Ichanqalʼadan Tuproqqalʼagacha – Jaloliddinlar yashaydigan yurt

15:28 18 May 2021 Madaniyat
520 0

Xiva – muzey-shahar, lekin Rim shahri kabi Ichanqalʼada aholi yashab turibdi, u bino va inshootlar, ochiq havodagi butun bir shahar butun holida saqlanib qolgan dunyodagi sanoqli shaharlardan biri. Biz kirgan Ichanqalʼa meʼmorchilik muzeyidagi bir qavatli Juma masjidi binosining gumbazlari va dumaloq arkalari yoʻq, u X-XII asrlarida yaratilgan 213 dona yogʻoch naqshinkor ustunlarga tayanadigan yassi tomli ulkan zalni eslatadi. Bizni hayratga solgani, pandemiya emasmi, Ichanqalʼadagi ming yillik namozgohda dim sokinlik, osoyishtalik hukmron. Aziz avliyolar ruhi kezib yuribdi, goʻyo. Ustunlar atrofini aylanar ekanmiz, bundan uzoq asrlar burun shu yerga joynamoz tashlab ibodat qilgan xorazmliklarning anʼanalari va dabdabali kunlari koʻz oʻngimizdan bir-bir oʻtdi. Bu haqda buyuk alloma Abu Rayhon Beruniy “Qadim xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida koʻp va xoʻp yozgan...Ammo badiiy adabiyot, oʻlmas sheʼriyat, hatto xonlarning gʻazallari, Xorazm tarjima maktabining dovrugʻi hozirgi zamongacha yetib kelgan – Ogahiy, Munis, Pahlavon Mahmud sheʼriyati qalblarga koʻchgan.

Galaktika umri bilan solishtirganda, inson umri 4 sekundga boradigan dunyoda bari oʻtkinchi, shamoldek oʻtib ketguvchi. Ana, qadim masjiddagi yogʻoch ustunlar ham termitlarga yem boʻlayotir...

Oʻtmish va bugun voqealarini, odamlarning yashash tarzi, yangi oʻzgarishlarni tahlil etish va qiyoslash bugungi davr kishilariga yaxshi xulosalar chiqarishga imkon beradi. Urganchga qaytishda qiziqish ila Xivadagi Prezident maktabiga ham kirdik. Ichkariga qadam qoʻygan zahoti oʻzgacha muhit, nazar va qarashlarga duch kelasiz. “Buyuk xorazmiylarning yangi avlodini yetishtiruvchi oʻquv dargohi boʻlibdi”, degan fikr oʻtdi koʻnglimdan. Farzandu arjumandlarimiz bir kuni nufuzli dargohlarda oʻqishini orzulab, maktabning auditoriya, yotoqxona, kutubxona, suv havzasi va shinam qavatlarida joylashgan kabinetlar, laboratoriyalar bilan erinmay tanishdik. Maktab rahbari, 30 yoshlardagi Rufat Aminov bir necha tillarni, ona yurt tarixi va adabiyotini, oʻqitiladigan fanlarning cheksiz imkoniyatini biladi. Prezident maktablari davlatimiz rahbarining 2019-yil 20-fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi” gi PQ-4199 sonli qarori asosida tashkil etilgan. Ushbu oliymaqom maktablarda iqtidorli yoshlar “STEAM-taʼlim”ga yoʻnaltirilgan boʻlib, ular xalqaro tan olingan Kembridj xalqaro taʼlim dasturlari asosida taʼlim oladilar. Bitiruvchilarga shahodatnoma, attestat bilan birga, xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalariga kirish imkonini taqdim etuvchi Kembridj Xalqaro sertifikatlari (Cambridge International AS & A level) topshirilar ekan. Kembridj taʼlim dasturlari taʼlim oluvchilarda chuqur fan mazmuni bilan birga, XXI asr koʻnikmalari – mustaqil, mantiqiy va tanqidiy fikrlash, bilimlarni amaliyotda qoʻllash, maʼlumotlarni tahlil qilish va natijalarni barchaga tushunarli tilda yetkazish koʻnikma-malakalarini shakllantirishga yoʻnaltirilgan. 160 dan ziyod davlatlarda 1 millionga yaqin oʻquvchilar shu dasturlar boʻyicha taʼlim oladi.

Oʻsha kuni xushxabarning ustidan chiqdik: 11-sinf oʻquvchilari Muhammadjon Seydmatov, Qodirbek Otayev, Islombek Arslonov, Roʻzmatboy Gʻoyibnazarovlar AQSHning Xaviyer universitetiga (har biriga $88000 grant), Charosxon Oʻktamboyeva AQSHning Buffalo universitetiga, Shahriyor Shernafasov Shveysariyaning Franklin universitetiga, Mustafo Saʼdullayev Manchester universitetiga qabul qilinib, tahsil olish uchun grant sohibiga aylanishibdi. 23-yanvar kuni iqtidorli oʻquvchi Madina Saʼdullayeva “SEAMO X 2021” Xalqaro matematika Olimpiadasining bronza medalini qoʻlga kiritibdi. Maktabning IYELTS boʻyicha murabbiyi Sattorbek Yoʻldoshevning qayd etishicha, bitiruvchilar bosqichma-bosqich IYELTS (International English Language Testing Siystem)ga jalb qilib borilmoqda. Navbatdagi bosqichda Barno Rustamova - 8 ball, Sarvarbek Soporboyev - 7.5 ball, Umidbek Iskenderov - 7.5 ball, Raʼno Matqurbonova - 7 ball, Rustam Qodirov - 7 ball natijaga erishibdi.

Prezident maktablari taʼlim jarayoniga 40 ta xorijlik oʻqituvchilar jalb qilinibdi. Richard Pashkovski maktabning akademik direktori. Yoshi yetmishdan oshgan, oʻziga yarashiq soqol qoʻygan kanadalik harakatchan, koʻzlari tiyrak, sinchkov kishi ekan. Ingliz, fransuz tillarini bilguvchi ustoz birnecha yillar Xitoy, Hindiston va Braziliyadagi “Offshore Schools” direktori va taʼlim maslahatchisi boʻlib ishlagan. Choy ustida bir soatcha suhbat qurdik. R. Pashkovski ishonch bilan: “Xorazmlik bolalar oʻta isteʼdodli, mehnatkash, ziyrak, bir tushuntirganda ilgʻab oladigan. Isteʼdodlarga imkoniyat va sharoitni shunday yaratilgudek boʻlsa, ilm-fan bobida Xorazmiy avlodlari yana dunyoni zabt etadi!”, deganida ichimizdan quvondik.

Yurtboshining safari

Biz qadimiy zaminga qadam qoʻyishimizdan sal oldin, 2020-yilning dekabr oyida Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev Xorazmga tashrif buyurgan edi. Tashrifdan koʻzlangan maqsad – islohotlarning mahallabay tizimda yoʻlga qoʻyilganini, odamlar hayotidagi ifodasini koʻrish, navbatdagi rejalarni belgilash edi. Tashrif xronikasi uchrashuvlar va voqealarga boy boʻldi, deyish mumkin. 205 mlrd soʻmdan ziyod mablagʻ evaziga tashkil etilgan Xonqadagi innovatsion issiqxonada beshinchi avlod texnologiyalari qoʻllanilganini koʻrgach, mazkur tajribani keng joriy etish muhimligi taʼkidlandi. “Butun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi dolzarb masala boʻlib boryapti. Tashqi bozor qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini mavsumiy emas, yil davomida yetkazib berishni talab qiladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Albatta, bu borada xonqaliklarning tashabbuskorligi va uddaburroligiga tan bermay ilojimiz yoʻq. Xonqa tuman IIB boshligʻi A.Matchanov rahbarligidagi 3-sektorga qarashli idora rahbarlari bilan Xonqa pedagogika va sport kollejida yanvar oyi oʻrtalarida boʻlib oʻtgan uchrashuvda maʼlum boʻldiki, xonqaliklar yoʻqdan bor qiladigan, qonida tadbirkorlik oqadigan kishilar ekan.

Davlatimiz rahbari Yangiariq tumanidagi “Yantex Invest” MCHJ faoliyati bilan tanishuv chogʻida mahallabay ishlash boʻyicha yangi tizimni yoʻlga qoʻyish masalasini oʻrtaga tashladi.

Islohotchi mahalla raislari koʻpayadi

Bu ajoyib gʻoya tashrif davomida birinchi marta ilgari surildi. Xorazm faollari va tarmoqlar mutasaddilari ishtirokidagi yigʻilishda davlatimiz rahbari “mahalla raisi – islohotchi” tamoyili asosida ijtimoiy muammolarni hal qilish boʻyicha yangi tizim joriy etilishini eʼlon qildi. Garchi pandemiya jamiyat iqtisodiy hayotida ogʻir asoratlar qoldirgan boʻlsa-da, bunday tajriba MDH mamlakatlaridan faqat Oʻzbekistonda qoʻllanilmoqda. “Temir daftar”ni joriy etishdan maqsad ehtiyojmand aholi qismini toʻgʻri aniqlash edi. Yurtboshimiz parlamentga Murojaatnomasida jamiyatda toʻplanib qolgan ijtimoiy muammolarga yana toʻxtalib, 2021-yildan “Ijtimoiy reyestr” yuritilishini taʼkidlab oʻtdi. “Barcha darajadagi rahbarlar pastga tushib, oʻz sohasi boʻyicha mahallalardagi muammolarni oʻrganishi va ularga yechim topishi, odamlar sezadigan natijani taʼminlashi shart”, deyildi Murojaatda.

Viloyat boʻylab safarda Ichanqalʼadan Tuproqqalʼagacha kezganimizda yuqoridagi tashabbusdan soʻng, mahalla odamlarida ishonch tuygʻulari nish urgani, oʻzaro muloqotda ortiqcha dabdababozlikdan qochib, hayotga yaqinlashish, ijtimoiy faollikka yuz burilgani ochiq sezildi. Davlat ogʻir damlarda yordamini ayamaganidek, odamlar ham bir-biriga suyanchiq, hamdard boʻlib borayotgani menda ajib taassurot qoldirdi. Biz koʻproq suhbatga tortgan ayollar va yoshlar faollashganini berilgan aniq savollaridan bilsak boʻlardi. Hazorasp tumanida “Har bir yoshga bir gektar” loyihasi ishga tushirilgani, yoshlar va xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, xususan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani, tadbirkorlar tomonidan tikuvchilik korxonalari tashkil etilayotgani bizlarni, albatta, quvontirdi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam Xorazm filialiga borganimizda ellik yoshlardagi shifokor Nargiza Atajonova yonimga kelib: “Koronavirus elimizdan beparvolik kasalini aritdi, odamlarning qarashlari oʻzgarib, birmuncha jiddiy va vazmin, sogʻligʻiga ham eʼtiborli boʻldilar”, dedi. Yovuz kasallikni boshdan oʻtkazganim bois, tojvirus insonga hayot va oʻlim naqadar yaqin ekanligini eslatganini his qila boshlagandim. Shu bois, pandemiya kunlarida uch qavatli tibbiy kiyimlarni kiygancha, yuzlab xorazmliklarni oʻlimdan asragan shifokor ayolga xalq oldida minnatdorchilik izhor qildik: “Siz bizning xaloskorimiz boʻldingiz!”.

Odamlar orasida

Ochigʻini aytish lozimki, yangilanayotgan Oʻzbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida 2020-yildagi sinovli kunlardan keyin odamlarda jonlanish, hamfikrlilik, maslakdoshlik oʻzaro rishtalari bogʻlandi. nazarimda. Aholi bilan boʻlgan maʼnaviy uchrashuvlarda buni qalbdan his etdik. Bogʻotning Beshariq kishlogida “Xorazm tekstil” macʼuliyati cheklangan jamiyati korxonasi joylashgan. Ish boshqaruvchi Quronboy ogʻa Sodiqov Samarqand arxitektura-qurilishi institutini tugallagan, keyin tadbirkorlikka qoʻl urgan. Bundan sakkiz yil muqaddam, 2012-yil oxirida qurilishi tugallanmagan toʻqimachilik fabrikasini 10,5 milliard sumlik investitsiya kiritish va yangidan 200 ta yangi ish oʻrni yaratish sharti bilan tadbirkor yutib olibdi. Loyiha uchta bosqichi boʻlib, birinchi bosqichda 12000 m.kv. ishlab chikarish maydoni 2014-yil 1-dekabrda ishga tushirilib, 200 ta yangi ish oʻrni yaratilgan. Shveysariyaning “Rieter Machine Works LTD” firmasining zamonaviy dastgoh va uskunalari olib kelingan. Ikkinchi bosqichda “Marzoli”, “Tomsic” (Italiya), “Murata” (Yaponiya) kompaniyalari bilan shartnomalar tuzilib, ishlab chikarish dastgohlari va laboratoriya asbob-uskunalari keltirilibdi. 2019-yil noyabr oyidan mahsulot ishlab chikarishga kirishganda yana 400 nafar ishchi ishga qabul kilingan.

“Kelgusi rejalar bilan oʻrtoqlashsangiz”, degan savolimizga korxona direktori Sarvar Nurmetov shunday javob berdi: “Xorazm tex” 177 ta fermer xoʻjaliklari bilan kontraktatsiya shartnomasini tuzgan boʻlib, 31440 tonna paxta yetishtirish prognozini 33619 tonnaga yoki 106,9 foizga bajargan. Korxona Xonqa paxta tozalash zavodini sotib olganidan keyin shu tumanda yana 320 nafar ishchi oʻrni paydo boʻldi. Hozirgi kunda ip-kalava fabrikamizda 600 nafar, paxta tozalash zavodida 320 nafar, jami 920 nafar ishchi-xizmatchi ishlab kelmokda. Korxonada ish 3 smenada tashkil kilingan. Ishchi xizmatchilar uchun issiq ovqat toʻliq taʼminlangan va avtobus qatnovi yoʻlga qoʻyilgan. Quvonarli jihati shuki, 2020-yilda jamiyat tomonidan 11 mln 706 ming AQSH dollarlik mahsulot Rossiya, Xitoy va Turkiya davlatlariga eksport qilindi. Korxonada 10 turdagi, jumladan, paxta tolasi, chigit, urugʻlik chigit, momiq, pahmoq, ip, yigirilgan ip kalava va boshqalar ishlab chiqariladi. Uchinchi bosqich ishlari tugallangudek boʻlsa, 2021-yilning oʻzida Bogʻot tumanida 10 mln. belbogʻ-metr xom surp mahsuloti ishlab chiqaradigan toʻqimachilik fabrikasi ishga tushadi. Unda 350 nafar nafar ishchi qabul qilinadi. Mahsulotning 80 foizi eksport qilinadi”.

Ip-kalava sexlari oralab aylanganimizdan keyin ishchi-xizmatchilar bilan dilkash uchrashuv oʻtkazildi. Suhbatda yaxshi angladikki, yoshlar bugungi kundagi islohotlarga befarq emas. Zamonaviy texnologiyani oʻziga boʻysundirgan yigit-qizlarning oʻziga ishonchi yuzi va koʻzlaridan balqib turibdi. Oʻrtaga tashlangan taklif va fikrlarni eshitgach, korxona rahbarlari navbatdagi tashrifimizgacha ishchilarni bilim va tajribasini oshirish uchun oʻqishga yuborishlarini taʼkidlashdi.

Biz viloyatdagi birqator korxonalarda boʻlib, ishchilarning shart-sharoiti va imkoniyati bilan qiziqdik. Hamma joyda yutuqlarning bosh sababkori rahbar ekanligiga ichimizda amin boʻldik. “Shovot tekstil” AJ (Elyor Dushamov), “Bogʻot don” AJ (Xushnud Gʻafurov) va birnecha taniqli korxonalarga ishbilarmon kishilarning toʻgʻri tanlanishi evaziga ishlar oʻz maromida ketmoqda, rejalar oʻz vaqtida bajarilmoqda. Ayniqsa, 87 mlrd soʻmlik mahsulot ishlab chiqaradigan Urganchdagi Texnopark (kiyim-kechak va metalldan turli mahsulot tayyorlaydi)ning imkoniyati va “haybati” Toshkentnikidan qolishmaydi. “UzXCMG” zavodi esa Xorazm sanoat industriyasiga karvonboshi boʻlishidan umidvormiz. Ushbu korxonalarda tunu kun ish qizgʻin pallada, chunki topshiriqni bajarishmasa boʻlmaydi...

Namuna boʻlgulik tibbiyot oʻquv dargohi

Urganchda 2000-yillarda “Jayxun” nomli mashhur mehmonxona boʻlardi. Bir muddat, shinam bu maskan talotoʻp ichida egasiz boʻlib qolganida, kimningdir ishorasi tufayli yopilish arafasiga kelib qolgan Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialining yorqin kelajagini koʻra olgan Yurtboshimiz mazkur binoni filial uchun ajratib, talabalarning nazariyani amaliyot bilan bogʻlab olib borishlarini taʼminlash uchun klinika qurilishiga xam ruxsat berdilar. Shu voqeadan keyin ishlar jonlanib ketdi. Oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari, ilmli, tashkilotchi yigit Bahrom Yuldashev bizni konferens-zal, laboratoriyalar, auditoriyalar, klinika boʻlimlari boʻylab aylantirib, yangi oʻzgarishlar haqida soʻzlab berdi:

– Adolatli qaror jamoamizni ruhlantirib yubordi, biz ikki hissa ishni bajarishga erishdik,– dedi B. Yuldashev.– Ilmiy salohiyat, zamonaviy sharoitlar, keng imkoniyatlar mavjudligi tufayli tez fursat ichida tibbiyot soxasidagi 7 ta taʼlim yoʻnalishi, Rossiya Federatsiyasi bilan xamkorlikda 3 ta taʼlim yoʻnalishida talabalar oʻqitilishi yoʻlga qoʻyildi. 14.00.05- “Ichki kasalliklar” ixtisosligi boʻyicha ilmiy kengash tuzildi. Hindiston, Rossiya, Pokiston, Afgʻoniston, Tanzaniya, Qirgʻiziston, Turkmanistondan 300 nafardan ziyod talaba kelib tahsil olmoqda. Chet ellik va Oʻzbekistonnning turli viloyatlaridan kelib oʻqiyotgan talabalar shu binoning oʻzidagi yotoqxonada joylashgan. Xorij talabalarining filialimizga kelib oʻqishlari respublikamiz nufuzining ortishiga olib kelsa, investitsiyalarning jalb qilinishi esa filialimiz moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Biz zalda yigʻilgan professor-oʻqituvchilar bilan Oʻzbekistonda boʻlayotgan bunyodkorlik ishlari, Yurtboshimizning parlamentga Murojaatlari, filialda ustoz-shogird anʼanasi uzviyligi borasida qariyb ikki soatcha suhbat qurar ekanmiz, yoshlarning davrga hamohang qarashlari, bilimdonligini, oʻquv dargohida shakllangan toza ijodiy muhit va ichki batartiblikni koʻrganday boʻldik. Eng muhim koʻrsatkich shuki, filial korrupsiyasiz oʻquv dargohi boʻlishga intilmoqda. Bu borada ibratli ishlardan biri, taʼmagirlik yoʻliga kirish anonim soʻrovlar natijasida ishdan ozod qilinishga olib kelishi toʻgʻrisida barcha professor-oʻqituvchilar ogoxlantirilgandan keyin samara keltirgani aytildi.

– Mustaqil, namunali institut boʻlishga harakat qilmoqdamiz, – deydi filial rahbari, professor Rashid Roʻziboyev. – Filialda Qozon federal universiteti bilan qoʻshma dastur asosida “Tibbiy biologiya” (3+3), Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti bilan “Davolash ishi” (3+3), “Farmatsiya” (3+2) taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha talabalar oʻqitilishi yoʻlga qoʻyilgan. Istanbul va Anqara Medipol universitetlari (Turkiya) bilan “Tibbiyotda menejment” va “Stomatologiya” yoʻnalishida qoʻshma taʼlim dasturlari ochish boʻyicha memorandum imzolanib, tegishli ishlar olib borilmoqda. Kelgusida IT medik (Qozogʻiston), Oilaviy shifokorlar (Ukraina), Kosmetologiya va xirurgiya (qoʻshma magistratura, Turkiya), Xalq tabobati (Hindiston) yoʻnalishlarida qoʻshma dasturlar tashkil qilinishi rejalashtirilgan. Jami 12 ta yoʻnalish boʻyicha malaka oshirish kurslari va qayta tayyorlash dasturlarini ishga tushirmoqchimiz.

Oʻquv dargohi jamoasi qisqagina vaqtda ancha tashabbuskorlik ishlarini amalga oshirishibdi. Demak, filialni yopish emas, balki yana-da kuchaytirish va dunyo miqyosiga olib chiqish kerak boʻlibdi. 2020-yilda filial talabalaridan 1 talaba Zulfiya mukofoti, 1 talaba Ibn Sino nomli, 1 talaba Islom Karimov nomli davlat stipendiati, 2 nafar talaba xalqaro tanlovlarda 1 oʻrinni, 9 talaba xalqaro, 4 talaba respublika onlayn fan olimpiadalarida yuqori oʻrinni egallabdi.

Oʻsha kungi uchrashuvdan keyin Shovot, Bogʻot, Hazorasp, Tuproqqalʼadagi tibbiyot birlashmalarida boʻlganimizda, filial professor-oʻqituvchilarning tibbiyot sohalarida ham, maʼrifiy ishlarda ham, siyosatda ham poytaxtdagilardan kam emasligini oʻz koʻzimiz bilan koʻrib, viloyat taʼlim dargohlarida ham zamonga mos ziyolilar qatlami yetishib kelayotganiga amin boʻldik.

Tuproqqalʼa – sanoat tumaniga aylandi

Tuproqqalʼadan Urganchga 250 km., tuman markazigacha 170 km.ni tashkil etishi koʻpgina ovoragarchiliklarga sabab boʻlayotgani haqida yuqoriga yozishmalar koʻpaya bordi. Chindan ham, aholining yashash va turmush tarzi ogʻir ahvolga tushib, uylar va yoʻllar taʼmirtalab, ichimlik suvi muammolari yigʻilgan, ijtimoiy soha obyektlari achinarli holga kelib qolgan edi. Prezidentimizning 2020-yil 12-13-mart kunlari Xorazmga tashrifi davomida yangi tuman tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qoʻllab-quvvatlandi. 24-martda Tuproqqala tumani tashkil etilib, maʼmuriy hudud birligi belgilandi. 2020-yil 11-aprelda “Xorazm viloyati tarkibida Tuproqqalʼa tumanini tashkil etish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezidentimizning qarori asosida Respublika komissiyasi tuzilib, barcha tashkiliy masalalar hal etildi. Tumanda ishlab chiqarish resurslaridan unumli foydalanish, meʼmoriy qiyofasini tubdan oʻzgartirish, ijtimoiy infratuzilmani yana-da yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 2-iyundagi 346-sonli qarori qabul qilindi. Bu dalillarni keltirishdan maqsad Yurtboshimizning muammolarni oqillik va tezkorlik bilan yechish mumkinligini isbotladilar. Qarabsizki, bu hudud aholisi hayotida yangi, bunyodkorlik davri boshlanib ketdi. Hozirda aholi soni 55 ming nafardan oshadi.

– Yana bir oqilona yechim: “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasida belgilangan imtiyozlarning hudud uchun saqlanib qolishi tuman rivojlanishiga asos boʻldi,–deydi biz bilan suhbatda tuman hokimi Alisher Salayev.

Ayrim mahallalarda boʻlganimizda, odamlarning kayfiyatini koʻrib quvondik. Olti oyda yoʻllar asfalt qilinib, qishloqlarga toza ichimlik suvini keltirishga 50 mlrd. soʻm sarflanibdi. Biz Pitnak shahri va bugungi Tuproqqalʼa qishloqlarini to Turkmaniston chegarasigacha oʻtib borganimizda, hali ish boshlagan obyektlarga koʻzimiz tushdi. Aprel oyiga kelib, uchta sanoat korxonasida yangi liniyalar ishga tushirilishi voqea boʻladi. DAMAS mashinasi chiqaradigan “UzAuto Motors” AJ Xorazm viloyati filialida yangi “Press” sexi (200 nafar ishchi), “Future Industry System” MCHJda dvigatellar ishlab chiqarish (200 nafar ishchi), “NEW BEST STYLE” MCHJ da gul qogʻoz (50) mahsulotlari, tumanda esa 2021-yilning oʻzida 5018,0 mlrd. soʻmlik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Viloyatdagi islohotlar ijrosi Prezidentimizning doimiy nazoratida turibdi. Kuni kecha selektor yigʻilishida har bir viloyat hokimi mahalliy byudjet hisobidan 100 nafar, har bir oliygoh esa 30-50 nafardan xotin-qizlarning kontrakt́ini toʻlab berishga masʼul boʻlishadi, deyilishi islohotlarning amaliy yechimi uchun kuch-qanot boʻldi. Demak, 5000 dan ziyod ota-onasining biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yoʻq yolgʻiz ayollarga davlatimiz insonparvarlik va homiylik koʻmagini bermoqchi. Ajoyib tashabbus!

Xorazmda ham eng rejadagi tadbirlar shuki, “Har bir oila–tadbirkor”, hunarmandchilikni rivojlantirish, fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash dasturlari, mahallabay tizimi chekka tumanlarda ishga tushgach, musofirchilikdan zerikkan koʻplab xorazmlik mehnat migrantlari qishlogʻiga qaytmoqda. Deylik, Tuproqqalʼada 1792 nafar yurtiga qaytgan fuqaroni tanlagan yoʻnalish boʻyicha qayta kasbga oʻqitish va ishga joylashtirishga allaqachon kirishilgan. Viloyatda tadbirkorlik kursini bitirayotgan 500 dan ortiq yoshlarga yangi ishlar taqsimlanadi.

Xotima

Maʼlumki, 14-fevral kuni “Milliy” telekanalida Oʻzbekiston va Turkiyaning “Bozdag film” kompaniyasi tomonidan suratga olingan “Mendirman, Jaloliddin” (aslida “Jaloliddin Xorazmshoh” deb nomlash joiz) seriali premyerasining ilk fasli boʻlib oʻtdi. Tarixchilardan Juvayniy, Rashididdin va boshqalarning yozishicha, soʻnggi shahzoda Jaloliddinning jasoratiga qoyil qolgan Chingizxon oʻz oʻgʻillariga qarata “Otaning faqat shunday oʻgʻli boʻlishi lozim. U olovli jang maydonidan oʻzini qutqarib, halokatli girdobdan najot qirgʻogʻiga chiqdimi, undan hali ulugʻ ishlar va qiyomatli isyonlar keladi”, deydi va uning orqasidan taʼqib etishni taʼqiqlaydi.

Bugun Ichanqalʼadan Tuproqqalʼagacha choʻzilgan makonda Jaloliddinlar avlodi yashaydi. Bu avlodlar qoni va ruhida buyuk Najmiddin Kubro, Pahlavon Mahmud, Ogahiy, qolaversa, Komiljon Otaniyozov, Omon Matjonlarning ushalmagan orzulari boʻy koʻrsatishiga, Xorazm eli bir vaqtlardagidek iqtisodda ham, maʼnaviyatda ham dovrugʻini tiklashiga ishondik. Sababi, koʻhna zaminda yaralgan qadim “Avesto” oʻlmas asari ezgu gʻoyalarini Makedonskiy Yunoniston, Rim va butun Yevropaga yoygan, soʻng Maʼmun akademiyasi birinchi Renessansga asos solgan tuproq bu!

Jaloliddin Manguberdi soʻnggi jangi oldidan oʻz hamrohlariga. “Vatanni, millatini jonidan ziyoda sevganlar bu yoʻlda muxtordirlar. Rohatini, salomatligini oʻylovchilar istagan yerlariga ketishlari mumkin” deb aytgan edi. Har bir xorazmlik yurtini haddan ziyod sevgan, begona maskanlarga ketib qolmagan. Ha, Beruniy, Xorazmiy, Ogahiylarni yetishtirgan bu ulugʻ tuproq yaqin yillarda yana jahonga komil oʻgʻlonlar-u qizlarni ulgʻaytirishiga shubha qilmaymiz.

Baxtiyor OMONOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?