“Hatto osmon ham chegara emas”: Toshkentda “UniSat 3.0” loyihasining natijalarini eʼlon qilish hamda gʻoliblarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi

23:41 03 Noyabr 2025 Jamiyat
792 0

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Farmoni bilan tashkil etilgan “Oʻzbekkosmos” agentligining eng muhim vazifalaridan biri yoshlar oʻrtasida muhandislik hamda texnologiyalarga boʻlgan qiziqishni uygʻotish, mamlakatda kosmik taʼlimni yanada rivojlantirish va bu borada xalqaro hamkorlikni kuchaytirish hisoblanadi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Shu yilning 4-oktyabr kuni “Oʻzbekkosmos” agentligi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasida “UniSat 3.0” loyihasini amalga oshirdi. Mazkur tadbirda 14 yoshdan 25 yoshgacha boʻlgan 845 nafar qizlar oʻzlari yasagan nanosunʼiy yoʻldoshlarni stratosferagacha uchirishdi.

Bugun, 3-noyabr kuni UNICEF, Tech4Impact nodavlat tashkiloti va Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi Oʻzbekistonda birgalikda amalga oshirilgan UniSat dasturining natijalarini eʼlon qilish va gʻoliblarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Jahon Iqtisodiy Forumining 2025-yilgi “Ish oʻrinlari kelajagi hisoboti”ga koʻra, raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish global mehnat bozorini shakllantiruvchi eng muhim omillardan biridir. Sunʼiy intellekt, katta hajmdagi maʼlumotlar va umuman texnologiya savodxonligi kabi texnologik koʻnikmalarga, shuningdek qayta tiklanadigan energiya manbalari va ekolog-muhandislariga talab ortib bormoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

“Dunyo miqyosida ayollar STEM sohasidagi ishchi kuchining atigi 28 foizini va STEM bitiruvchilarining 35 foizini tashkil qiladi. Oʻzbekistonda bu koʻrsatkich 27 foizdir. Shuning uchun UniSat dasturi shunchaki sunʼiy yoʻldosh uchirishdan koʻra koʻproq maʼnoni anglatadi. Bu orzular, kelajakdagi karyeralar va Oʻzbekistonda ilm-fan rivojiga qoʻshilgan muhim hissalar uchun start maydonidir. UniSat dasturi qiziqishni uygʻotadi, oʻziga ishonchni mustahkamlaydi va ilgari erishib boʻlmaydigan imkoniyatlarga eshiklarni ochadi”, — deydi UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio.

Maʼlumot uchun, UniSat dasturi 2021-yilda boshlangan boʻlib, mazkur loyiha orqali mamlakatimiz boʻylab mingdan ortiq qizlar fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) sohalarida bilim va koʻnikmalarga ega boʻlish bilan bir qatorda jamoaviy ish, notiqlik va vaqtni boshqarish koʻnikmalarini ham rivojlantirishga muvaffaq boʻlgan. Ushbu dasturning 2025-yildagi ishtirokchilarining 58,3 foizini 15-17 yoshdagi qizlar tashkil qilgan.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

“Uchinchi yildirki, UniSat dasturi nafaqat qizlarni nafaqat kosmos, robototexnika va dasturlashni oʻrganishga ilhomlantiradi, balki ularga stratosferada haqiqiy ilmiy tajribalar oʻtkazish imkoniyatini ham beradi. Ishtirokchilarimiz yaratayotgan loyihalar — biologik tadqiqotlardan tortib atmosfera ifloslanishini oʻrganishgacha — yuqori darajadagi bilim va ijodkorlikni namoyish etadi. Biz Oʻzbekistondagi qizlarning fan va texnologiyalar sohasida katta salohiyatga ega ekanligini koʻrmoqdamiz”, — dedi Tech4Impact nodavlat tashkiloti direktori Saida Yusupova.

Ahamiyatli jihati shundaki, UniSat dasturi tarixida birinchi marta nanosunʼiy yoʻldoshlar stratosferada 27 kilometr balandlikka koʻtarildi. Dastur ishtirokchisi boʻlgan qizlar joriy yilda ikkita “3U CubeSat” nanosunʼiy yoʻldoshlarini uchirishdi. Biologik xilma-xillik boʻyicha mutaxassislar bilan birgalikda biologik tajribalar oʻtkazib, harorat, bosim va nurlanish biologic oʻzgarishlarga qanday taʼsir qilishini kuzatib bordi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

“UniSat loyihasi mamlakatimizda nafaqat texnologiyalardan foydalana oladigan, balki ularni yarata oladigan avlod oʻsib kelayotganini koʻrsatdi. UniSat — bu nafaqat sunʼiy yoʻldoshlarni yigʻish va uchirish, balki birinchi navbatda Oʻzbekiston qizlari uchun kosmik sohada oʻz oʻrnini ishonch bilan egallaydigan yangi voqelikni yaratishdir”, — deydi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi direktori oʻrinbosari Muhiddin Ibragimov.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Bugungi taqdirlash marosimda UniSat dasturining birinchi mavsum bitiruvchilari oʻzlarining muvaffaqiyatlari toʻgʻrisida maʼruza qildi. Shuningdek, xususiy sektor vakillari Oʻzbekistondagi qizlar uchun STEM sohasidagi karyerani rivojlantirish salohiyati haqida taqdimot qildi. Mazkur tadbir barcha “UniSat 3.0” dasturi ishtirokchilari va finalchilariga sertifikatlar topshirish bilan yakunlandi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер