Hindistonda samolyot qulashi oqibatida yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolaridan hech kim tirik qolmagan — “CBS News”

18:25 12 Iyun 2025 Dunyo
221 0

Hindiston respublikasi Ahmadobod shahri hududida halokatga uchragan “Air India” aviakompaniyasining “Boeing 787-8 Dreamliner” samolyoti bortida boʻlgan 242 yoʻlovchining barchasi halok boʻlgan, deb xabar bermoqda “CBS News” nashri.

Aviahalokatga uchragan samolyot bugun, 12-iyun kuni Ahmadobod — London yoʻnalishida parvozni amalga oshirayotgan boʻlgan. Guvohlarning soʻzlariga koʻra, havo kemasi qulagan joydan olingan tasvirlarda havoni quyuq qora tutun qoplagani aks etgan. Halokatdan keyin voqea joyiga favqulodda xizmatlar yettita oʻt oʻchirish mashinasi yetib kelgan.

Dastlab, mazkur fojia yuz bergan vaqtda havo kemasi bortida 242 kishi boʻlganligi haqida maʼlumot berilgandi. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, samolyot bortida boʻlgan 242 nafar yoʻlovchining barchasi halok boʻlgan. Ular orasida 10 nafar ekipaj aʼzosi va bort kuzatuvchilari ham borligi taʼkidlanmoqda.

Samolyot bortida boʻlganlarning 169 nafari Hindiston fuqarosi, 53 nafari britaniyalik, 7 nafari portugaliyalik va bir nafar Kanada fuqarosi boʻlganligi haqida maʼlumot berilgan.

Hindiston rasmiylari mazkur hodisaning kelib chiqish sabablarini aniqlash chora-tadbirlarini boshlab yuborgan. Ayni vaqtda havo kemasi qushlar galasi bilan toʻqnashgan boʻlishi, natijada esa parvoz uchun zarur tezlikka erisha olmagan degan taxminlar ilgari surilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер