Hech kim mehr va eʼtibordan chetda emas

19:35 04 Dekabr 2023 Jamiyat
134 0

Maʼlumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1992-yil 14-oktyabrdagi qarori bilan 3-dekabr Xalqaro nogironlar kuni, deb eʼlon qilingan edi. Shundan buyon ushbu sana butun dunyo boʻylab aqlan yoki jismonan nuqsoni boʻlgan fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan turli tadbirlar, xayriya aksiyalari oʻtkaziladi.

Sana munosabati bilan Qashqadaryo viloyatida ham “Hech kim mehr va eʼtibordan chetda emas” shiori ostida koʻplab ana shunday tadbirlar tashkil etildi.

Jumladan, viloyat musiqali-drama teatrida nogironligi boʻlgan fuqarolar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar koʻrgazma-savdosi tashkil etildi. Unda viloyat hokimi boshchiligidagi turli davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, nogironligi bor kishilar yaratgan mahsulotlardan xarid qilishdi.

Shu kuni jismoniy imkoniyati cheklanganiga qaramasdan, biror-bir hunarni puxta egallagan va bu ishni oʻzining faoliyat yoʻnalishiga aylantirgan fuqarolar tomonidan tayyorlangan zargarlik, bijuteriya, kulollik, haykaltaroshlik mahsulotlari, turli aksessuarlar, oʻyinchoqlar va boshqa sanʼat asarlarining bozori qizidi.

— Yoshligimdan suratlar chizishga qiziqaman, — deya oʻz fikrlarini imo-ishoralar orqali bayon etadi Qarshi shahridagi 17-imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasi oʻquvchisi Isidora. — Bugun oʻzimning eng yaxshi suratlarimni koʻrgazmaga olib kelgandim. Ularning barchasini ishtirokchilar sotib olishdi. Chizgan suratlarim boshqalarga manzur boʻlganidan juda baxtiyorman. Kelgusida yetuk rassom boʻlishni maqsad qilganman.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida sana munosabati bilan 50 nafardan ziyod bolajonlarning sunnat toʻylari va nogironligi mavjud yoshlarning nikoh toʻylari oʻtkazib berildi.

Toʻy tantanalarida viloyat hokimi Murotjon Azimov ishtirok etib, sunnat boʻlayotgan bolajonlar va yosh oilalarni nikoh toʻylari bilan tabrikladi. Toʻy sohiblariga esdalik sovgʻalari topshirildi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер