“Haj” va “Umra” masalasida yakuniy qaror qabul qilinmagan — Musulmonlar idorasi
Shu kunlarda ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Saudiya Arabistoni hukumati ayrim talablar asosida insonlarga haj safari uchun ruxsat berishga qaror qildi, degan mazmunda tarqatilayotgan xabarlar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasining maʼlum qilishicha, Oʻzbekistonning Jidda shahrida joylashgan Bosh konsulxonasidagi “Haj” va “Umra” masalalari boʻyicha Attashesi bilan doimiy muloqot qilib, muborak safarlar bilan bogʻliq har bir jarayonni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Shu kunlarga qadar, Saudiya Arabistoni hukumati haj va umra safarlarini boshlashga oid biror-bir yakuniy bayonotni eʼlon qilgani yoʻq.
Taʼkidlash kerakki, Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va Umra vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar va xizmat koʻrsatish markazi ham ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda haj mavsumini oʻtkazishga ruxsat berilgani, unga xorijdan 45 ming nafar ziyoratchilar qabul qilinishi haqidagi xabarlarga raddiya berib, “Haj – 2021” mavsumini tashkil qilish va chetdan hojilar qabul qilishga doir hukumat qarori keyinroq eʼlon kilinishini maʼlum qildi.
Eslatib oʻtish zarurki, Saudiya Arabistoni Fuqarolik aviatsiyasi bosh boshqarmasi (GACA) sayohat va boshqa maqsadlarda mamlakatga tashrif buyuruvchi chet elliklar (kirish toʻxtatilmagan mamlakatlardan kelganlar) uchun tibbiy-sanitar va epidemiologik shartlar toʻgʻrisida yoʻriqnoma ishlab chiqargan. Unga koʻra, mamlakatga kirishda har bir chet el yoʻlovchisidan Sogʻliqni saqlash vazirligi roʻyxatidan oʻtgan Pfizer/BioNTech (AQSH-Xitoy), Oxford-AstraZeneca (Buyuk Britaniya–Shvetsiya), Moderna (AQSH) vaksinalarining ikki dozasi va Johnson & Johnson (AQSH) vaksinasining bir dozasini qabul qilganlik haqida maxsus sertifikat talab qilinadi.
Vaksina sertifikatlari kelayotgan yoʻlovchilarga emlashni amalga oshirgan davlatning rasmiy sogʻliqni saqlash idoralari tasdiqlashi va oxirgi dozani olish muddati (ikki dozali emlashning ikkinchi dozasi yoki bitta dozali emlashning birinchi dozasi) SAPga sayohat qilishdan 14 kundan kam boʻlmasligi kerakligi belgilangan. Har bir vaksina sertifikatlari Qirollikning nazorat punktlarida tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Yuqoridagi kabi talablarga javob bermaydigan yoʻlovchilar belgilangan manzilga, joʻnab ketgan joylariga qaytarib yuboriladi va yoʻl harajatlarini aviakompaniya oʻz zimmasiga oladi. Ushbu qoidalarga rioya qilmaslik sayohatchilarga Saudiya Arabistoniga kirish taqiqlanishidan tashqari, qonuniy majburiyatlarni ham yuklaydi. Izolyatsiya boʻyicha koʻrsatmalar yoki karantin qoidalarini buzgan fuqarolar va rezidentlar 200 ming riyol (53,2 ming AQSH dollari) miqdorida jarima yoki ikki yildan ortiq boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi va takroriy buzilgan taqdirda, jazo ikki baravar koʻpaytiriladi. Saudiyalik boʻlmagan qonunbuzarlar Qirollikdan deportatsiya qilinadi va shaxsga nisbatan jazo ijro etilgandan keyin ularning mamlakatga kirishiga taʼkiq qoʻyiladi.
Maʼlumot oʻrnida, 2021-yil 30-may holatiga koʻra, Saudiya Arabistonidagi koronavirusning tasdiqlangan 449,191 ta holati qayd etilgan. Oʻlim soni 7,347 dan oshgan. 432,138 shaxs (98%) virusdan toʻliq davolangan. Faol shaklda davolanayotgan bemorlar 9706 (2,2%) nafardan iborat. Ayni vaqtda 1348 bemorning ahvoli ogʻirligicha qolmoqda. Kunlik kasallik yuqtirish koʻrsatgichi 1300-1400 nafarni tashkil etmoqda. Jami vaksina qilinganlar 13 029 245 nafar (aholi soni – 35.232.118).
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi “Haj” va “Umra” safarlarga oid oʻrganishlarni davom ettirgan holda muborak safarlar bilan bogʻliq xabarlarni rasmiy nashrlarda eʼlon qilinishini maʼlum qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring