Har bir saylovchi — eʼtiborda

Sardor MULLАJONOV - “Xalq so‘zi”
Saylov — 2021
Kecha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan O‘zbekiston Nogironlar jamiyati, O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston Karlar jamiyati va O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha kelishuvni imzolashga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.
Bundan maqsad joriy yilning oktyabrь oyida o‘tkaziladigan Prezident saylovi jarayonida nogironligi bo‘lgan shaxslarni birlashtirgan tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iboratdir.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi Zayniddin Nizamxodjaev mamlakatimizda barcha fuqarolarning, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlarini taʼminlashning huquqiy-tashkiliy asoslari va samarali mexanizmlari umumeʼtirof etilgan xalqaro norma hamda standartlar asosida shakllantirilganini taʼkidladi.
Аytish joizki, bu davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2019 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksida ham mustahkamlangan. Saylov kodeksida nogironligi bo‘lgan fuqarolar o‘zining konstitutsiyaviy huquqi bo‘lmish saylov huquqini boshqa fuqarolar bilan teng va erkin amalga oshirishi uchun zarur sharoit hamda imkoniyatlar yaratishga oid qoidalar o‘zining yorqin ifodasini topgan.
Markaziy saylov komissiyasi saylovlarga tayyorgarlik jarayonida nogironligi bo‘lgan fuqarolarning alohida ehtiyojlariga hamisha jiddiy eʼtibor qaratib keladi.
— Kelishuvning ahamiyati g‘oyatda katta, — deydi Nogironlar jamiyati raisi Komiljon Аbdullaev. — Chunki unda mamlakatimizda barcha fuqaro, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlarini taʼminlashning huquqiy-tashkiliy asoslari mustahkamlangan. Jumladan, Markaziy saylov komissiyasi va Nogironlar jamiyati o‘rtasida imzolangan hamkorlik Kelishuvida ham nogironligi bo‘lgan fuqarolarning milliy saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish hamda qo‘shimchalardan xabardorligini oshirishga qaratilgan ko‘plab vazifalar o‘z ifodasini topgan. Bu, albatta, Prezident saylovi jarayonida nogironligi bo‘lgan shaxslarni birlashtirgan jamiyatlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Markaziy boshqaruvi raisi Ergash Norpo‘latovning aytishicha, Saylov kodeksining tegishli moddasida Saylov byulletenlarini Braylь alifbosi asosida to‘ldirish uchun trafaretlar tayyorlanishi nazarda tutilgan. Bu nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylovda qatnashish huquqini ro‘yobga chiqarish borasidagi eʼtiborning amaldagi yorqin ifodasidir. Hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv nogironligi bo‘lgan saylovchilarning saylov huquqlarini samarali taʼminlashda qo‘l keladi.
Tadbirda qayd etilganidek, ayni kunlarda saylov uchastkalari binosini va ovoz berish xonalarini tanlash va jihozlashda O‘zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligida belgilangan barcha shart-sharoitlarni, xususan uchastka saylov komissiyalarining joylashgan yeri nogironligi bo‘lgan saylovchilarning ovoz berish joyiga kelib-ketishi, binoga kirib-chiqishi, bino ichida harakatlanishi, erkin va to‘siqlarsiz ovoz berishi uchun har tomonlama qulay bo‘lishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, saylov jarayonida saylov uchastkalariga olib boruvchi ko‘rsatkichlar ko‘rinarli joyga o‘rnatilishi, uchastka saylov komissiyasi binosida saylov kuni malakali tibbiyot xodimlarining navbatchiligi tashkil etilishiga eʼtibor qaratiladi.
Saylov komissiyalari tarkibiga ijtimoiy faol nogironligi bo‘lgan shaxslarni kiritish va ularning saylov qonunchiligidan xabardorligini oshirishda har tomonlama ko‘maklashiladi. Saylovoldi tashviqotiga oid teleko‘rsatuvlar imo-ishora tili va subtitr yozuvida berib boriladi.
Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi bilan mazkur tashkilotlar o‘rtasida imzolangan kelishuv nogironligi bo‘lgan saylovchilarning saylov huquqlarini samarali taʼminlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Rahim SHERQULOV
“Xalq so‘zi”
Sardor MULLАJONOV olgan suratlar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda nutq so‘zladi.
- Nodavlat oliy taʼlim muassasalari ustav fondini kamida 2 million AQSH dollari ekvivalentida shakllantirilishi shart – Vazirlar Mahkamasi qarori
- “Jasorat maktablari”ga oʻquvchilarni qabul qilish tartibi belgilandi
- Yetakchilar “Imorat” tarixiy-meʼmoriy majmuasiga bordi
- “Xalq soʻzi” bo'lim muharriri “Oltin qalam” mukofoti sohibi boʻldi
- Xiva shahrida Birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi muvaffaqiyatli yakunlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring