Har bir oila daromadli
Har bir oila oʻz turmush farovonligini taʼminlashi uchun mamlakatimizda keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, aholining biznes tashabbuslarini moliyalashtirish va ularni barqaror daromad manbaiga ega qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar shuning yaqqol namunasidir.
Birgina Kattaqoʻrgʻonda 30 ta mahallada yil boshida 1 689 ta kambagʻal oila qayd etilgandi. Joriy yilning 10 oyligida 423 ta oila kambagʻallikdan chiqarildi. Buni Kattaqoʻrgʻon shahrining Ingichka qoʻrgʻonidagi Abdulla Qahhor nomli mahalla misolida ham koʻrish mumkin. Mahalladagi hokim yordamchisi tomonidan amalga oshirilayotgan koʻmaklar tufayli aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda.
– “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 30 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit ajratilgandi, – deydi mahallada istiqomat qiluvchi Gulxayo Yorqulova. – Uyda tikuvchilik bilan shugʻullanardim. Mazkur mablagʻ hisobidan 3 ta zamonaviy tikuv uskunalarini xarid qilib, oilaviy tikuvchilik faoliyatini yoʻlga qoʻydim. Oldin oylik daromadim 2–3 million soʻmni tashkil etgan boʻlsa, hozir oyiga 10–12 million soʻm topayapman. Qoʻshimcha sifatida shogirdlar tayyorlash imkoniyati ham yaratildi.
Gulxayo Yorqulovaning faoliyati nafaqat oilasi farovonligiga, balki mahallada ayollar tadbirkorligining rivojlanishiga, xonadonlar iqtisodiy barqarorligining oshishiga va ijtimoiy faollikning koʻtarilishiga hissa qoʻshmoqda. Mahallada yil boshida 94 ta oila kambagʻallik reyestrida qayd etilgandi. Ulardan 5 nafariga 127,5 million soʻmlik ssuda va subsidiya, oʻz tadbirkorligini boshlash istagida boʻlgan 22 nafar fuqaroga 420 million soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratildi.
Mahallada faoliyat yurituvchi “CRYSTAL TEXTIL INVEST” va “SAMKAT MEGA STAR INVEST” MCHJlariga kasanachilik yoʻnalishida 663 million soʻm miqdorida subsidiyalar berildi.
– Koʻp vaqtdan beri ish izlab yurgandim, — deydi Madina Jalilova. — Mahallamizdagi hokim yordamchisi orqali doimiy ishga joylashdim. Oilamiz daromadi oyiga 4 million soʻmga oshdi. Shu korxonada koʻplab mahalladoshlarim ham doimiy ish bilan band boʻldi.
Hozirgi kunda mazkur korxonalarda 67 nafar kambagʻal oila aʼzolari ish bilan taʼminlanib, maxsus kiyim va qoʻlpoq tikish faoliyati bilan shugʻullanmoqda. Tayyor mahsulotlar asosan mahalliy bozorlarga tarqatilib, Rossiya Federatsiyasiga ham eksport qilinmoqda. Qozogʻiston va Qirgʻiziston bilan ham shartnomalar tuzish ustida ishlar olib borilmoqda.
– Aholi bandligi va kambagʻallikni qisqartirishda eng avvalo kambagʻal oilalar daromadini oshirishga eʼtibor qaratilmoqda, – deydi Samarqand viloyati kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi bosh mutaxassisi Nazirjon Tolibov. – Yil boshida 70 mingga yaqin oila kambagʻallik reyestrida edi. Joriy yilda 30 mingdan ziyod oila kambagʻallikdan chiqarildi. 22 mingga yaqin fuqaro doimiy ish bilan taʼminlandi. 23 mingdan ziyod odam tadbirkorlikka jalb etildi. 8 mingga yaqin oilaga kredit va subsidiyalar berilib, 489 nafar xotin-qizlar kasb-xunarga oʻqitildi.
Kattaqoʻrgʻonda olib borilayotgan chora-tadbirlar orqali nafaqat aholi bandligi taʼminlanmoqda, balki har bir oila daromadi oshirilmoqda. Kambagʻallik darajasi sezilarli ravishda kamaytirilmoqda. Bu esa mahallalarda ijtimoiy barqarorlik va iqtisodiy farovonlikni taʼminlashda muhim qadam hisoblanadi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring