“Har toshi tarixdir qardosh diyorning...”

12:48 24 Mart 2025 Madaniyat
851 0

Badiiyat olami

Xabaringiz bor, koʻp yillardan beri “www.xs.uz” saytimizda xalqning maʼnaviy-ruhiy ozuqasi sanalgan, inson qalbini poklash, tafakkur olamini yoritish, orzu-umidlari roʻyobi sari qanot qoqishdek vazifani zimmasiga olgan badiiy soʻz sanʼati sohiblarining bir-biridan goʻzal va mazmundor ijodiy asarlarini yoritib boramiz.

Shu maʼnoda, bugun “Badiiyat olami” ruknida joylanayotgan sheʼr-u hikoyalar koʻpchilikning qalbidan joy olib, maʼnaviy dunyosini yuksaltirishda kamarbasta boʻlmoqda, desak, mubolagʻa emas.

Ruknimizni yanada boyitish maqsadida endilikda qardosh mamlakatlar ijodkorlarning ijodidan ham namunalar berib borishni ham maqsad qildik. Kuni kecha pochtamizga Ozarbayjon Respublikasining “Askar” gazetasi muharriri, mayor Anar Ahmadov oʻzining yurtimizga ulkan mehr-muhabbat bilan yozgan bir qator sheʼrlarini joʻnatibdi. Quyida ulardan ayrimlarini sizga taqdim etmoqdamiz.

BIR KUN BORADIRMAN OʻZBEKISTONGA

Bir kun boradirman Oʻzbekistonga,

Qadim turk yurtiga, qardosh makonga.

Chiqaman undagi eng yuksak togʻga,

Baland qoyalarga, baland choʻqqiga,

Salom deb u yerdan Oʻzbekistonga,

Yoʻllarman mehrimni qardosh oʻlkaga.

Bir kun boradirman Oʻzbekistonga,

Aziz qarindoshim qadim yurtiga.

Sayr etib bir boshdan shaharlarini,

Buxoro, Xiva-yu ham Samarqandni,

Qoʻqonni, Termiz-u ham Fargʻonani,

U aziz, u qadim, goʻzal Toshkentni.

Bir kun boradirman Oʻzbekistonga,

Neʼmatlari darmon totgan har jonga.

Mehmon hayron qolar boqib bu yurtga,

Oʻzin baxtli koʻrar uning qoʻynida.

Oʻxshamas dunyoda hech bir makonga,

Qiyoslashar shu bois gulistonga.

Bir kun boradirman Oʻzbekistonga!

OʻZBEKISTON TARIXI

Oʻqidim necha bor men tarixingni,

Yurakdan oʻrgandim bu turk elini.

Axir qanday sevmay shirin tilingni?

Bemalol anglaymiz bir-birimizni.

Urgan yuragidir u Turkistonning,

Kechmishi shonlidir Oʻzbekistonning.

Baxsh etgan jahonga necha dohiylar,

Olimlar, tabiblar, mutafakkirlar,

Ilmga jon tikkan muborak zotlar,

Sino-yu Navoiy, al-Beruniylar.

Madaniyati boy qardosh diyorning,

Kechmishi shonlidir Oʻzbekistonning.

Mardi tarix yozib qilichlarila,

Vatanni asragan oʻz jonlarila.

Har biri gʻururlanar oʻzbek nomila,

Amir Temurila, bobolarila.

Buyuklar nom qoʻygan ulugʻ diyorning,

Kechmishi shonlidir Oʻzbekistonning.

Sayr-u sayohat et shaharlarini,

Koʻrarsan u mahal goʻzalligini.

Fargʻona, Buxoro, Xiva, Samarqand,

Insonni yayratar muhtasham Toshkent.

Har toshi tarixdir qardosh diyorning,

Kechmishi shonlidir Oʻzbekistonning.

SHAHARLAR SHAHARI, GOʻZAL SAMARQAND

Afrosiyob edi avvalgi noming,

Yoyilgan jahonga shuhrating, shoning,

Tiliga yod boʻlgan qari dunyoning,

Qalbini fath etding sen Botuttaning,

Boqib maftun boʻlgan, ot qoʻymish senga:

Shaharlar shahari, goʻzal Samarqand.

Registon maydoni urib turgan qalbi,

Hammani lol etar madrasalari,

Temurning turbasi, Bibixonim masjidi,

Shohi-zinda atalgan oʻshal maskanni,

Ochigʻi, bunchalik bilmagan edim.

Shaharlar shahari, goʻzal Samarqand.

Oʻzbek qardoshimning oʻt yuragisan,

Olgan nafasisan, koʻrar koʻzisan,

Oʻtmishi, buguni, kelajagisan,

Ulugʻ turk millatin shoh asarisan,

Insonlari goʻzal, suhbatlari qand,

Shaharlar shahari, goʻzal Samarqand.

Koʻrmagan esamda vasf etdim seni,

Suratingla yana jalb etding meni,

Jismimla Bokuni, ruhimla sening

Tez-tez sayr etaman koʻchalaringni.

Devona shoirdek boʻldim senga band,

Shaharlar shahari, goʻzal Samarqand.

Ozarboyjonchadan Rahmat Bobojon tarjimasi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер