Ibrat va iftixor timsollari
Fevral qishdan bahorga oʻtish oyi sifatida barchamizga qadrli. Yerlarga ishlov beramiz, nihol ekish, mavjud bogʻlarni parvarishlash jarayoni kechadi. Bu yashash tarzimiz bilan bogʻliq faoliyat. Ammo elimizning maʼnaviy-maʼrifiy dunyosi uchun bebaho oyda oʻzbek adabiy tilining asoschisi hazrat Alisher Navoiy hamda ulugʻ shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan. Bu oy elimiz tarixi zarvaraqlarida oltin harflar bilan yozib qoʻyishga loyiq.
Agar Alisher Navoiyning ulugʻ merosi dunyo tillariga mukammal tarjima qilinganda, buning iloji boʻlganda, uning dunyoning eng buyuk shoirlaridan biri ekanini butun bashariyat anglardi. Ijodiy merosining hajmi ham, maʼnaviy-maʼrifiy jihatdan yuksakligi ham shu qadar beqiyos! Hazrat uchun odam koʻngli hamma yaratiqlardan ulugʻi, Vatan kabi muqaddasdir. “Hayrat ul-abror”da shoir Kaʼbani taʼrif qilar ekan, inson koʻnglini Allohning uyi deb hisoblaydi. Buning uchun koʻngil pok va Quborsiz boʻlishi lozimligini taʼkidlaydi:
Kaʼbaki, olamning oʻlub qiblasi,
Qadri yoʻq andoqki koʻngul kaʼbasi.
Faxrki, Buxoroi sharifimiz Alisher Navoiy uchun ham muqaddas tuproq hisoblangan. Hazrat Xoja Bahouddin Naqshband haqida yozar ekan, naqshbandiylik tariqatini alohida eʼzozlagani namoyon boʻladi. Xoja Bahouddin Naqshband ziyoratiga shohlar kelib, qulluq qilganini ifodalaydi:
Yuz qoʻyubon qullugʻigʻa shohlar,
Bazmida bexud oʻlub ogohlar.
Alisher Navoiy koʻplab tariqatlarni oʻrgangani holda naqshbandiylik tariqatiga amal qilishni maʼqul bilgan. Bu tariqat insonparvarligi, komillikni targʻib etishi bilan betakror. Zotan, Alisher Navoiyning Farhod obrazi barchamiz uchun komillik timsolidir.
Ulugʻ shoirimiz geometriya, matematika kabi ilmlardan, tirandozlik, kamonbozlik, harbiylikdan xabardorligi yordamida Farhodning tilsimlarni yechganini tasvirlaydi. Farhod qayta-qayta xazina topadi, ammo boylikka asir boʻlmaydi. Uch hunarda mohir Farhod “Hunarni asrabon netkumdir oxir, Olib tufroqqami ketkumdir oxir”, deydi va “Nahrulhayot” arigʻini qazib, “Bahrunnajot” hovuziga suv keltiradi. Ustozi Moniydan oʻrgangan naqqoshligini ham, Boniydan oʻrgangan meʼmorligini, yaʼni arxitektorligini ham, Qorandan oʻrgangan tosh yoʻnish ilmini ham ishga soladi. Insonparvarlik gʻoyasini qarang: otasi Xitoy taxtini bersa, rad etib, oʻzga xalq uchun suv keltiradi.
Hazrat Navoiy farzandga ham ilm, ham hunar oʻrgatish lozimligini uqtirgan. Prezidentimiz aynan shu fikrni davlat siyosati darajasiga koʻtargani saodatimiz. Chunki inson ilmi bilan hunarini rivojlantirishi, hunari koʻmagida ilm olish uchun imkoniyatlar ochishi mumkin. Oʻzbekiston yoshlari ham hunarli, ham ilmli boʻlsa, nafaqat Vatanimizni, balki dunyoni obod aylaydi. Aslida ham shunday. Bobolarimiz hunar va ilmni birday oʻrganib, kerak boʻlsa, avliyo maqomiga yetganlar. Xoja Bahouddin Naqshband hazratlarining hayot yoʻllari bunga misol.
Har bir asarida insonparvarlikni, vatanparvarlikni, erkni kuylagan, Yer yuzini bir yaxlit Vatan deb bilgan, umr boʻyi tinchlik uchun jonini tikkan, insoniyatga ulugʻ asarlarini meros qoldirgan Alisher Navoiy nafaqat oʻzbekning, insoniyatning faxridir. Uning asarlarini oʻrganmay turib, chin oʻzbek ham, komil inson ham boʻlolmaymiz! Oʻzbek nomi dunyo tamaddunida Alisher Navoiy nomi bilan birgalikda aytiladi, buni unutishga hech birimiz haqli emasmiz.
Mirzo Bobur shaxsi ham gʻururimiz, shijoatimiz, shonimizni taʼminlab, jahon tarixining yorqin sahifalarida zikr etilganicha yashayveradi. Chunki dunyo uni nafaqat mashhur sarkarda, balki odil podshoh sifatida ulugʻ boburiylar sulolasining asoschisi deb eʼzozlab kelishi hech kimga sir emas. Asrlardirki, buyuk ajdodimiz ijodini, faoliyatini oʻrganadi, ijodini sevib mutolaa qiladi.
Axir oʻzbek mumtoz nasrining nodir namunasi sanaluvchi “Boburnoma” Vatanimiz tarixidan taʼlim va saboq berib keladi. Qomusiy asar sifatida tarixchi, adabiyotshunos, folklorshunos, etnograf, geograf, tilshunosga muhim manba boʻlib xizmat qiladi. Asarni oʻqigan kitobxon Mirzo Bobur oyogʻi yetgan har bir hududning tabiatini, iqlimini, nabotot olamini nazardan oʻtkazadi. Qator tarixiy shaxslarning faoliyatidan, feʼl-atvoridan xabardor boʻladi. “Boburnoma” — har bir soha olimi oʻqib chiqishi shart boʻlgan kitob.
Bobur Mirzo sheʼriyati — nafisligi, mavzu va gʻoyasiga koʻra xalqchilligi bilan har birimizga saboq, ruhiyatimiz tarbiyatida muhim manba. U qoldirgan yana bir oʻgit shuki, Vatan hajri hamma qiyinchiliklardan qiyinidir. Ulugʻ shoir, ulkan olim, mashhur sarkarda qismati Vatan hamma narsadan zaruri ekanini yoshlarga anglatishimiz uchun doimo koʻmakka keladi.
Bu fikrlarni yosh avlodga anglatish uchun kitobxonlik va yana kitobxonlik zarur. Navoiyxonlik, boburxonlik kitobxonlikning goʻzal va muhim yoʻnalishi ekan, biz bu jarayonni yil boʻyi davom ettiramiz.
Buxoro davlat pedagogika institutining tillar fakulteti boshlab bergan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar fakultetlar boʻylab davom etmoqda.
Yaqinda sheʼrxonliklar, insholar, audioroliklar, videoroliklar tanlovlarining qizgʻin ruhiga hamohang institutning faollar zalida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Alisher Navoiy, Mirzo Bobur gʻazallari, ruboiylari professor-oʻqituvchilar, magistrlar, talabalar ijrosida jarangladi. Yoshlar buyuk ajdodlarimiz va ularning asarlari qahramonlari siymosi aks etgan sahna asarlarini namoyish qildi. Ulugʻ shoirlar gʻazallari asosida qoʻshiqlar kuylandi.
Goʻzal taassurotlar bergan, xotirimizda muhrlangan navoiyxonlik, boburxonlik tadbirlari oy davomida oʻtkaziladi.
Bahodir MAʼMUROV,
Buxoro davlat pedagogika instituti rektori,
pedagogika fanlari doktori, professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Saida Mirziyoyeva Bryusselda Yevropa Ittifoqi komissari bilan uchrashdi
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring