“Hunarni asrabon netgumdir oxir”...

19:04 02 May 2025 Jamiyat
240 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Bugun bolalar oʻyinchoqlari bilan savdo qiladigan doʻkonlarga kirgan kishi dafʼatan shoshib qoladi. Peshtaxtalar rang-barang oʻyinchoqlar bilan liq toʻla. Ular orasida turqini koʻrsa bola tugul katta yoshlilarni ham choʻchitadigan, allaqanday maxluqlarni eslatuvchi qoʻgʻirchoqlar ham koʻp.

— Keyingi yigirma yil ichida doʻkonlarda chet ellardan keltirilayotgan qoʻrqinchli, jangari filmlar qahramonlarini eslatuvchi oʻyinchoqlar koʻpayib ketdi, — deydi Raʼno Eshonqulova. — Vaholanki, milliyligimizdan yiroq bu kabi buyumlar bolalarimiz ruhiyatiga salbiy taʼsir qiladi. Ularning jizzaki, toʻpolonchi, berahm, shafqatsiz boʻlib oʻsishlariga u yoki bu darajada taʼsir oʻtkazadi.

Suhbatdoshimizning aytganicha bor. Oʻyinchoqlar hali es-hushini tanimagan bolajonlar uchun yaxshi ovunchoq boʻlishidan tashqari ular dunyoqarashining shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadigan vosita hamdir. Jajji oʻgʻil-qizlarimiz ong-u shuuriga ular qiyofasidagi ezgulik, yaxshilik, oqillik, mehnatsevarlik tuygʻulari singadi. Zero, xalq ertaklarida ham shunday ezgu fazilatlar ulugʻlangan.

Aytmoqchi, Buxoro shahrida yashovchi Raʼno Eshonqulovaning bu mavzuda kuyinib gapirishi bejiz emas. U 35–36-yildirki, qoʻgʻirchoqsozlik bilan shugʻullanib kelmoqda. “Hunarmand”, shuningdek, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Buxoro viloyat ijodkorlar uyushmalari aʼzosi.

— Qoʻgʻirchoq bu oʻyinchoq, — deydi u. — Bolaning atak-chechakligi paytidayoq u yaqin hamroh, ehtimolki, doʻstga aylanadi. Uni sehrli, maftunkor ertaklar olamiga olib kiradi. Milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, etnografiyani qoʻgʻirchoqlar vositasida jajji oʻgʻil-qizlarimiz ongiga singdirishimiz kerak, degan oʻy menga tinchlik bermaydi. Bolalarning ruhiyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan, milliy qadriyatlarimizga mos qoʻgʻirchoqlar tayyorlashga harakat qilaman.

Raʼno opaning bu boradagi izlanishlari zoye ketayotgani yoʻq. U mamlakat miqyosida oʻtkazilib kelinayotgan hunarmandlar koʻrgazmalarida faol qatnashmoqda. Xorijda ham sharqona nafosat, hayo-ibo mujassam milliy qoʻgʻirchoqlarimizni tanitmoqda. Xususan, AQSHning Vermond shtati Burlenton shahrida 2015-yilda boʻlib oʻtgan festivalda, 2016-yilda Kanadaning Toronto shahrida tashkil etilgan Qoʻgʻirchoqlar anjumanida, 2017-yilda Buyuk Britaniya poytaxti Londonda oʻtkazilgan xalqaro qoʻgʻirchoqlar festivalida oʻz ijodiy ishlari bilan qatnashgan.

— Bu festivallar chogʻida koʻrgazmamiz oldidan odamlar qadami uzilmaganini haligacha maroq bilan eslayman, — deydi u. — Sharqona ertaklar mazmun-mohiyatidan kelib chiqib yasagan qoʻgʻirchoqlarimiz ularni oʻziga ohanrabodek tortib olgandi.

Qoʻgʻirchoqbozlik kishidan kitob mutolaasini, tarixni bilishni talab qiladi. Chunki bilim tasavvurni boyitadi. Tasavvur esa xalq amaliy sanʼatining boshqa yoʻnalishlarida ijod qilayotganlar qatori qoʻgʻirchoqbozga qilingan taqdir tuhfasidir.

Darvoqe, Raʼno opaning shogirdlari koʻp. U bu hunarga qiziqishi, ishtiyoqi boʻlgan oʻgʻil-qizlarga qoʻgʻirchoq yasash sir-asrorlarini qunt bilan oʻrgatadi. Ularni mustaqil ishlashga undaydi. Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiyning “Hunarni asrabon netkumdir oxir...” degan oʻlmas misralarini takrorlashni xush koʻradi. Kuzatgani shuki, qoʻgʻirchoq yasashni oʻrgangan yoshlar hayotda kam boʻlishmaydi. Ular orasida keyinchalik musavvir, kandakor, kulol boʻlib yetishganlari ham bor.

Yaqinda R. Eshonqulovaning shogirdlari, xalq amaliy sanʼati ustalari, soha mutaxassislari Buxoro tasviriy sanʼat muzeyida toʻplandilar. Bu yerda tajribali hunarmandning koʻrgazmasi tashkil etildi.

— Raʼno – oʻz ishining ustasi sanaladi, — deydi tadbir qatnashchisi, “Ipak yoʻlidagi karvonsaroylar” fransuz assotsiatsiyasining Buxorodagi filiali direktori oʻrinbosari Irina Mavlanova. — U bilan uzoq yillardan buyon hamkorlik qilib kelyapmiz. Yasagan qoʻgʻirchoqlari nafaqat bolalar, balki yoshi kattalarda ham qiziqish uygʻotadi. Sharq ertaklaridagi afsonaviy qahramonlar qiyofasi xorijiy sayyohlarga ham xush kayfiyat bagʻishlamoqda.

Bu nazarimizda, fidoyi hunarmand yurtdoshimiz mehnatiga berilgan eng katta bahodir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер