IIV Andijondagi zoʻrlash boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot berdi. Ishni vazir nazorat qilmoqda

13:12 19 May 2021 Jamiyat
2002 0

Soʻngi kunlarda, joriy yilning 13-mayida Andijon viloyati, Andijon tumanida homilador ayolga nisbatan sodir etilgan zoʻravonlik jinoyati aholi oʻrtasida shov-shuvga sabab boʻlib, ijtimoiy tarmoqlarda turli talqinlar, mish-mishlar va salbiy izohlarni keltirib chiqarmoqda.

Maʼlumot uchun, shu yilning 14-may kuni Andijon tumani IIBga, shu tuman yashovchisi, 2002-yilda tugʻilgan, fuqaro O.O. murojaat qilib, bir kun oldin 13-may soat taxminan 16.00larda Andijon tumani Qoraqalpoq mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan dala shiyponida oʻziga tanish boʻlgan ikki erkak tomonidan zoʻrlanib, jinsiy aloqada boʻlganligini bayon qilgan.

Darhol, voqea joyiga tergov-tezkor guruhi chiqib, belgilangan tartibda kechiktirib boʻlmaydigan tergov harakatlari va tezkor tadbirlar amalga oshirilgan. Holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118 moddasi 1 qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari Andijon viloyati IIB tomonidan amalga oshirilmoqda. Ishga Ichki ishlar vazirligining alohida mutaxassislari jalb etilgan.

Hozirda, voqea joyidan olingan ashyolar, biologik izlar, jabrlanuvchi va gumonlanuvchilarga tegishli kiyimlar dalil tariqasida olinib, sud-tibbiy ekspertiza, sudga oid biologik ekspertiza va sudga oid fizika-texnikaviy ekspertizalar tayinlangan.

Shuningdek, jabrlanuvchi O.O.ning koʻrsatmasiga koʻra, unga zoʻrlik ishlatgan hamda jinsiy aloqada boʻlganligi vaj qilinayotgan olti nafar gumonlanuvchi fuqarolarning koʻrgazmalari, voqeaning xronologik tartibi hamda mavjud guvohlarning bayonotlari toʻliq oʻrganilmoqda. Voqea yuzasidan gumonlanuvchilar va guvohlarning koʻrsatmalari, dastlabki sud tibbiy ekspertizasining natijalari hamda jabrlanuvchining koʻrsatmalari oʻrtasida jiddiy tafovutlar borligi sababli, qoʻshimcha tergov va tezkor harakatlari amalga oshirilmoqda.

Mazkur jinoyatni fosh etish jarayoni Ichki ishlar vazirining shaxsan nazoratida boʻlib, holat toʻliq oʻrganilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?