Har bir oʻquvchining oʻz daraxti bor
Foto: “Xalq soʻzi”
Bir niholni ulgʻaytirib, daraxtga aylantirish oson ish emas. Buning uchun unga yillar davomida parvarish, qarov, eʼtibor zarur.

Mirishkor tumanidagi 40-maktab hovlisidagi nihollarning bari birdek rivojlanib, boʻy choʻzib borayotganining boisi esa har bir daraxtning oʻz egasi borligi tufayli ekan.

— Ikki yil avval ushbu nihollarni ekib, har birini bittadan yuqori sinf oʻquvchisiga biriktirib bergan edik, — deydi maktab direktori Abdulla Hamrayev. – Oʻquvchilarni qiziqtirish uchun ularning ism familiyasini maxsus qogʻozchaga yozib, oʻz daraxtiga osib qoʻyganmiz. Aslida biz buni shunchaki oʻquvchilarimizda tabiatga, daraxtlarga mehr uygʻotish uchun qilgandik. Ular esa oʻz daraxtlariga kutganimizdan ham koʻproq mehr berishmoqda. Hatto har kuni oʻz daraxtining yoniga borib, uning rivojlanishini kuzatadigan, daraxtni qanday parvarishlash boʻyicha tajribali bogʻbonlardan maslahat soʻrab keladigan oʻquvchilarimiz ham koʻp.
Taʼkidlash joiz, mazkur maktab 2020-yilda foydalanishga topshirilgan boʻlib, bugungi kunda 116 nafar oʻquvchiga 21 nafar pedagog taʼlim va tarbiya berib kelmoqda. Maktabning umumiy maydoni 3,9 gektarni tashkil etadi. Shundan 0,7 gektarga yaqin qismi obodonlashtirish hududi hisoblanadi. Maktab jamoasi ushbu maydondan unumli foydalanish maqsadida u yerga mevali, manzarali daraxtlar va oziq-ovqat ekinlarini shu qadar tartib bilan ekib parvarishlamoqdaki, kishining koʻrib koʻzi quvonadi.

— Hovliga 206 dona daraxt ekkanmiz, — deydi Abdulla Hamrayev. Ularning 182 tasi mevali, qolgani manzarali daraxtlar. Daraxt oralariga esa har yili oziq-ovqat ekinlarini almashlab ekamiz. Masalan, bahorda kartoshka, pomidor va shu kabi mahsulotlarni ekkan boʻlsak, ularning hosilini olgach oʻrniga ismaloq, shivit, sarimsoqpiyoz, turp, sholgʻom, rediska kabi turli toʻqsonbosti sabzavot va koʻkatlarni ekdik. Ayni paytda barcha ekinlarimiz baravj rivojlanmoqda. Ekinlarni qorovul, xoʻjalik xodimi hamda oʻqituvchilar parvarishlashadi. Shu bois hosilni ham avvalo ularning oʻzlari taqsimlaydi. Bir qismini oʻqituvchilar oladi, kam taʼminlangan oilalarning farzandlariga beriladi, qolgani esa maktab jamgʻarmasiga topshiriladi.

Abdulla Hamrayevning aytishicha, shu yoʻl bilan maktab jamgʻarmasiga ancha-muncha daromad kelmoqda. Bu pul asosan turli bayramlarda faol qatnashgan oʻquvchilarga ragʻbatlantiruvchi sovgʻalar olish uchun ishlatilar ekan. Shuningdek, jamgʻarma mablagʻlari hisobidan oʻquv yili davomida eng faol boʻlgan aʼlochi oʻquvchilarga bir martalik stipendiya ham joriy etilibdi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
- “Yengilmas: Tokioga yoʻl”
- Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida
- Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkazilmoqda (fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring