, pirovard natijada aholi farovonligini yanada oshirish, ertangi kunga ishonchini mustahkamlash, kambagʻallikni bartaraf etish va boshqa bir qator omillar yangilanishlarning maʼno mazmunini belgilab, endi texnik jihatdan oʻz resurslarini oʻtab boʻlgan, ekologik jihatdan meʼyorlardan yiroq va maʼnan eskirgan quvvatlar bilan kun sayin shiddat bilan oshib borayotgan ehtiyojlarni qanoatlantirish nihoyatda mushkul.
Mamlakatimiz rahbari oʻtgan yilning 31-oktyabr va 1-noyabr kunlari Navoiy viloyatiga qilgan tashrifida bu borada hududning imkoniyatlarini baholab, bu imkoniyatlardan foydalanish bugungi kun talabiga javob bermasligini taʼkidladi. Har bir imkoniyatdan samarali foydalanishning ustuvor vazifalarini belgilab berdi. Mazkur vazifalar respublikamiz Prezidentining 2024-yil 12-dekabrdagi “Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida oʻz ifodasini topgan.
— Oʻttiz olti banddan iborat ushbu qarorda Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish, tadbirkorlarga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, investitsiyalarni jalb qilish, har bir tuman va shaharni ixtisosligidan kelib chiqib rivojlantirish, kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash, daromadlarini oshirish va turmush darajasini yanada yaxshilashning eng ustuvor vazifalari belgilab berilgan, — deydi xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining Mahalliy byudjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiya raisi Normurod Isoqov. — Quvonarlisi, har bir banddagi vazifalarning ijrosi boʻyicha masʼullari, manba va kutilayotgan samaralari aniq belgilangan. Misol uchun, viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 100,4 trillion soʻmdan 114,1 trillion soʻmga yoki 6,0 foizga oʻsishini taʼminlashni nazarda tutuvchi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha asosiy iqtisodiy koʻrsatkichlarga erishish hududni 2025-yilda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlaridan biri etib belgilangan. Shuningdek, tijorat banklari tomonidan barcha manbalardan ajratiladigan 8,5 trln soʻm kreditlar hisobidan kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, aholi bandligini taʼminlash va tadbirkorlar loyihalarini moliyalashtirish hisobidan 140 ming nafar aholi bandligini taʼminlash, ishsizlik darajasini 2,5 foizgacha, kambagʻallik darajasini 3,4 foizgacha pasaytirish vazifalarining belgilanganligi yaqin istiqbolda viloyatda kambagʻallikka barham berish yoʻlida dastlabki qadam hamdir.
Shu oʻrinda taʼkidlash joiz, mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarning barchasiga toʻxtalishning imkoni yoʻq. Shu bois qaror bilan viloyat uchun anʼanaviy boʻlmagan jihatlarga eʼtibor qaratsak, eng avvalo uning 10-bandi eʼtiborga molik. Mazkur bandda respublika Turizm qoʻmitasi va Navoiy viloyati hokimligi Aydarkoʻl suv havzasi atrofidagi 150 gektar hududda “Oʻzmilliybank” AJ bilan birgalikda nufuzli loyiha kompaniyalari ishtirokida master reja ishlab chiqqan holda 2025-2026-yillarda oyiga 10 ming nafargacha xorijiy va mahalliy sayyohlarga zamonaviy xizmatlar koʻrsatishga ixtisoslashgan mehmonxona, dam olish va koʻngilochar maskanlar barpo etish loyihalarini amalga oshirish va 200 nafar aholi bandligini taʼminlash, Nurota tumanining Sentob va Chuya, Xatirchi tumanining Langar va Angidon qishloqlarini turizm qishloqlari sifatida rivojlantirib, ularda 2025-yilda 50 ta yangi oilaviy mehmon uylari tashkil etish, 500 ming nafar mahalliy, 80 ming nafar xorijiy sayyohlarni jalb qilish choralarini koʻrish, Zarafshon shahridagi Marvarid koʻli atrofida “Asakabank” AJ bilan birgalikda xorijiy mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan master reja asosida kanat yoʻli, suzish havzasi, savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari barpo etib, tadbirkorlarga tayyor holda lotlarga boʻlgan holda lizingga berish va 1 000 nafar aholi bandligini taʼminlash vazifalari belgilangan. Bu bilan Qizilqum va togʻoldi hududlariga ham yangi xizmat koʻrsatish sohasining kirib borishiga yoʻl ochadi.
— Turizm yoʻnalishida anʼanaviy sayyohlik maskanlarining mamlakatimiz turizm yoʻnalishlariga integratsiya qilinishining qarorda oʻz aksini topganligi hududda turizm oqimining oshishiga chinakam shiddat beradi, — deydi Kengashning Xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi Qahramon Gʻaniyev. — Xususan, Samarqand va Buxoro viloyati hokimliklari bilan birga 2025-yil 1-iyulga qadar Nurota tumanidagi “Chashma” ziyoratgohini Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Buxoro viloyatidagi “Yetti pir” ziyoratgohlari bilan bogʻlagan holda “Turizm halqasi” dasturini ishlab chiqish tadbirlari hamda Muruntov koni atrofida hamda shamol elektr stansiyalari joylashtirilgan hududda sanoat turizmi yoʻnalishidagi loyihalarni ishga tushirish toʻgʻrisidagi takliflarga rozilik berilganligi hududning sayyohlik jozibadorligini oshirib, mazkur yoʻnalishda xorij tajribasi ommalashishiga zamin yaratadi.
Tabiiyki, qarorda belgilangan vazifalar mustahkam kadrlar zaxirasi hamda yuqori malakaga ega mutaxassislarni talab etadi. Bu yoʻnalishdagi vazifalar ham qarorda oʻz aksini topib, unga koʻra Navoiy viloyati hokimligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Strategik islohotlar agentligi bilan birgalikda 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab Navoiy davlat universitetida viloyatda ehtiyoj yuqori boʻlgan iqtisodiyot, biznes va turizm, investitsiyalarni boshqarish, qishloq xoʻjaligi, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, logistika kabi yoʻnalishlar boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilishini inobatga olib, dars mashgʻulotlariga xorijiy davlatlardan malakali mutaxassislarni jalb etish, Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Xitoy Xalq Respublikasining qishloq xoʻjaligi sohasidagi yetakchi universitetlari bilan Navoiy davlat universitetida qoʻshma taʼlim dasturlarini tashkil etish yuzasidan muzokaralar oʻtkazib, natijasiga koʻra taklif kiritishi belgilangan.
— Shuningdek, qarorda viloyat markazidan olisda joylashgan Zarafshon shahri, Uchquduq va Tomdi tumanlaridagi 150 ming nafarga yaqin aholining oʻziga yaqin hududda oliy taʼlim olishlari uchun sharoit yaratish, oʻqitish va ishlab chiqarish jarayonlarining uzviyligini taʼminlash maqsadida Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining Zarafshon va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Zarafshon fakultetlarini hamda Navoiy shahrida 10 ta yoʻnalishda taʼlim beruvchi zamonaviy “Sharq universiteti” nodavlat oliy taʼlim tashkilotini tashkil etish boʻyicha takliflarni belgilangan tartibda koʻrib chiqib, bir oy muddatda tegishli qaror qabul qilish vazifalari belgilangan, — deydi Kengashning Fan taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy boʻlimi raisi Abdurazzoq Mirzayev. — Ushbu vazifalarning ijrosi konchilik ishlarining ilmiy asosda rivojlanishiga, sohada raqamlashtirishning rivojlanishiga kuchli turtki beradi.
Yuqorida taʼkidlanganidek, qaror 36 banddan iborat boʻlib, unda aholini uzoq yillardan tashvishga solib kelayotgan muammolar oʻz yechimini topgan. Chunonchi, qonunchilikka koʻra atrof-muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya toʻlovlari toʻlovchi tashkilotlar tomonidan shahar va shaharchalar atrofida “yashil belbogʻ”lar tashkil etilish va bunda “Qizilqumsement”, “Navoiy azot”, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJlari Navoiy shahri va Karmana tumani markazi atrofidagi 300 gektarda, Zarafshon shahri hamda Uchquduq tumani markazida, “Navoiyuran” DK esa Zafarobod qoʻrgʻoni atrofida “yashil belbogʻlar” tashkil etishi yuklatilgan.
— Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi ushbu bandda belgilangan tartibda “yashil belbogʻ”larni tashkil etishda yuzaga keladigan masalalarni tezkor hal qilish yuzasidan qarorlar qabul qilishi vazifasi belgilangan, — xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi raisi Gʻofir Aliyev. — Shuningdek, Kengash “yashil belbogʻ”larni tashkil etish ishlari yuzasidan vakillik va jamoatchilik nazorati amalga oshirilishini taʼminlaydi.
Qarorda, shuningdek, viloyatda konchilik sanoatiga tadbirkorlik subyektlarini jalb etish, yoʻl kommunikatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, chorvachilikni rivojlantirish hamda yaylovlarning samaradorligini oshirish, tibbiyot, sport va madaniyat sohalarida yangi-yangi obyektlarni barpo etish vazifalari belgilangan. Albatta, bularning barchasi viloyatning iqtisodiy salohiyati yanada oshishi hamda aholi farovonligining yuksalishiga mustahkam zamin boʻlib xizmat qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring