“Hayotning oʻzi katta teatr...”

13:01 31 Yanvar 2025 Jamiyat
153 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Elimizning sevimli sanʼatkori, taniqli kino va teatr aktyori, Oʻzbekiston xalq artisti Muhammadsoli Yusupov bilan Fargʻona shahri koʻchalarida birga yursangiz, hamma kulib qarayotganini sezib qolasiz. Bu biroz noqulay, ammo yoningizdagi insonning xalqimiz orasida mashhurligini tushunib yetgach, ushbu holat tabiiy ekanligini anglaysiz.

Bu aktyor dramaturg Sharof Boshbekov asari asosida sahnalashtirilgan “Temir xotin” spektaklidagi Qoʻchqorboy roli orqali mashhurlikka erishgan. M. Yusupovning xotirlashicha, katta tanlov boʻlgan va asar muallifidan bu rolni oʻzi soʻrab olgan.

— Hayotning oʻzi katta teatr, — deydi ustoz sanʼatkor. — Toshloq tumanidagi 15-umumiy oʻrta taʼlim maktabi sahnasida kichik-kichik rollarim bilan tanilganman. Taniqli jurnalist, sinfdosh, partadosh doʻstim Nabijon Sobirov (tajribali jurnalist uzoq yillar mobaynida “Xalq soʻzi” gazetasining Fargʻona viloyati boʻyicha muxbiri sifatida faoliyat koʻrsatgan) bilan tadbirlarda badiiy chiqishlar qilib turardik. Oʻsha yillari respublika televideniyesi orqali har haftaning shanba kuni efirga uzatiladigan “Televizion miniatyuralar teatri”ning reytingi juda baland boʻlib, men Ergash Karimov, Nabijon esa Hasan Yoʻldoshev ijrosidagi parchalarni maktab sahnalarida qoyilmaqom tarzda ijro etardik. Ustozlar, tengdoshlarimiz rosa olqishlashardi.

Toshkent teatr va rassomchilik institutining tayyorlov kursiga oʻqishga kirish uchun 24 oʻringa 120 nafar talabgor kurashib, mazkur guruhga qabul qilindim. Astoydil oʻqidim va 7 nafar abituriyent qatorida talaba boʻldim. Oʻqishdan soʻng bir muddat institutda ham faoliyat olib bordim.

Keyin Fargʻonadagi qadrdon teatrga ishga qabul qilishdi. Bu dargohda koʻplab spektakllarni sahnalashtirib, el-u yurt nazariga tushdik. Ayniqsa, teatrimiz rahbariyatining Sharof Boshbekov kabi mashhur dramaturglar bilan yaxshi munosabatda ekanligi repertuarimizning rang-barangligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etardi. Esimda, bir gal Sharof aka teatrimizga kelib, yangi yozgan “Temir xotin” asarini oʻzi oʻqib berdi. Aktyorlarga obrazlarni tanlash imkoniyati berildi. Pyesadagi Qoʻchqorboy roli yuragimni “jiz” etkizdi. Shu rolni menga berishlarini teatrning tartibiga binoan yozma ravishda bildirdim. Qolaversa, Sharof Boshbekov bilan yuzma-yuz suhbatlashib, bosh rolni ijro etish istagida ekanligimni aytdim. Odatiga koʻra, taniqli dramaturg miyigʻida kulib qoʻydi. Bu aftidan rozilik alomati edi.

Shu tariqa Qoʻchqorboy obrazi menga katta obroʻ-eʼtibor keltirdi. “Temir xotin” spektakli tufayli dastlab mamlakatimiz, keyinchalik Markaziy Osiyo miqyosida oʻtkazilgan festivallarning gʻolibi boʻldik. Menga har ikki anjumanda “Eng yaxshi erkak roli” yoʻnalishida gʻoliblik nasib etdi. Quvonarlisi, “Temir xotin” muallifi Sharof Boshbekovning “Spektakl sahnalashtirilayotganida Qoʻchqorboy obrazini sizning talqiningizda tasavvur qilmagandim. Endi esa ushbu obrazni sizning talqiningizsiz tasavvur qilolmayman”, degan eʼtirofi boʻldi. Ayni kunlarda meni elga mashhur qilgan viloyat teatridagi faoliyatimni yakunlaganman.

Bir necha yillardan buyon Fargʻona ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabida yoshlarga aktyorlik yoʻnalishida saboq berib kelyapman. Shu bois teatrdan ketganim ham bilinmaydi. Yoshlardagi aktyorlikka boʻlgan ishtiyoqni koʻrib, koʻnglim taskin topadi. Kamtarona mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan baxtli insonlar toifasidanman. Hali-hanuz koʻcha-koʻyda, turli uchrashuvlarda qahramonlarimiz ismi bilan murojaat qilish hollari boʻladi. Bundan behad mamnun boʻlaman.

— Oʻtgan yili Fargʻona ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabida tashkil etilgan teatr studiyasida shogirdlarim bilan birga bir necha asarlarni sahnalashtirishga muvaffaq boʻldik, — deydi ustoz sanʼatkor. — Ayni kunlarda ham oʻzbek va jahon adabiyoti durdonalari asosida yangi sahna asarlari ustida ishlayapmiz. Maktabda isteʼdodli yoshlar koʻp. Shu bois shogirdlarimning kelajagidan koʻnglim toʻq, ijodiy yutuqlari koʻp boʻlishiga ishonaman.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?