Hech kimga hech narsa qoldirmagan kitob va hikmat! Shularga amal qilsak — marra bizniki!

11:33 04 Dekabr 2020 Jamiyat
1544 0

Hammamiz har kuni kuzatadigan, lekin har doim ham eʼtibor qaratmaydigan bir necha holatlar:

1) tong otib, quyosh charaqlab tursa ham, qator simyogʻochlarda yonib turgan koʻcha chiroqlari;

2) odamlar oʻtib-qaytadigan koʻcha boʻyidagi joʻmraklardan suvning behuda oqib turishi;

3) koʻzday yaqin qoʻshnimiz och-nahor boʻlsa ham, yaqinlarimiz, hatto aka-ukalarimiz, qarindoshlarimiz orasida farzandlarining oʻquv-shartnoma pullarini toʻlay olmayotganini yoki mahallamizda ehtiyojmand oilalar borligini bilsak-koʻrsak-da, lekin dabdabali toʻy qilavermiz. Yoshlarning orzu-havasi deb, birgina “ZAGS”ning oʻziga bir talabaning bir yillik oʻquv-shartnoma pulini sarflaymiz...

Roʻyxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Shu mavzuda xayolimizga kelgan hamma narsani tizib chiqsak, bir maqola u yoqdan tursin, hatto bir nechta kitob boʻlishi ham turgan gap.

Xoʻsh, biz qachondan beri dabdabaga oʻch, xoʻjakoʻrsinga, kimoʻzarga moyil, isrofga mukkasidan ketadigan boʻlib qoldik?..

Alloh taolo Qurʼoni karimda qattiq va qatʼiy (!) qoralab: “Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Zero, U isrof qilguvchilarni sevmas”, deb marhamat qiladi (Aʼrof surasi 31-oyat).

Isrof” deyilganda hamma narsa qamrab olinadi. Maʼnaviy ehtiyojlardan tashqari, Qurʼoni karim tilovati, zikr, tasbih, ibodatlar, kitob mutolaasidan boshqa hamma narsaning, hatto suvning ham meʼyoridan ortiqcha ishlatilishi — isrofdir!

Nega tonnalab obihayot isrof qilinadi?

Issiq kunlarda koʻp qavatli uylar oldida gilam yuvayotgan kishilarga koʻzingiz tushgandir. Yoki mahallalarga yoʻlingiz tushsa, joʻmraklarni boricha ochib qoʻyib, tarvuz-qovunni tashlab qoʻyilgan holatni-chi? Yoki uzun plastmassa ichaklarda suv purkayotgan kishilarni kuzatgandirsiz. Aslida bir yoki ikki chelak suv bilan hal boʻladigan ishlarga tonnalab obihayot oqiziladi.

Parvardigori olam Qurʼoni karimda: “Sizlar oʻzlaringiz ichadigan suv haqida hech oʻylab koʻrdingizmi? Uni bulutlardan sizlar yogʻdirdingizmi yoki Biz yogʻdirguvchimizmi? Agar Biz xohlasak, uni shoʻr qilib qoʻygan boʻlar edik. Bas, shukr qilmaysizlarmi?” – bizni ogohlantiradi. (Voqea surasi 68–70-oyatlar).

Maʼlumotlarga koʻra, ona sayyoramizning 75 foizdan koʻproq qismi suv bilan qoplangan ekan. Lekin Yer yuzidagi suvlarning bor-yoʻgʻi 3 foizi chuchuk, yaʼni isteʼmolga yaroqli, xolos.

Rasululloh tahoratga qancha suv ishlatganlar?

Ota-bobolarimiz suvni isrof qilishdan juda ehtiyot boʻlganlar. Birgina misol, uyimizga qishloqdan yoshi ulugʻ mehmon kelsa, uning tahorat olishda suvdan ustamonlik bilan, yaʼni isrof qilmasdan foydalanganini kuzatganmiz.

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Bir kuni Saʼd tahorat qilayotganida, Janobi Paygʻambarimiz alayhi va sallam uning oldidan oʻtib qoldilar va unga: «Bu qanday isrofgarchilik, ey Saʼd?» – dedilar. Shunda u: “Tahoratda ham isrof boʻladimi?” – deya ajablandi. Janobi Rasululloh alayhissalom: “Garchi daryoda boʻyida yashasangiz ham, tahoratda suvni ortiqcha ishlatmang”, – deya unga tanbeh berdilar» (Imom Ahmad rivoyatlari).

Janobi Paygʻambarimiz sallallohu alayhi va sallam bir soʻdan besh muddgacha boʻlgan suv bilan gʻusl qilar va bir mudd suv bilan tahorat olar edilar” (Muttafaqun alayh). Yaʼni, Janobi Rasululloh alayhissalom taxminan 0,688 litr suv bilan tahorat qilar edilar.

Toʻldirilgan eng yomon “idish”

Ulamolarning aytishlaricha, maqolamiz boshida keltirilgan Aʼrof surasining 31-oyatida tabobat ilmining yarmi jamlangan ekan.

Isrof deganda, xayolimizga koʻp narsalar keladiyu, lekin ortiqcha ovqatlanishni unutib qoʻyamiz. Janobi Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Nafsingiz xohlagan har narsani yeyaverishingiz ham isrofdir”, – deganlar (Imom Hofiz Abu Yaʼlo rivoyatlari).

Boshqa bir hadisi sharifda: «Odam bolasi toʻldiradigan idishlarning eng yomoni – qorin. Kishiga harakat qilishi uchun kerak boʻlgan miqdordagi taom kifoya qiladi. Yoki uqornini uch qismga ajratsin, bir qismi taom uchun, bir qismi suv uchun, yana bir qismi nafas uchun» (Imom Ahmad rivoyatlari).

Xulosa

Horun Rashidning bir nasroniy hoziq tabibi bor edi. U bir kuni ulamolardan Ali ibn Husayn ibn Voqidga: “Qurʼon kitoblaringizda tabobat xususida hech narsa yoʻq. Vaholanki, ilm ikki xildir. Biri – din ilmi, ikkinchisi – badan, yaʼni tib ilmi” deganida, u javobiga: “Alloh taolo tabobatning hammasini yarimta oyatga joylab qoʻygan”, – deb, mazkur oyatni oʻqib berganida, tabib: “Paygʻambaringiz bu xususda hech nima demagan”, – debdi. Shunda olim: “Aksincha. Oshqozon – dard manbai, parhez – barcha davoning boshi. Badanni unga mos narsa bilan parvarish qiling!” degan hadisi shariflarini oʻqib beribdi. Shunda tabib: «Kitobingiz bilan Paygʻambaringiz Jolinus hakimga tabobatdan hech narsa qoldirmabdi», – degan ekan.

Beqiyos va betakror, katta va boy tajribaga ega dono xalqimiz ham necha ming elakdan oʻtkazib, bekorga “Nimani xor qilsang, shunga zor boʻlasan”, demagan. Bejizga:

Tejam bilan ishlatsang – uy-roʻgʻoring but.

Isrof bilan ishlatsang – yomon kunni kut!

demagan.

Mehribon Parvardigorimiz barcha narsani birgina Aʼrof surasi 31-oyatining yarmiga, Janobi Paygʻambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birgina hadisi shariflariga jamlab qoʻygan ekanlar, biz chin saodatni istasak, hech kimga hech narsa qoldirmagan KITOB – Kalomulloh va HIKMAT – hadisi sharifga amal qilsak – marra bizniki!

Ibrohimjon INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер