Hamjihatlikda hikmat koʻp
Mehnat faxriysi Oʻktam Ravshanov bilan suhbatlashgan kishi qarshisida mahalla faoli turganini darhol his etadi. Xususan, maʼraka-mavridda yurtimizdagi oʻzgarishlardan soʻz ketsa hayot achchiq-chuchugini totgan bu insonning qulfi dili ochiladi.
– Shukr, qayga qaramang bir oʻzgarishni koʻrasiz – deydi u. – Mana, Gʻovshunimizni olib koʻring. Mahallamizdagi Olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashgan maktab – internat binosi 9 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ evaziga yangidan qurildi. Yaqinda nevaralarimiz oʻqiyotgan 49 – maktabdagi shart-sharoitlarni koʻrib shunaqangi havasim keldiki asti qoʻyaverasiz. Bu yerda 330 oʻringa moʻljallangan qoʻshimcha oʻquv binosi barpo etilib foydalanishga topshirildi. Oilaviy poliklinika yangitdan qurilayotganini aytmaysizmi?
– Hamma gap hamjihatlikda, – deydi bunga javoban yana bir suhbatdoshimiz, Gʻijduvon tumanidagi “Gʻovshun” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Hamza Hafizov. – Biz Ikrom Sharopov, Saida Karimova, Suvon Ahmedov, Baxtiyor Hamroyev singari faol nuroniylarimiz bilan hamkorlikda ishlayapmiz. Ular har biri zimmasiga beshtadan ehtiyojmand oilani qoʻllab-quvvatlash, bu xonadonlarning kambagʻallikdan xalos boʻlishiga koʻmaklashish vazifasi yuklangan. Bahamjihat, maslahatlashib ishlashimiz oʻz samarasini berayapti.Bundan ikki – uch yilcha muqaddam hududimizda yuzdan ziyod kambagʻal oila bor edi. “Hayt” degan tuyaga madad, deganlariday,shu yilning fevraliga kelib ular soni 30 taga tushdi.
Raisning bu haqda soʻz ochishi bejiz emas. Mazkur goʻsha tumandagi Beshtova, Qumoq, Sarmijon mahallalari qatori ijtimoiy “ogʻir” mahalla sifatida tanlab olindi. Mahallaga “Yangi Oʻzbekiston” qiyofasini olib kirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.
Manzilli dasturga muvofiq, bu yerda chorvachilik, issiqxona, maishiy va umumiy ovqatlanish yoʻnalishlarida 26 ta loyiha amalga oshiriladi. 100 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratiladi. Ijtimoiy infratuzilma yaxshilanadi. Jumladan, 4 kilometr uzunlikdagi elektr energiyasi tarmogʻi taʼmirlanib, 200 ta simyogʻoch, 2 ta yangi transformator oʻrnatiladi. 2,5 kilometr masofadagi ichki yoʻl asfalt qilinadi. Ariqlar betonlashtiriladi. Mahalliy tadbirkorlar tomonidan non va turli pishiriqlar, tikuvchilik mahsulotlari, toza ichimlik suvi ishlab chiqarish koʻzda tutilgan biznes loyihalar amalga oshiriladi. Tabiiyki, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratiladi. Shuning ortidan yana koʻplab oilalarning qozoni qaynaydi.
– Yaxshi niyat, ezgu maqsadlar bilan yashashga nima yetsin? – deydi mehnat faxriysi Ikrom Sharopov. – Gʻovshunni barcha koʻrsa havas qilgulik goʻshaga aylanishi biz uchun bir shirin orzu edi. Niyatlar ushalmoqda. Mahallamizga chinakamiga “Yangi Oʻzbekiston” qiyofasi, ruhi kirib kelayapti. Bundan xursandmiz, albatta.
Istam IBROHIMOV
(«Xalq soʻzi»).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring